Kutayotgan yuzlab yoshlar – “El-yurt umidi” javoblari nega bir oydan beri e’lon qilinmayapti?
“El-yurt umidi” jamg‘armasi bu yilgi 1-stipendiya tanlovi uchun oxirgi suhbat imtihonini 14 iyun kuni o‘tkazgan. Oradan bir oy o‘tgan bo‘lsa-da javoblar e’lon qilingani yo‘q. Odatda natijalar imtihon olingan kunning o‘zida chiqqan. Javoblar kechikayotgani uchun xalqaro universitetlarga kirgan ayrim o‘quvchilarning qabul taklifi kuyib ketayotgani aytilmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi Top-300talikda turgan xorijiy universitetlarga qabul qilingan talabalarga o‘qish pullarini to‘lashda ko‘maklashib keladi. Buning uchun jamg‘arma har yili 3 marotaba stipendiya tanlovlarini o‘tkazadi. 2023 yil uchun 1-stipendiya tanloviga hujjat topshirish aprel-may oylarida bo‘lib o‘tib, saralanganlar 13 may kuni test imtihonidan o‘tgan. Uchinchi bosqich suhbat esa 22 maydan 14 iyungacha o‘tkazilgan. Oradan bir oy vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, hali javoblar e’lon qilinmagan.
Arosatda qoldirilgan yoshlar
Kun.uz tahririyatiga aynan shu mavzuda o‘nlab o‘quvchilardan murojaatlar kelib tushgan. Talabgorlar javoblar kechikayotgani shaffoflikka ta’sir qilishi, ularga xorijiy oliygohlardan kelgan takliflar bekor bo‘lib ketayotganidan xavotirda.
Murojaatchilarning aytishicha, oldingi yillar suhbat natijalari suhbatdan o‘tgan kunning o‘zida yoki ertasi kuni e’lon qilingan. “Ammo bu yilgi tanlovda bu amaliyot negadir to‘xtatildi. Jamg‘armadan javob bo‘lmagach, ba’zi nomzodlarga taklif bergan xorijiy universitetlar taklif xatini bekor qilib yuborgan. Biz uchun har soniya g‘animat”, – deydi talabgor talabalardan biri.
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, javoblar kechiktirilishi xorijiy oliygohlardan qabul xati olganlar uchun bir qancha noqulaylik keltirib chiqaryapti.
“Bu kechikish ishtirokchilarning o‘qishga ketish uchun oladigan viza va boshqa tashkiliy masalalarini orqaga surmoqda. O‘zi ko‘p nomzodlar Amerikadagi oliygohlarga topshiradi. Bunaqa ketishda Amerikaga viza olishga ham kechikib ketamiz. Kechiksak, bizni bahorgi semestrga o‘tkazib yuborishadi. Bu ham yarim yil yo‘qotish bo‘ladi biz uchun. Agar tanlov jarayoni bunchalik katta muddatni talab qilsa, unda tanlovni ertaroq boshlash, nomzodlarni aniq va yetarlicha ma’lumotlar bilan ta’minlab borish kerak edi”, – deydi boshqa talabgor.
Yana boshqa bir talaba ham xuddi shunday e’tiroz bilan murojaat qilgan.
“Hali viza bilan bog‘liq muammolar bor. Turli davlatda viza chiqish muddati har xil, eng qiyini AQSh. Boshqa davlatlarga ham o‘rtacha viza chiqishini kutish muddati 3-4 hafta. Oramizda o‘qishi 10 avgustdan boshlanadigan talabgorlar ham yetarlicha va ular katta ehtimol bilan endi o‘qishi keyingi yilga qolib ketishi mumkin. Yoki stipendiant bo‘la turib ham ketolmay qolish ehtimoli ham yo‘q emas”, – deydi u.
Hujjat topshirganlardan yana biri arosatda qolganini, jamg‘arma javoblarini kutish yoki kutmaslikka ikkilanayotganini aytyapti.
“Mening o‘qishim sentabrda boshlanishi kerak. Universitetlar bizga depozit to‘lash yoki o‘qishdan chetlanishimiz haqida xabarlar ham yubormoqda. Agar “El-yurt umidi” o‘xshamasa, boshqa variantlarni ham ko‘rishim kerak. Boshqa oliygohga depozit sifatida to‘lov qilsam-u, jamg‘armada ham grant yutgan bo‘lsa, depozitim kuyib ketadimi? Yoki jamg‘armaga ishonib, boshqa joyga to‘lov qilmay tursam, jamg‘arma grant ajratmasa-chi? Bir yilim kuyib ketadimi?” – deydi u.
