Serbiya aeroportda bir sutka ushlab turilgan rossiyalik urushga qarshi faolni mamlakatga kiritdi
Urushga qarshi Rossiya demokratik jamiyati asoschisi Pyotr Nikitin Belgrad aeroportida 24 soatdan ko‘proq vaqt o‘tkazdi, shundan so‘ng unga Serbiyaga kirishga ruxsat berildi.
Serbiya hukumati mamlakatga kirish taqiqlanganidan bir kun o‘tib, rossiyalik urushga qarshi faol va huquqshunos Pyotr Nikitinni mamlakatga kiritdi. Bu haqda Nikitinning o‘zi The Moscow Times gazetasiga 14 iyul, juma kuni kechqurun ma’lum qildi. Serbiya xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan va Belgrad aeroportining tranzit zonasida 24 soatdan ko‘proq vaqt o‘tkazgan faol: «Meni qo‘yib yuborishdi! Endi bayram qilamiz», degan.
The Moscow Times yozishicha, mustaqil serb va rossiyalik tahlilchilarga ko‘ra, Nikitinning qo‘lga olinishi Ukrainadagi urushga qarshi bo‘lgan minglab ruslar Serbiyaga ko‘chib kelganidan beri birinchi bunday holat bo‘lib, Nikitin va uning sheriklari uchun yomon signaldir. Buni rossiyalik faolning o‘zi ham tan oldi.
2016 yildan buyon Serbiyada yashab kelayotgan Pyotr Nikitin 13 iyul kuni Facebook’da Portugaliyadagi bir haftalik ta’tildan qaytgach, unga mamlakatga kirish taqiqlanganini ma’lum qildi. Nikitin o‘z sahifasida e’lon qilgan hujjatda chet elliklar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, «chet el fuqarosini chiqarib yuborish shaklidagi himoya chorasi», ya’ni Serbiyaga kirishni taqiqlash nazarda tutilgan.
«Mening Rossiya demokratik jamiyati doirasida urushga qarshi faoliyatimdan boshqa sabab yo‘q», deb yozgan Nikitin. U Serbiyadagi emigrantlar uyushmasining asoschisi bo‘lib, ularning soni yil boshidan beri bir necha o‘n minglab odamlarga ko‘paygan.
Nikitin, Rossiya fuqaroligidan tashqari, Niderlandiya fuqaroligiga ega, shuningdek, mamlakat fuqarosi bilan nikoh asosida olingan Serbiyada doimiy yashash uchun ruxsatnomaga ega. Uning ikkala qizi ham Serbiyada tug‘ilgan va Serbiya pasportiga ega.
Mavzuga oid
10:09 / 04.12.2024
Serbiya parlamentiga «chet el agentlari» haqidagi qonun loyihasi kiritildi
10:44 / 17.11.2024
Millatlar ligasida fors-major. Vengriya murabbiyi hushini yo‘qotdi, Ruminiya va Kosovo o‘yinida siyosiy mojaro
11:30 / 02.11.2024
Serbiyada temiryo‘l vokzalida tom qulashi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi
09:10 / 26.10.2024