Jahon | 08:58
335
3 daqiqa o‘qiladi

NATO va Serbiya ilk qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda

Serbiya tarixida ilk bor mamlakat hududida NATO bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda 12 may kuni Serbiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Foto: Ministry of defence Republic of Serbia

“NATO – Serbiya” deb nomlangan mashg‘ulotlar NATOning “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, 23 maygacha davom etadi.

Serbiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlarda Serbiya, Italiya, Ruminiya va Turkiyadan taxminan 600 nafar harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda. Shuningdek, boshqa NATO davlatlaridan, jumladan Germaniyadan ham kuzatuvchilar qatnashmoqda.

Agence France-Presse agentligi NATO vakillaridan biriga tayanib xabar berishicha, “bu muhim mashg‘ulotlar” hisoblanadi.

“Serbiya mezbon davlat sifatida ishtirok etmoqda va barcha jarayonlar mamlakatning harbiy neytralitet siyosatiga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda”, — degan NATO vakili.

Serbiya Bolqon yarimorolidagi qo‘shni davlatlarning aksariyatidan farqli o‘laroq, NATO a’zosi emas. Belgrad buni harbiy neytralitet siyosati bilan izohlaydi.

Shu bilan birga, mamlakat qariyb 20 yildan beri NATOning “Tinchlik yo‘lida hamkorlik” dasturida ishtirok etib kelmoqda va muntazam ravishda alyans mashg‘ulotlarida qatnashadi.

Ayni paytda Serbiya Rossiya bilan ham do‘stona munosabatlarni saqlab qolgan.

Hozirgi mashg‘ulotlar Serbiya hududida NATO bilan bevosita hamkorlikda tashkil etilgan birinchi tadbir hisoblanadi.

Ularni Serbiya Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonligi hamda Italiyaning Neapol shahrida joylashgan NATO Birlashgan kuchlar qo‘mondonligi tayyorlagan.

12 may kuni e’lon qilingan fotosuratlarda Serbiya va NATO davlatlari harbiylari Borovac Training Ground poligonida yonma-yon turganini ko‘rish mumkin. Poligon Serbiya markazidagi Bujanovak shahri yaqinida joylashgan.

AFP ta’kidlashicha, 1999 yilda NATO kuchlari Kosovo urushi vaqtida Serbiyani bombardimon qilganidan beri alyans bilan hamkorlik mamlakatda hali ham juda sezgir mavzu hisoblanadi.

Hozir ham Kosovo hududida NATO rahbarligidagi xalqaro tinchlikparvar missiya — KFOR faoliyat yuritmoqda.

Belgrad esa bugungi kungacha Kosovo mustaqilligini tan olmagan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid