22:59 / 30.06.2023
9873

JSST aspartamni kanserogenlar ro‘yxatiga kiritishni rejalashtirmoqda

Aspartam oziq-ovqat sanoatida shakarning o‘rnini bosuvchi, keng miqyosda ishlatiladigan modda hisoblanadi. 

Foto: Reuters

Oziq-ovqat sanoatida shirinlashtirgich sifatida keng miqyosda ishlatiladigan aspartam moddasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan kanserogen (saraton keltirib chiqaruvchi) deb e’lon qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Reuters yozdi. 

Aspartam turli mahsulotlarda, jumladan, Coca-Cola Diet ichimligi, Mars Extra saqichi va Snapple ichimliklarida shakarning o‘rniga ishlatiladi. 

Iyul oyidan boshlab ushbu shirinlashtirgich Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) tomonidan tuzilgan kanserogenlar (saratonni qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan moddalar) ro‘yxatiga kiritiladi. Aspartam «kanserogen bo‘lishi mumkin» deb tamg‘alanadi. Qoidaga ko‘ra, IARC moddalarni 4 darajada tasniflaydi: kanserogen, ehtimol kanserogen, kanserogen bo‘lishi mumkin va tasniflash imkoni yo‘q. 

Qayd qilish joiz, aspartamni qancha miqdorda iste’mol qilish inson salomatligi uchun zararsiz ekani noma’lum. Bunday xulosa boshqa tashkilot - JSST bilan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining oziq-ovqat qo‘shimchalari bo‘yicha qo‘shma ekspertlar qo‘mitasi (JECFA) tomonidan beriladi. JECFA 1981 yildan beri o‘rtacha 60 kg vaznga ega inson kuniga 12-36 banka diyetik gazlangan ichimlik iste’mol qilsa, xavfli guruhga tushib qolishini ta’kidlab kelayotgan edi. Endi tashkilot bu xulosasini o‘zgartirishi kutilmoqda. 

Nashr xabariga ko‘ra, ko‘p yillik tadqiqotlar davomida sun’iy shirinlashtirgich iste’mol qiladigan odamlarda tabiiy shakarni iste’mol qiladiganlarga qaraganda ko‘proq saraton kasalligi tashxisi qo‘yilgani tasdiqlangan. Sichqonlar va kalamushlarda o‘tkazilgan sinovlar bu farazni tasdiqlagan. 

Mavzuga oid
Top