Ikkinchi kotiblar oldiga ikkita asosiy vazifasi belgilab beriladi: kadrlar siyosatini yuritish hamda respublikani baynalmilallashtirish. Mazkur ikki vazifani amalga oshirishga to‘sqinlik qilgan respublikalarning siyosiy rahbarlari markaz tomonidan turli usullar orqali jazolangan. 

Roman Melnikovning O‘zbekistonga kelishi

20 asrning 50-yillarida eng yuqori lavozim – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi sifatida 5 nafar shaxs siyosiy rahbarlikni amalga oshirgan. Bu Sovet davlati mavjud bo‘lgan yillarda eng ko‘p rahbar almashgan davr hisoblanadi. Dastlab, 1950 yil aprel oyida Usmon Yusupov markazga ishga o‘tkazildi. Ikkinchi jahon urushi yillari va undan keyingi tiklanish davrida O‘zbekistonni boshqargan ushbu arbob xalq orasida katta obro‘ga ega edi.

1950-1955-yillarda Amin Niyozov, 1955-1957-yillarda Nuriddin Muhitdinov, 1957-1959-yillarda Sobir Kamolov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimida ishlagan. Ushbu “taxtlar o‘yini”ga Sharof Rashidov barham berdi hamda respublikani eng uzoq vaqt – 24 yil davomida boshqardi.

Mazkur siyosiy o‘zgarishlarga O‘zbekiston SSRning o‘sha vaqtlardagi ikkinchi kotibi, aniqrog‘i “parda ortidagi rahbari” Roman Yefimovich Melnikovning ta’siri katta bo‘lgan.  

Moskva oblastining Uvarovo rayonidagi Sinichkino qishlog‘ida tug‘ilgan Roman Melnikov 41 yoshida, 1949 yilning boshida VKP(b) Markaziy Komitetning O‘zbekiston SSR bo‘yicha Vakilining o‘rinbosari etib tayinlanadi. Markaziy Osiyoning eng yirik, muhim siyosiy nuqtasi bo‘lgan O‘zbekistonga Moskva tomonidan biriktirilishi uning naqadar muhim, ishonchli va partiya manfaatlariga “sodiq” xizmat qiladigan inson bo‘lganidan dalolat edi.

Roman Melnikov va Usmon Yusupov

Melnikov 1949 yilning noyabr oyida O‘zbekistonga Markaziy Komitetning ikkinchi kotibi sifatida yuborilgan. Unga O‘zbekiston SSRda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan muhim vazifa va missiyalar, jumladan O‘zbekistondagi siyosiy elita faoliyatini qattiq nazoratga olish topshirilgandi.

Roman Melnikov O‘zbekistonga kelganida respublikaning birinchi siyosiy rahbari Usmon Yusupov bo‘lgan. U O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimini 1937 yildan buyon egallab kelar, Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda respublikada ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirgan edi. Usmon Yusupov rahbarligi yillarida O‘zbekiston kommunistik partiyasi a’zoligiga yangi mahalliy nomzod kadrlarni qabul qilish ishlari jadallashgan. Respublikada amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilishlar, obodonlashtirish ishlarida Usmon Yusupovning tashabbuslari katta edi. Bularning barchasi o‘zbek xalqi orasida uning nufuzini oshirgandi. Qolaversa, Usmon Yusupovning Stalin bilan aloqalari yaxshiligi Markaziy Komitetning ikkinchi kotibi sifatida endigina ish boshlagan Roman Melnikovga xush kelmaydi. Sababi, Usmon Yusupov kabi o‘z so‘zi va nufuziga ega bo‘lgan rahbarning mavjud bo‘lishi Melnikovning erkin faoliyat yuritishi hamda respublikaning ichki ishlariga bemalol aralashishiga xalaqit berardi. Shu tufayli, Usmon Yusupovning siyosiy hokimiyatdan, qolaversa, butunlay O‘zbekistondan uzoqlashtirilishi eng avvalo ikkinchi kotibning xohish va istaklariga mos edi.