O‘zbekiston siyosiy tizimi xuddi Markaziy Osiyodagi yoki Turkiy davlatlar hamjamiyatidagi qo‘shnilari kabi tadrijiy va barqarorlik siyosiy modelini davom ettirishga qaror qildi.
Odatda siyosiy tahlilchilar barqarorlik modelini idealistik liberal islohotlardan farqli yoki ancha teskari siyosiy model sifatida ko‘radi. Bu bilan O‘zbekiston qo‘shni davlatlar, misol uchun, Qozog‘iston, Turkiya yoki Ozarboyjon kabi o‘zining yaqin ittifoqchilari yoki qo‘shnilaridan farqlanmaslik borasida qaror qabul qilgani ko‘rinib turibdi.
Bu idealistik siyosiy islohotlar, idealistik va intensiv islohotlar yo‘li emas, imkon qadar ongli, o‘ylangan va nazorat qilingan taraqqiyot modeli deyish ham mumkin. Boshqacha aytganda avtoritar boshqaruv modeli.
Bunday avtoritar modelning ijobiy tomonlari ham bordir. Lekin uning o‘ziga xos muammoli taraflari albatta bo‘ladi. 2016 yilga qadar qattiq avtoritarizm davrini yashab o‘tdi va ikkinchi ma’muriyat bu davrga nisbatan turg‘unlik davri va muammolarni konservatsiya qilish, yopish davri deb baho bergani barchaga ma’lum.
Endi 2023 yildan boshlab, keyingi yetti yillikda O‘zbekiston davlatchiligida siyosiy tizimning tabiatidan kelib chiqib, siyosiy o‘yin qoidasidan kelib chiqib qanday muammolar bo‘lishi mumkin va mana shu muammolarni yechish uchun qaysi nuqtalarga e’tibor berish kerak degan savol paydo bo‘ladi.
Mening nazarimda, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy sohada kamida beshta muammoga yoki beshta yo‘nalishga alohida e’tibor berishi kerak.
Birinchisi – so‘z va fikr erkinligi hamda tashabbusini O‘zbekiston ichida ushlab turish, ushlab qolish vazifasi. 2005-2016 yillar mobaynida O‘zbekistonga daxldor eng muhim xabarlar, fikrlar, loyihalar, g‘oyalar – xorijda aytildi. Axborot borasida O‘zbekistonda «rasmiy» va «norasmiy» maydon shakllanib ulgurgan edi. Jamoatchilik, jumladan, siyosiy elitaning o‘zi ham tashqi dunyodan tarqatilayotgan xabarlar bilan oziqlanar, tafakkurini shakllantirar edi. Davlat axborot borasida tashabbusni to‘liq qo‘ldan chiqargan edi. Natijada O‘zbekiston davlatchiligining legitimligi, ijtimoiy barqarorlik indikatorlari, siyosiy rivojlanish vektorlari tashqi dunyo tasarrufida edi.
So‘z erkinligini ta’minlash – shunchaki siyosiy iroda bilan hal bo‘lmaydi. So‘z erkinligini ta’minlash uchun jamiyatdan sizib chiqadigan muammolarni anglaydigan va ularga yechim topa oladigan boshqaruv sinfi kerak bo‘ladi. Ya’ni so‘z erkinligi ma’muriy-siyosiy erkinliklarni taqozo qiladi.















