Jahon | 09:35 / 10.07.2023
10894
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya prezidenti: Rossiya bilan munosabatlar «laganbardorlik» bo‘lmagan

Ukraina urushi boshlanishidan oldin Germaniya Yevropada Rossiyani o‘z ichiga olgan xavfsizlik arxitekturasini yaratishga harakat qildi va bu yondashuv sodda pozitsiya emas edi, deya ta’kidladi Germaniya prezidenti. 

Foto: Jann Höfer/ZDF/dpa/picture alliance

Ukraina urushi oldidan Germaniyaning Rossiyaga munosabati «laganbardorlik» yoki «soddalik» bo‘lgan degan tushuncha noto‘g‘ri va «vaziyat buning aksi» ekanini ko‘rsatdi, dedi Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 9 iyul, yakshanba kuni ZDF telekanaliga bergan intervyusida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi keng ko‘lamli harbiy harakatlar oldidan Germaniya ham boshqa ko‘plab davlatlar singari Yevropada umumiy xavfsizlik arxitekturasini qurish uchun Moskva bilan hamkorlik qilishga uringan va o‘sha paytda bu g‘oya Rossiyani ham o‘z ichiga olgan. «Oxir-oqibat, bu ish bermadi. Va biz muvaffaqiyatga erisha olmadik», dedi siyosatchi va kelajak uchun xulosa chiqarishga chaqirdi. 

«Bu, afsuski, kelajakda Yevropada Rossiya bilan umumiy xavfsizlik bo‘lmaydi degani va biz o‘zimizni bir-birimizdan himoya qilamiz – mudofaa budjetlari uchun katta xarajatlar bilan», — dedi Germaniya prezidenti. 

Xuddi shu intervyuda Germaniya prezidenti AQShning Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berish haqidagi qaroriga izoh berdi. Shtaynmayyer Germaniyaning kassetali o‘q-dorilarni taqiqlashini to‘g‘ri deb bilishini ta’kidladi va 2008 yilda Osloda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari sifatida kassetali o‘qlar bo‘yicha konvensiyani imzolaganini ta’kidladi. Biroq, siyosatchining fikricha, «hozirgi vaziyatda» Berlin Vashington ishiga aralashmasligi kerak. 

Mavzuga oid