Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Telegram ilovasining qisqa havolalari butun dunyo bo‘ylab ishlamay qoldi
Whois xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, t.me domeni .me milliy domen zonasi operatori tomonidan DNS zonasidan o‘chirib yuborilgan.
Dunyo bo‘ylab Telegram foydalanuvchilari kutilmagan muammoga duch keldi: t.me formatidagi qisqa havolalar brauzerlarda ochilmay qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu messenjerdagi nosozlik yoki regulyatorlarning harakatlari bilan emas, balki domening o‘zi DNS darajasida bloklangani bilan bog‘liq.
Whois xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, t.me domeni .me milliy domen zonasi operatori tomonidan DNS zonasidan o‘chirib yuborilgan va serverHold maqomini olgan. ICANN (Internet Corporation for Assigned Names and Numbers) hujjatlariga muvofiq, bu maqom domening DNS tizimidan chiqarib tashlanganini anglatadi. Bundan tashqari, domenga uni boshqa joyga o‘tkazish, o‘zgartirish, o‘chirish va hatto muddatini uzaytirishni taqiqlovchi cheklovlar qo‘yilgan.
Shu sababli t.me ko‘rinishidagi havolalar endi oddiy brauzerlarda ochilmayapti. Agar ayrim foydalanuvchilarda ular hamon ishlayotgan bo‘lsa, bu internet-provayder yoki brauzerda DNS-kesh hali yangilanmagani bilan izohlanadi. Vaqt o‘tib, bunday havolalar barchada ochilmaydigan bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, Telegram odatdagi tartibda ishlashda davom etmoqda. Mobil va desktop ilovalarda havolalar bo‘yicha o‘tishlar messenjerning ichki mexanizmlari yordamida qayta ishlanadi, shu bois ular to‘liq ishlayveradi.
Telegram jamoasi havolalarni qayta ishlash tartibini o‘zgartirib, t.me o‘rniga telegram.me formatidagi manzillardan foydalanishga o‘tdi. Bu messenjer havolalarini brauzerda qayta ochish imkonini berdi, biroq ayrim sahifalarning mazmuni hali ham yuklanmayapti, chunki ular bloklangan domenga bog‘lanib qolgan.
Hozircha Telegram yoki .me domen zonasi operatoridan rasmiy bayonot kelib tushgani yo‘q. Operator Chernogoriya hukumati tomonidan tashkil etilgan doMEn kompaniyasidir. Hozircha bloklash sabablari noma’lum, biroq buning domen zonasi operatori va Telegram o‘rtasidagi huquqiy masalalar bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli istisno etilmaydi. Bu taxminning tasdig‘i yo‘q.
Ayni paytda tashqi resurslarda havolalarni joylashtirish uchun vaqtinchalik muqobil sifatida telegram.me formatidagi manzillardan foydalanish tavsiya etiladi.
Mavzuga oid
18:33 / 13.07.2026
Bigme ikkita ekranli HiBreak Dual 2 smartfonini taqdim etdi
21:51 / 08.07.2026
iPhone 18 Pro yangi kamera va akkumulyator tufayli sezilarli darajada qalinlashadi
21:19 / 06.07.2026
Nokia sun’iy intellektga ega tugmali telefonlarni taqdim etdi
20:00 / 03.07.2026