Jahon | 20:00 / 12.11.2025
6783
7 daqiqa o‘qiladi

"Ibrohim kelishuvlari" va Qozog‘iston: yangi yo‘nalishmi yoki diplomatik ramz?

Yaqinda Vashingtonda o‘tgan “S5+1” sammitida Qozog‘istonning “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishi haqida e’lon qilindi. Bu qaror mintaqa geosiyosiy muvozanatiga ta’sir qiladimi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida kelishuvning mohiyati, AQShning maqsadlari va Qozog‘istonning bu loyihadagi o‘rnini tahlil etadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yaqinda Vashingtonda Markaziy Osiyo besh davlat rahbarlari va AQSh Prezidenti Tramp ishtirokidagi “S5+1” sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu sammitda aytilgan eng muhim yangiliklardan biri, bu “Ibrohim kelishuvlariga” Qozog‘istonning qo‘shilishi bo‘ldi. Xo‘sh, “Ibrohim kelishuvlari” nima, uning asosiy maqsadi va vazifalari nimalardan iborat va bu kelishuvga qo‘shni Qozog‘istonning qo‘shilishi – nimani o‘zgartiradi yoki anglatadi?

1948 yilda Isroil davlati tashkil topgach, bu yangi davlat borgan sari Falastin yerlarini bosib olish hisobiga kengaydi. Isroil tashkil topishi jarayonida arab davlatlari, qolaversa, ko‘plab musulmon davlatlari bu yangi davlatni birgalashib tan olish-olmaslik borasida kelishuvga erishishdi. Bu kelishuvni “Tan olmaslik borasidagi pakt” deb nomlashdi. Maqsad – Isroil tashkil topganda, Falastin ham tashkil topishiga erishish, davlat sifatida e’tirof etilishini, falastinliklarning haq-huquqlarini himoya qilish edi. Biroq yillar davomida Isroil kengayaverdi, Falastin hududlari tortib olinaverdi, falastinliklar esa darbadar bo‘lib qolaverdi.

Shu sabab arab davlatlari 1979 yilga qadar Isroilni tan olmadi, u bilan tinchlik kelishuvlariga bormadi. Bu holatni birinchi bo‘lib Misr Arab Respublikasi 1979 yilda buzdi va Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatib, bosib olingan Sinay yarimorolini qaytarib oldi. Yana o‘n besh yil tanaffus bo‘ldi va 1994 yilga kelib Isroil bilan Iordaniya diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Bunda AQSh Prezidenti Klintonning vositachiligi muhim edi. Shu bilan, keyingi o‘ttiz yilda biron bir davlat Isroilni rasman tan olmadi, diplomatik aloqalar o‘rnatmadi. Toki AQSh hokimiyatiga 2017 yilda Tramp kelmagunicha.

Tramp o‘zining birinchi to‘rt yillik vakolati vaqtida Yaqin Sharq bo‘yicha eng katta loyiha sifatida “Ibrohim kelishuvlari”ni o‘rtaga tashladi. Tramp loyihasiga ko‘ra, mintaqaning barcha davlatlari Isroilni tan olishi, u bilan diplomatik va savdo iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishi hamda kuchaytirishi kerak edi. Ibrohim kelishuvlari loyihasiga ko‘ra, Yaqin Sharq – AQShning ta’siri va nazorati ostida bo‘lgan va markazida Isroil manfaatlari turadigan makro mintaqa bo‘lishi kerak edi. Ibrohim kelishuvlariga ko‘ra, Tramp barcha mintaqa davlatlarini o‘zaro yarashtirib, bu mintaqadan Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va ularning yaqin ittifoqchilarini “o‘yindan” chiqarishni niyat qilgan edi. Shu sabab Tramp mintaqa davlatlariga jiddiy bosim qildi va bu bosimlar o‘z mevasini berdi ham.

