Jahon | 09:55 / 13.07.2023
4532
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukraina uchun tanklarni ta’mirlash rejalarini o‘zgartiryapti

Leopard 2A5 va Leopard 2A6 tanklarini ta’mirlash Germaniyada va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Litvada amalga oshiriladi. Leopard 2A4 tanklari qayerda ta’mirlanishi hozircha noma’lum.

Foto: Getty Images

Germaniya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi janglarda shikastlangan Leopard 2A5 va Leopard 2A6 tanklarini Germaniyada va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Litvada ta’mirlash niyatida. Bu haqda 12 iyul, chorshanba kuni Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti chog‘ida vazirlikning rasmiy vakili ma’lum qildi

«Ukraina qurolli kuchlari ta’mirlash zarurati haqida xabar berishi bilanoq, Leopard 2A5 va Leopard 2A6 tanklari ustida ish boshlash mumkin», — deya Germaniya Mudofaa vazirligi vakili so‘zlaridan iqtibos keltirgan dpa axborot agentligi. Ta’kidlanishicha, Leopard 2A4 tanklarini ta’mirlash qanday olib borilishi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. 

Ushbu turdagi jangovar mashinalar Ukrainaga Polsha tomonidan taqdim etilgan. «Polsha va Germaniya hali ham Leopard 2 tanklarini ta’mirlash g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda. Biz buni birgalikda muvofiqlashtirmoqchimiz», - deya bildirdi Germaniya Mudofaa vazirligi. 

Avvalroq Germaniyaning Handelsblatt ishbilarmonlik gazetasi manbalarga tayanib, Berlin Polshadagi tanklarni ta’mirlash bo‘yicha kelishuvni polshaliklarning narxni «ortiqcha baholagani» tufayli bekor qilayotgani haqida xabar bergan edi.

Mart oyida Germaniya hukumati Ukrainaga A6 tipidagi 18 ta zamonaviy Leopard 2 tankini topshirdi. Boshqa davlatlar, shu jumladan Polsha ham jangovar mashinalarni yetkazib berishga qo‘shildi. Biroq, Varshava tomonidan Kiyevga topshirilgan 14 ta tankdan 8 tasi allaqachon shikastlangan, deb yozadi Handelsblatt. 

Aprel oyida Germaniya, Polsha va Ukraina Ukraina chegarasiga yaqin Polshada Leopard 2 tanklarini ta’mirlash markazini tashkil etish niyati to‘g‘risidagi bayonotni imzoladi. O‘shanda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius markaz may oyidayoq ochilishi mumkinligini aytdi. 

3 iyul kuni Polshaga tashrifi chog‘ida Pistorius ta’mirlash markazini tashkil etish bo‘yicha «qisqa» va «qiyin» muzokaralar olib borilayotganini xabar berdi. «Vaqt tugayapti. Shuning uchun biz bu muzokaralar yaqin 10 kun ichida yakunlanishi kerak, deb hisoblaymiz», - deya ta’kidladi u o‘shanda. 

Mavzuga oid