10:18 / 12.07.2023
4559

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida noqonuniy chiqindi tashlashga qarshi 25 ta kamera o‘rnatildi

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi noqonuniy chiqindi tashlanadigan joylarga 25 ta zamonaviy kameralar o‘rnatildi. 

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qilishicha, ushbu kameralar dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan onlayn rejimda kuzatilmoqda.

Bugungi kunda qo‘shimcha 200 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Kelgusida butun respublikada 1 000 ga yaqin kameralar o‘rnatiladi. 

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 91-moddasiga ko‘ra, sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha (1 million 650 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha (2 million 310 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha (3,3 million so‘m), mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-1-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (6,6 million so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha (9,9 million so‘m) miqdorda jarima solinadi.

Maishiy va qurilish chiqindilari poligonlariga joylashtirilishi kerak bo‘lgan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha (16 million 500 ming so‘m) miqdorda jarima solinadi.

Mavzuga oid
Top