Jamiyat | 18:54 / 10.07.2023
22277
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda Spark va Matiz chuqurga tushib ketdi. Bunga nima sabab bo‘ldi?

Qurilish maydonida yer ko‘chish hodisasi kuzatilgan. Natijada o‘pirilgan hudud ustida turgan avtomobillar yangi binoning poydevori uchun qazilgan xandaqqa tushib ketgan.

8 iyul kuni taxminan soat 12:00 larda Toshkent shahrining Yunusobod tumani Niyozbek yo‘li ko‘chasida qurilayotgan yangi binoning poydevori uchun qazilgan handaqning bir chetida yer o‘pirilish hodisasi sodir bo‘ldi. Natijada handaq chetidagi yo‘lda turgan Matiz va Spark rusumli avtomobillar handaq ichiga tushib ketgan.

Hodisa to‘g‘risida FVVga xabar kelib tushmagan. Tarqalgan xabar yuzasidan voqea joyiga shahar va tuman FVB xodimlari chiqib, o‘rganish ishlarini olib borishgan. Avtomobillar maxsus texnika yordamida handaqdan chiqarib olingan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Foto: FVV matbuot xizmati

Aniqlanishicha, xandaqning yon qismidan, ya’ni mahalla yo‘lidan ichimlik suvi quvurlari o‘tgan bo‘lib, ularda yoriqlar yuzaga kelgan. Oqibatda suv sizib chiqib, tuproqning namligi oshgan. Shu sababli handaqda tuproq zichlovchi texnika ishlagan vaqti yer qatlamining yumshagan qismida yer ko‘chish holati yuzaga kelgan.

Foto: Kun.uz

Ma’lum bo‘lishicha, hududga mas’ul inspektor tomonidan buyurtmachi va loyihachi tashkiloti vakillari loyihasini ishlab chiqmagunga qadar xandaqda qurilish ishlarini to‘xtatib turish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Tuproq o‘pirilishi sodir bo‘lgan yo‘l har tomondan himoya to‘siqlari bilan yopib qo‘yilgan.

Mavzuga oid