Yoshlar ishlari agentligiga murojaat
Jamg‘arma grantiga talabgor bo‘lgan bir guruh yoshlar Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevga ham murojaat qilishganini aytishdi. Agentlik vakillari esa bu ularning vakolat doirasiga kirmasligini ma’lum qilgan.
“Bir guruh yoshlar bo‘layotgan muammoga befarq bo‘lmasliklari va bizga yordam berishlarini so‘rab murojaat qilganimizda agentlik xodimlari bu ularning muammolari emasligi va ularga murojaat qilmasligimiz kerakligini aytdi. Vaholanki ushbu tashkilot aynan yoshlarning muammosi bilan shug‘ullanishi kerak emasmi?” – deb e’tiroz bildiradi bir talaba.
“Hujjatni tepaga yuborishgan ekan”
Yoshlar bir necha marta jamg‘arma bilan bog‘lanishga harakat qilgani, lekin aniq javob olmaganini aytib o‘tdi.
“Biz natijalarni tayyorlab bo‘lganmiz, tepaga yuborganmiz, ular tasdiqlanishini kutyapmiz, deyishyapti. Shunchaki tasdiqlovchi muhr yoki imzo shuncha vaqt oladi deb o‘ylamayman, nechta odam mo‘ltillab buni kutayotganini bilasizmi?” – deydi bir talaba.
Boshqa bir talabaning qo‘shimcha qilishicha, jamg‘armaga oid savollar uchun ko‘rsatilgan telefon raqamlari bilan ham ko‘p hollarda bog‘lanib bo‘lmaydi.
“Telefonga javob bergan qizlar hech qanaqa savolga javob bera olmaydi. Bu yil ham vasiylik kengashi javobini kutyapmiz deya hatto suhbat natijalarini ham ochiqlashmadi”, – deydi u.
Jamg‘arma izohi
Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida jamg‘arma matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ularning izohiga ko‘ra, suhbat jarayoni natijalari tanlov komissiyasi tomonidan jamg‘arma vasiylik kengashiga tasdiqlash uchun kiritilgan. Bu tasdiq kechikkaniga sabab qilib 9 iyulda o‘tgan prezidentlik saylovi ko‘rsatilyapti. Ya’ni saylovga tayyorgarlik ishlari tufayli jamg‘arma vasiylik kengashi a’zolari yig‘ilishni tashkil etishga imkoni bo‘lmagan.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Saylov imtihondan qariyb 1 oy keyin bo‘ldi. Shunday ekan, tanlov oldinroq tashkillashtirilishi kerak emasmidi? Jamg‘arma Maraziy saylov komissiyasiga tegishli tashkilot bo‘lmasa, nega saylov bu tashkilot ishini kechiktirgan degan savol ham ochiq olyapti.
Shuningdek, rasmiy munosabatda jamg‘arma nizomda ko‘rsatilgan muddatga ko‘ra ish tutayotgani ham ma’lum qilingan. Ya’ni jamg‘armaning 2023 yilgi 1-stipendiya tanlovi suhbat jarayonlarining so‘nggisi joriy yilning 14 iyun kuni yakuniga yetgan. Nizom bo‘yicha jamg‘arma saralash tanlovi natijalarini tasdiqlash qarori tanlov o‘tkazilgandan so‘ng 1 oy muddat ichida e’lon qilinishi kerak.
Hozir 13 iyul ekanini hisobga olsak, nizomda ko‘rsatilgan muddat bugun tugaydi. Jamg‘arma esa natijalarni bugun yoki ertaga ham e’lon qilmoqchi emas.
“Yaqin 3-4 kun mobaynida Jamg‘arma Vasiylik kengashining tanlov natijalari yuzasidan yig‘ilishi tashkil etilishi rejalashtirilgan”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
O‘tgan yili javoblar suhbatdan keyin 1-2 kunda e’lon qilinib, nega bu yil cho‘zilgani masalasiga jamg‘armadan tayinli javob ololmadik. Bundan tashqari, jamg‘arma natijalarni kechiktirgani uchun nomzodlar oldida hisobdor ekanini unutmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiantlar grantlarini to‘lab berishi bilan bog‘liq muammoli vaziyat yuzaga kelgandi.
Mavzuga oid
15:18 / 13.11.2024
O‘zbekiston ingliz tili savodxonligi reytingida 98-o‘ringa tushdi
21:51 / 29.07.2024
Farg‘onada “Mirzo Ulug‘bek vorislari”ga va’da qilingan mukofot pullari berilmadi, nega?
14:15 / 28.07.2024
“Xalq oldida hisobdormiz, ta’limga qilingan investitsiya o‘zini oqlaydi” – “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan suhbat
21:39 / 26.07.2024