2020 yilning sentabr oyida Birlashgan Arab Amirliklari hamda Bahrayn Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi, tinchlik bitimi imzolashdi. 2020 yilning dekabrida “Ibrohim kelishuvlari”ga Mag‘rib davlati ham qo‘shildi. 2021 yilning yanvar oyida bu kelishuvga Sudan ham qo‘shildi. Biroq mintaqaning boshqa davlatlari nafaqat bu kelishuvga qo‘shilmadi, hatto bu kelishuvni “Falastinga, Quddusga xiyonat” sifatida talqin ham qilishdi. Jumladan, bir vaqtlar Isroilni tan olgan Turkiya BAAdagi o‘z elchixonasini yopish bilan dag‘dag‘a ham qildi, biroq bu qadamga bormadi. “Ibrohim kelishuvlari” borasidagi eng katta intriga – bu Saudiya Arabistoni atrofida kechmoqda. Biroq Saudiya Arabistonining keyingi bir yildagi Isroilga pozitsiyasi ancha keskinlashdi va Falastin davlati real tashkil topmagunicha Isroil bilan munosabatlar o‘rnatish niyati yo‘qligini qat’iy bildirib ulgurdi ham.

Xo‘sh, Qozog‘iston-chi? “Ibrohim kelishuvlari”ga Qozog‘istonning qo‘shilishini ikki darajada tahlil qilish mumkin. Birinchi daraja, bu diplomatik aloqalar. Ma’lumki, sobiq SSSR qulab, MO davlatlari mustaqil bo‘lgach, barcha mintaqa davlatlari Isroilni tan olgan edi. Jumladan, Qozog‘iston ham 1992 yilning 10 aprelida Isroilni rasman tan olgan, 1996 yilda bu ikki davlat bir-birida elchixonalar ham ochgan edi. 2016 yil dekabrida Isroil bosh vaziri Netanyahu Qozog‘istonga kelib ketgan ham edi. Bu mantiqqa ko‘ra, Qozog‘istonning “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishi – g‘alati. Chunki Qozog‘iston allaqachon Isroil bilan diplomatik aloqalarga ega, ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar ham o‘z maromida ketmoqda.

Ikkinchi daraja – bu “Ibrohim kelishuvlari” loyihasi ostida AQShning mintaqani geostrategik qayta formatlash, Xitoy va Rossiyani hamda ularning mintaqadagi, katta Yevrosiyo qit’asidagi ittifoqchilarini zaiflashtirish, strategik tashabbusni Isroil markazda turuvchi AQSh boshchiligidagi komanda tomoniga o‘tishni ta’minlash bo‘lsa, bu loyihaga Qozog‘istonning qo‘shilishi – uning ko‘p vektorli siyosatini qayta ko‘rib chiqishni taqozo qiladi.

Ma’lumki, Qozog‘iston tashqi siyosatda o‘zining eng ishonchli hamkorlari sifatida Xitoy Xalq Respublikasini, Turkiyani ko‘radi. Rossiya bilan ham munosabatlarni salbiylashtirish niyatida emas. Ushbu barcha uch davlat uchun “Ibrohim kelishuvlari” – geosiyosiy yoqimsiz loyiha hisoblanadi, chunki bu loyihaning markazida Isroil va AQSh turadi. Xo‘sh, Qozog‘iston haqiqatda XXR, Turkiya va RF bilan munosabatlarni pastga tushirib, Isroil va AQSh komandasiga o‘tish niyatidami? Menimcha – yo‘q. To‘qayev shunchaki Tramp tashabbusiga “xo‘p bo‘ladi” deb javob berishga harakat qildi. Lekin shu “xo‘p bo‘ladi” deyish ham Qozog‘istonning tashqi siyosatidagi muvozanatni biroz bo‘lsa-da chayqaydi.

O‘zbekiston esa keyingi 8-9 yilda biron bir geosiyosiy chayqalishlarga yo‘liqmadi, geosiyosiy zo‘riqishlarga tortilishga imkon ham bermadi. Bu ma’noda O‘zbekiston tashqi siyosati ancha ongli va mahoratli diplomatiya ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi.

Mavzuga oid