Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Qrim ko‘prigining portlatilishiga aloqadorligini tan oldi
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning so‘zlariga ko‘ra, Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi ko‘prikka zarba rossiyaliklarning logistikasini buzish uchun qilingan.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar 2022 yil oktyabr oyida Qrim ko‘prigiga qilingan hujumni Ukraina Qurolli kuchlarining muvaffaqiyatli amaliyotlari qatorida qayd etdi. Bu haqda uning 8 iyul, shanba kuni ommaga e’lon qilingan Telegram’dagi xabarida aytilgan.
Ukraina urushining asosiy voqealarini sanab o‘tib, u o‘z postida, xususan shunday yozdi: «500 kunlik keng ko‘lamli urush! Biz Kiyev viloyati va Shimoliy Ukrainani ozod qilganimizga 462 kun (...) «Moskva» kreyserini cho‘ktirib yuborganimizga 451 kun bo‘ldi. 273 kun oldin rossiyaliklarning logistikasini buzish uchun Qrim ko‘prigiga birinchi zarba berilgan».
2022 yil 8 oktyabr kuni ertalab soat 6 da yuk mashinasi Taman yarimoroli tomondan Qrim ko‘prigining avtomobil qismida portlab ketdi. Ayni vaqtda, Krasnodar o‘lkasi tomon harakatlanayotgan ko‘prikning temiryo‘l qismida bo‘lgan poyezdda yettita yonilg‘i baki yonib ketgan. Ko‘prikning ikkita avtomobil qismi qulab tushdi, natijada to‘rt kishi halok bo‘ldi. Rossiyada hodisa natijasida terakt bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Ukraina rasmiylari hozirgacha Qrim ko‘prigidagi portlashga aloqadorligini rad etib kelgan. Shu tariqa, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy voqea Rossiya harbiylari va maxsus xizmatlari o‘rtasidagi mojaro oqibati bo‘lganini aytgandi. «Men bilishimcha, biz bunga aniq buyurtma bermaganmiz», dedi Ukraina davlat rahbari 2022 yil oktabr oyida Kanadaning CTV telekanali jurnalistlari bilan suhbatda.
Shu bilan birga, Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») rahbari Vasiliy Malyuk may oyida bergan intervyusida amaldagi qonunchilik va urush odatlari Ukrainaga Qrim ko‘prigiga zarba berishga imkon berishini ta’kidladi. «Bu logistika marshruti bo‘lganini hisobga olib, biz dushmanning yo‘lini to‘sishimiz shart edi, ma’lum chora-tadbirlar amalga oshirildi», dedi u.