Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Ibitsa-geyt»: Avstriya korrupsiyaga qarshi qonunlarni kuchaytiradi
Islohotda pora evaziga saylovlarda g‘alaba qozongan siyosatchilar uchun qamoq jazosi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, tanqidchilar qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarning kamchiliklarini ko‘rsatmoqda.
Avstriya parlamenti «Ibitsa-geyt» deb nomlanuvchi shov-shuvli janjaldan bir necha yil o‘tib, korrupsiyaga qarshi qonunlarni kuchaytirdi. 7 iyul, juma kuni qabul qilingan tuzatishlar to‘plamiga ko‘ra, pora bergan yoki olgan, keyin esa saylovda muvaffaqiyatli qatnashgan har qanday shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi. Islohot 1 sentabrdan kuchga kiradi va mandatni «sotib olish» uchun qamoq jazosini nazarda tutadi.
Ayni paytda, ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, Avstriya qonunchiligidagi o‘zgarishlar yetarlicha chuqur emas. Xususan, Transparency International nohukumat korrupsiyaga qarshi xalqaro tashkilotining fikricha, o‘zgartirishlarga qaramay, Avstriyada turli xizmatlar evaziga davlat amaldorlariga yaqin tashkilotlarga xayriya qilish mumkin bo‘ladi.
«Ibitsa-geyt» deb nomlangan mojaro 2019 yilning may oyida Avstriyada avj oldi va kuchli siyosiy norozilikka sabab bo‘ldi. Ispaniyaning Ibitsa orolidagi villalardan birida yashirin kamera tomonidan olingan video keng tarqaldi. Unda Avstriyaning o‘sha paytdagi vitse-kansleri bo‘lgan Xayns-Kristian Shtraxe 2017 yilda mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari arafasida go‘yoki «rossiyalik oligarxning jiyani»ga uning saylov kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash evaziga davlat shartnomalarini va’da qilgani tasvirlangan.
Videoning e’lon qilinishi Avstriya siyosatchilariga qarshi ko‘plab tergovlarning boshlanishi, Shtraxening shartli qamoq jazosiga hukm qilinishi, shuningdek, 2021 yilda Avstriya federal kansleri Sebastyan Kursning iste’foga chiqishiga sabab bo‘ldi. AFP agentligiga ko‘ra, Kurs korrupsiya va yolg‘on ko‘rsatma berganlikda gumonlanib, hali ham tergov ostida bo‘lib turibdi.
Mavzuga oid
10:15 / 29.06.2026
Avstriyaning ikkinchi yirik shahri kommunistlarga ovoz berdi
08:51 / 04.06.2026
Germaniya fuqaroligini olgan chet elliklar soni rekord darajaga yetdi
19:52 / 03.06.2026
Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan uchrashdi
22:50 / 01.06.2026