«Tuya go‘shtini yegan» qurilish. Toshkentda yana bir «novostroyka» xaridorlariga topshirilishi kechikmoqda
Poytaxtda fuqarolar yangi turar joy majmualaridan kvartira sotib olishda aldangan yoxud o‘z vaqtida uy-joyga egalik qilolmayotganiga oid muammolar ko‘p uchramoqda. Afsuski, bu kabi holatlar hali-beri tugaydiganga o‘xshamaydi, aftidan poytaxt “novostroyka” muammolari o‘chog‘iga aylangan ko‘rinadi.
Tahririyatimizga Toshkentning Yakkasaroy tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasi 22-avtoturargoh o‘rnida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan kvartira olish uchun shartnoma qilgan bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular “Avtomotohavaskor Orlanda” MChJ bilan 2020 yilda shartnoma qilishgan. Shartnomada qurilish ishlari 2021 yilning 31 dekabrigacha tugallanib, uy foydalanishga topshirilishi kerakligi qayd etilgan bo‘lsa-da, murojaatchilar pudratchi shartnoma shartlarini bajarmayotgani, har safar turli bahonalar bilan qurilish ishlarini oxiriga yetkazmay kelayotganini aytishmoqda.
“Avtomotohavaskor Orlanda” MChJ bilan hali qurilmagan kvartirani sotib olish uchun birinchilardan bo‘lib shartnoma tuzganman. Oldi-sotdi shartnomasining 1-bandiga muvofiq uy narxining bir qismini boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lab, qolgan qismini 24 oy davomida uzdim. Bir yil avval kvartira pulini to‘liq to‘lab bo‘lganman.
Shartnoma bo‘yicha uy 2021 yil 31 dekabrga topshirilishi kerak edi, lekin oradan 1 yil 6 oy o‘tdi hamki kvartirani topshirmadi. Shu yil mayda qurilish firmasi rahbari avgustgacha uylarimiz foydalanishga topshirilishiga va’da bergan, ammo bu ham bajarilmadi. O‘zim oilam bilan ijarada yashayapmiz. Uy aytilgan muddatda foydalanishga topshirilmagani uchun ikki karra xarajatga tushyapman, deydi murojaatchilardan biri.
“Obekt pasportida bu yerda 208 ta xonadonli 9 qavatli turar joy majmuasi qurilishi qayd etilgan. Umumiy qurilish maydoni 2576,4 metr kvadrat. Qurilishga 2019 yilning 5 iyun kuni ruxsat olingan. Kvartiralar sotuvi 2020 yilning boshida boshlangan.
Hamma bilan turli vaqtda shartnoma qilingani uchun hujjatlarda uylarni foydalanishga topshirish muddati har xil. Bu uy qiymatining katta qismi 24 oy davomida foizsiz bo‘lib to‘langani bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, eng oxirgi shartnomaga qaralganda ham pudratchi qurilishni topshirishga kechikayotganini ko‘rish mumkin. Ahvol shu zaylda davom etsa yil oxirigacha ham uylarimizni olishimizga ko‘zim yetmayapti. Ikki yuzdan ortiq odam uyi bitsa, ko‘chib kirish uchun kun sanayapti. Qayerga bosh urib borishni bilmayapmiz”, deydi boshqa bir murojaatchi.
“9 qavatli bino ko‘tarilgan bo‘lsa-da, ko‘p kvartiralarni bir-biridan ajratib turuvchi devorlar yo‘q. Hali birorta kvartiraga eshik o‘rnatilmagan. Lift oktyabrda o‘rnatilar ekan. Sanayversak, bunaqa kamchiliklar juda ko‘p.
Biz “Avtomotohavaskor Orlanda” MChJ bilan shartnoma qilgan bo‘lsak, qurilish “Strong Edifice” MChJga topshirilgan. Pudratchi biz bilan uchrashuvda har safar turli bahonalar bilan qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib kelmoqda.
Qachon uylarimizga ko‘chib kiramiz-u, qachon kadastrli bo‘lamiz, hech kim bilmaydi. Xudo biladi bungacha yana qancha vaqt ketadi, nazorat organlari vaziyatga mutlaqo befarq. Pudratchi hammayam uy pulini to‘liq to‘lamaganini aytyapti. Biz shartnoma bo‘yicha majburiyatimizni to‘liq bajargan bo‘lsak, nima uchun boshqalarni deb aziyat chekishimiz kerak. Shahar bedarvoza emas-ku axir”, deydi yana bir xaridor.
Ma’lum bo‘lishicha, xonadon sohiblari 8 iyul kuni ham qurilish maydoniga borishgan va pudratchi tashkilot rahbari bilan uchrashishgan. Uchrashuvda pudratchi to‘rtta pod’yezd tayyor ekani, kanalizatsiya, sovuq suv va gaz trubalari o‘tkazilgach, ushbu kvartiralarga eshik o‘rnatib, 10 iyul – dushanba kunidan uy to‘lovini to‘liq to‘lab bo‘lgan fuqarolarga taqsimlab berilishi, shundan so‘ng bemalol uy ichida qurilish boshlash mumkinligini va’da qilishgan.
