O‘zbekiston | 13:02 / 10.07.2023
9110
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Putin, To‘qayev va Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekistonning saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovidagi g‘alabasi munosabati bilan tabriklar qabul qilyapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xususan, Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Rossiya yetakchisi davlat rahbarini saylovda qozonilgan ishonchli g‘alaba bilan qutladi. Alohida ta’kidlanganidek, ovoz berish natijalari O‘zbekistonda mamlakatni yanada jadal rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar siyosati xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Yetakchilar o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tovar ayirboshlash sur’atini davom ettirish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida to‘xtaldi. Davlat rahbarlari ishbilarmonlar va hududlar darajasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, faol gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ko‘rsatib o‘tdi. Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan ham telefon orqali muloqot qildi.

Qozog‘iston rahbari O‘zbekiston yetakchisini prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan qutlab, unga yangi muvaffaqiyatlar, farovonlik va ravnaq tiladi.

O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yanada ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti O‘zbekiston rahbarini kuni kecha mamlakatda bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan qutladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Mavzuga oid