11:17 / 08.07.2023
6353

Chexiya bosh vaziri: Ukraina kelajagi - Yevropa Ittifoqi va NATOda

Praga Kiyevni jangovar vertolyotlar bilan ta’minlaydi va ukrainalik uchuvchilarni F-16 samolyotlarida tayyorlashga yordam beradi, dedi Chexiya bosh vaziri. Zelenskiy uzoq masofali qurollarni olish zarurligini ma’lum qildi.

Foto: Reuters

Ukraina kelajagi - Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishda. Bu haqda 7 iyul, juma kuni Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Pragada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng aytib o‘tdi. 

Fialaning qo‘shimcha qilishicha, Praga 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitda Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini qo‘llab-quvvatlaydi. 

Chexiya Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Kiyevni faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, Fiala bu yordamni yanada oshirishga, jumladan, ko‘proq jangovar vertolyotlar yetkazib berishga va’da berdi, deb xabar qilmoqda Reuters. 

«Chexiya yana bir nechta jangovar vertolyotlar va yuz minglab yirik kalibrli o‘q-dorilar bilan ta’minlaydi», — deya Fiala so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP. 

«U, shuningdek, ukrainalik uchuvchilarni tayyorlashga yordam beradi, jumladan, F-16 samolyotlarida ham. Bundan tashqari, Ukrainada mashg‘ulotlar uchun parvoz simulyatorlarini yetkazib beradi», deb ta’kidladi vazirlar mahkamasi rahbari. 

2022 yil fevralida keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlaganidan beri Chexiya Ukrainaga 676 dona og‘ir qurol va to‘rt million dona o‘rta va yirik kalibrli o‘q-dorilar yubordi, dedi Fiala. 

Chexiya vazirlar mahkamasi rahbari, shuningdek, YeI davlatlari muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainani tiklashga yordam berish imkoniyatini muhokama qilayotganini qo‘shimcha qilib o‘tdi. 

«Ham huquqiy, ham boshqa nuqtayi nazardan bu murakkab mavzu, lekin muzlatilgan aktivlardan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanish uchun intensiv muzokaralar olib borilmoqda», dedi Fiala.

Top