Biroq 10 iyul kuni pudratchi yana so‘zidan tongan. Endi u uyni oktyabrda foydalanishga topshirishi, ungacha bitgan kvartiralarning ham kalitini hech kimga bermasligi, hamma o‘z xonadonini oktyabrdan keyin ta’mirlashni boshlashi mumkinligini aytgan.
“Kelishuvga ko‘ra, uylarimiz “korobka” holatida topshirilishi kerak. Ya’ni kvartiralarning xonalari g‘isht urib, bo‘lib beriladi hamda xonadonlarimizga elektr, gaz, suv, kanalizatsiya o‘tkaziladi. Shundan so‘ng uyning ichki qismini o‘zimiz ta’mirlab olishimiz kerak edi. Har safar boshqa-boshqa muddatni aytavergani uchun pudratchiga ishonchimiz yo‘qolgan. Andisha qilib shu paytgacha sabr qildik, lekin “AZIYA INVEST FAVORIT” MChJ bilan bo‘lgan voqeadan keyin biz ham chuv tushib qolishdan cho‘chiyapmiz. Hukumat komissiyasi faqat “Izzat” turar joy majmuasinigina emas, balki pudratchining qop-qop va’dalariga ishonib aldanib yurgan biz kabi barcha fuqarolarning dardini eshitishsa yaxshi bo‘lardi”, deydi shaxsi sir qolishini so‘ragan xaridorlardan biri.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Avtomotohavaskor Orlanda MChJ quruqlik transporti sohasidagi xizmatlarga va Strong Edifice MChJ esa turar joy xizmatlariga ixtisoslashgan. Har ikki firmaning ta’sischilari ro‘yxatida bir xil odamlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, ustav foni 8,2 mln deya ko‘rsatilgan Avtomotohavaskor Orlanda MChJ Abdulahad Hamdamov hamda Bobirjon Esanov tomonidan teng ulushda ta’sis etilgan.
Xuddi shu shaxslar 174,2 mln so‘m ustav fondga ega Strong Edifice MChJ ta’sischilari hamdir. Faqat bu yerda Abdulahad Hamdamov kompaniyaning 50 foiziga, Bobirjon Esanov esa 25 foiziga egalik qiladi. Qolgan chorak ulush Qodirjon Yoqubov ism-sharifli fuqaroga tegishli. Har ikki firmaga Usmon Odilov rahbar hisoblanadi.
Kun.uz murojaatchilarning savollariga Usmon Odilovdan javob oldi.
“Qurilish cho‘zilishiga avvalo karantin cheklovlari sabab bo‘ldi. Undan keyin eshiklarni Rossiyadan buyurtma qilganmiz, u yerda karantin bo‘lib qoldi. Liftlarni Turkiyaga buyurtma qilganmiz. Undan keyin yangi qurilgan uylarning ustiga quyosh batareyalari o‘rnatish bo‘yicha yangi talab joriy etildi. Shuni qanday o‘rnatish kerakligini aniqlash uchun ishlarni to‘xtatib turishga majbur bo‘ldik. Shularning hammasi yig‘ilib qurilish kechikishiga olib keldi.
Kvartiralarning xonalari orasidagi devorlarni 1 sentabrgacha tiklab, har bir xonadonning eshigini o‘rnatib beramiz. Avvalroq 1 avgustda topshiramiz deb aytgandik, ammo g‘isht uradigan quruvchilar devorlarni qiyshiq urib qo‘yishgani uchun ularni haydab yubordik. Ularning ustida doim nazorat qilib turolmaymiz. Hozir boshqa quruvchilar ishlashyapti. Avgustning oxirigacha aytilgan ishlarni tugatishga bemalol ulguramiz.
Uylarning ichidagi suv, gaz, elektr energiyasi, kanalizatsiya trubalarini o‘tkazishni oktyabrgacha yakunlaymiz va davlat komissiyasiga uyni qabul qilib olish uchun topshiramiz. Ularni shahar tarmog‘iga ulash bino qabul qilib olingandan keyin amalga oshiriladi. Hozir bu jarayonlar elektronlashgan va oldingiday ko‘p vaqt olmaydi. Kadastr masalasida ham xaridorlar xotirjam bo‘lishsin.
To‘g‘ri, qurilishni tugatish muddati bir necha marta o‘zgardi. Buni tan olamiz. Lekin hech kimni aldayotganimiz yo‘q. Agar faoliyatimizda zarracha qing‘irlik bo‘lganda allaqachon bizga nisbatan chora ko‘rilib, ishimiz to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lardi. Xudo xohlasa 1 avgustgacha kvartiralarning kaliti egalariga topshiriladi. Firma rahbari sifatida ishontirib aytamanki, 20 kun ichida hamma ishni tugatamiz”, deydi Usmon Odilov biz bilan suhbatda.
Mavzuga oid
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024