22:33 / 03.07.2023
84528

FSB Telegram'dagi trafikni kuzatishni o‘rganib olgan - NYT

Rossiyada Telegram, WhatsApp va Signal kabi shifrlangan platformalarni kuzatib boruvchi dastur ishlab chiqilgan. Dastur maxsus xizmatlarga ilovalar orqali jo‘natilayotgan xabarlarni o‘qish imkonini bermasa-da, foydalanuvchining ilovada qachon, qayerda va kim bilan muloqot qilayotgani haqida axborot berishi mumkin. Bu haqda New York Times o‘ziga sizdirilgan hujjatlarga tayanib xabar tarqatdi.

Foto: Kun.uz

Nashrning yozishicha, Rossiyada messenjerlarning foydalanuvchilarini kuzatuvchi dastur davlat buyurtmasiga asosan ishlab chiqilgan.

Qayd etilishicha, bu haqdagi hujjatlar, sxemalar, yozishmalar va skrinshotlar NYT'ga josuslik texnologiyasini ishlab chiquvchilardan, shuningdek, kiberxavfsizlik ekspertlari, raqamli aktivistlar va RFning raqamli josuslik operatsiyalariga jalb etilgan shaxsdan kelib tushgan.

Dastur yaratuvchilari o‘z mahsulotlarini Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Amerika mintaqalari davlatlariga sotishga urinayotgani aytilmoqda.

Gazetaga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmatlari oxirgi yillarda internetdagi o‘zgacha fikrlovchi insonlarga qarshi instrumentlarning katta arsenalini to‘plagan. Bu borada RF “tez orada Xitoy va Eronni ortda qoldirishi” aytilmoqda. Ukrainadagi urush boshlangach, Rossiya ichkarisidagi tizimga qarshi insonlar bilan kurashish uchun josuslik texnologiyalariga talab va buyurtmalar yanada oshgan.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilgacha qisman milliarder Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan Citadel Group – josuslik texnologiyalarini ishlab chiqish bozoridagi yetakchilardan biri. Bu guruh tarkibidagi MFI Soft kompaniyasi NetBeholder nomli dasturni ishlab chiqqan. Dastur messenjer foydalanuvchisining kim bilan, qachon va qayerda aloqaga chiqayotganini, shuningdek yuborilayotgan xabarga fayl ilova qilingan-qilinmaganini aniqlash imkonini beradi. Shu bilan birga, texnologiya yozishmalar va jo‘natmalarning mazmunini aniqlay olmaydi.

Bundan tashqari, surishtiruvga ko‘ra, NetBeholder ikkita telefonning kun davomidagi joylashuvini kuzatib, ular bir-biriga yaqin kelgan-kelmaganini aniqlashi mumkin. Shuningdek, bu dastur telekommunikatsiya tarmoqlari abonentlarining ma’lumotlaridan foydalangan holda, shaxs qaysi davlatdan yoki RFning qaysi hududidan turib messenjerdan foydalanayotganini aniqlay oladi. Muqaddam bunday ma’lumotni olish uchun rasmiylar messenjerga egalik qiluvchi kompaniyaga so‘rov jo‘natishi kerak bo‘lardi, kompaniya esa so‘rovga ijobiy yoki salbiy javob berishni mustaqil hal qilardi.

Telegram va Signal kompaniyalari, gazeta so‘roviga javoban, ularning ilovalari trafikni yashirish imkoniyatiga ega emasligini ta’kidlagan. Ya’ni bu ilovalar internet provayderdan foydalanuvchi undan foydalanayotganini yashirishga mo‘ljallanmagan. Shu bilan birga, kompaniyalar rasmiy izohida foydalanuvchilar maxfiylikni oshirish uchun ilovalardagi qo‘shimcha funksiyalardan foydalanishi mumkinligi ta’kidlangan.

WhatsApp taqdim etgan rasmiy axborotda esa shaxsiy ma’lumotlarga josuslik qilish shaxsiy hayot daxlsizligini buzishi ta’kidlanib, ilova yaratuvchilari shaxsiy muloqotlarni himoya qilishda davom etishi qayd etilgan.

Top