Jahon | 09:11 / 15.07.2023
4874
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniya Rossiya «FSB» xodimini AQShga ekstraditsiya qildi

Vadim Konoshchenok Estoniyada bo‘lganida Rossiyaga AQShda ishlab chiqarilgan elektronika va eksportga mo‘ljallangan o‘q-dorilarni jo‘natgan, deb hisoblaydi AQSh rasmiylari. 

Foto: AP

Estoniya rasmiylari tomonidan hibsga olingan Rossiya fuqarosi Vadim Konoshchenko AQShga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda 14 iyul, juma kuni AQSh Adliya vazirligi ma’lumot berdi

AQSh rasmiylariga ko‘ra, Konoshenok Rossiya Federal xavfsizlik xizmati («FSB») xodimi. U Estoniyadan Rossiyaga Amerika kompaniyalarining mahsulotlarini, jumladan, Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar tufayli eksport nazorati ostidagi elektronika va o‘q-dorilarni kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tishda gumon qilinmoqda. 

14 iyul kuni Bruklin federal sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Konoshenko o‘z aybiga iqror bo‘lishdan bosh tortdi. Sud uni 31 iyulga belgilangan navbatdagi sud majlisigacha hibsda qoldirdi.

2022 yilning dekabrida Vadim Konoshenko AQSh talabiga binoan Estoniyada hibsga olingan edi. O‘sha oyda AQSh rasmiylari besh rossiyalik va ikki amerikalik fuqaroni Rossiya mudofaa sanoati uchun elektron komponentlar va o‘q-dorilar kontrabandasida aybladi.

AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar Moskvaning «Serniya Injiniring» va «Sertal» kompaniyalari manfaatlarini ko‘zlab ish tutgan. Bu firmalar, Vashingtonga ko‘ra, «Rossiya razvedka idoralari rahbarligida Rossiya harbiy-sanoat kompleksi va ilmiy tadqiqot sektori uchun ilg‘or elektronika va murakkab sinov uskunalarini sotib oladi».

Ayblanuvchilarning har biri 30 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Mavzuga oid