Kuni kecha Xitoydan O‘zbekistonga yangi logistik koridor orqali ilk yuklar yetib keldi. Syamin portida kemaga ortilgan 39 ta konteyner avvaliga Eronning Bandar-Abbos portiga dengiz orqali, undan temiryo‘lda Turkmaniston orqali O‘zbekistonga kirib keldi.

Shundan kelib chiqib, Kun.uz “Geosiyosat” ruknidagi suhbatlarining navbatdagisini O‘zbekistonning logistika va tranzit imkoniyatlariga bag‘ishladi. Suhbatdoshlarimiz – siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Nargiza Umarova bo‘ldi.

— O‘zbekistonning geosiyosiy va geoiqtisodiy manfaati yuzasidan transafg‘on temiryo‘li qanchalik muhim va bu loyiha istiqboli qanday?

Nargiza Umarova: Buguni kunda O‘zbekiston tashqi logistika aloqalarinini mustahkamlash va yangi transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha chuqur siyosat olib bormoqda. Eng ko‘p aytilayotgan yo‘nalish bu – transafg‘on temiryo‘lidir, ya’ni Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridan boshlanib Pokistonning Peshovor sharidan Gvadar portiga chiqib ketishni nazarda tutadi.

Aslida bu loyihaning birinchi varianti ham bor edi, 2017 yil o‘sha vaqtdagi Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekiston tomoni bilan transafg‘on temiryo‘lini qurishga kelishishgan edi. 2011 yilda Hayratondan Mozori Sharifgacha qurilgan temiryo‘l Hirotga, undan Eronning Haf shahrigacha davom etishi nazarda tutilgandi. Afg‘oniston orqali Eronga olib boruvchi yo‘lning O‘zbekiston qurishi kerak bo‘lgan qismi qurilishi boshlanmay qolgan.

Pokiston orqali o‘tuvchi transafg‘on yo‘nalishida esa asosiy masala – xavfsizlik. “Tolibon” haligacha tan olinmagan, markazlashmagan va bu yo‘nalishni ishga tushirishdagi moliyalashtirish masalalari ham mavjud.

Rasmiylarimiz transafg‘on yo‘lini dengizga chiqish uchun eng yaqin yo‘nalish deyishmoqda, lekin men bunga qo‘shilmayman. Chunki Eronning Bandar-Abbos orqali biz qulay imkoniyatlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Afsuski, so‘ngi yillarda Eron bilan munosabatlarimiz ma’lum sabablarga ko‘ra sustlashdi, lekin yaqinda ikki davlat rahbarlari uchrashuvidan so‘ng loyihalar yana jonlandi.

Kamoliddin Rabbimov: Geografik joylashuv bu davlatning va millatning taqdiri deyishimiz mumkin. Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston ham dunyodagi eng katta qit’a bo‘lmish Yevrosiyoning markazida joylashgan. Vatandoshlarimiz biz Rossiyaning qosh-qovog‘iga qarashga majburmiz deydi. So‘ngi bir yarim asrda Markaziy Osiyoning barcha transport-logistika yo‘nalishlari Rossiyaning izmida edi. Masalan, O‘zbekistonga keladigan yuklarning asosiy qismi Rossiya va Qozog‘iston orqali keladi, hattoki internet kabellari ham shunday. Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston to‘laqonli geosiyosiy mustaqillikka erishish uchun Moskvaning bosim qilish imkoniyatlarini pasaytirishi kerak. Shuning uchun ham mintaqa mamlakatlari transafg‘on yo‘nalishi, Eron, Xitoy yoki Turkiya orqali tashqi dunyoga chiqish imkoniyatlarini tezlashtirish kerak.