Antimonopol qo‘mitaning tishi “o‘tkirlashdi”. Yangi qonun nimani o‘zgartiradi?
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan, monopoliyaga qarshi organning hukumatdan mustaqil maqomi tiklandi. Raqobat qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, qo‘mitaning vakolatlari kengaydi. Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan Raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Mirzohid Komilov va iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbatlashdi.

– Raqobat qo‘mitasi mas’ullari jamoatchilikka ushbu qonun yirik monopolistlarga ta’sir qilishini aytishgandi. Qonundagi o‘zgarishlar haqiqatan yirik monopol sub’yektlarni cheklay oladimi?
Mirzohid Komilov: Ancha kutilgan qonun bo‘ldi. “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi. Shu jumladan, asosiy tushunchalar bilan boyitildi. Raqamli platformalarda raqobat muhitini ta’minlash uchun ularni ham qamrab oldik. Shu bilan birga, yirik davlat ishtirokidagi korxonalarini tashkil etish va ularning affillangan shaxslari bo‘yicha ma’lum bir me’yorlar belgilandi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning asosiy prinsiplari, raqobat sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Shu bilan birga, bugungi kunda Raqobat qo‘mitasi qonun va qonunosti hujjatlar bilan mustaqil tashkilotga aylandi. Boshqa davlatlarda antimonopol qo‘mita hech qaysi idoraga bo‘ysunmaydigan mustaqil tashkilot hisoblanadi. Bizda ham endilikda Raqobat qo‘mitasi prezident va Senatga hisobdorligi belgilandi.
Yirik tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda majburiy ravishda monopoliyaga qarshi komplayens nazorati tizimi joriy qilinishi kerak deb belgilandi. Asosiy o‘zgarishlardan biri – raqobat qonunchiligini buzganlarga nisbatan moliyaviy jarimalar belgilandi. Avval raqobat to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganlar faqat ma’muriy javobgarlikka tortilardi. Jazoning sezilarli emasligi, qayta-qayta qonun buzilishiga va qo‘mitani mensimasligiga sabab bo‘lardi.
— Otabek aka, siz bu qonunni eng ko‘p kutgan faollardansiz. Nima sababdan va qonunning aynan qaysi jihatlarini juda ahamiyatli bilgan holda, qabul qilinishini kutdingiz?
Otabek Bakirov: Bir necha yil bizda iqtisodiy o‘sish davom etdi, lekin uning inklyuzivligi ta’minlanmadi. Iste’molchilarning iqtisodiy o‘sishdan to‘liq manfaatdorligini ta’minlay olmadik. Kambag‘allikka qarshi kurash oqibatlarini monopoliyalar yo‘qqa chiqaraverdi. Tasavvur qiling, iste’molchilarning qaysidir toifasini qo‘llab-quvvatlayapsiz, lekin monopolistlar bu harakatlarni puchga chiqaryapti.
Antimonopol qo‘mitaning monopolistlarni tiyib turishga uzoq yillar vakolatlari yetarli bo‘lmagan. Ikkinchisi, ularga qarshi qo‘llanadigan jazo choralari shunchalik yengil bo‘lganki, mopolistlar olgan manfaatlarning yuzdan, mingdan birini to‘lab qo‘yish evaziga faoliyatini davom ettirish imkoniyati bo‘lgan. Siz arzimagan bir necha yuz million so‘mlik jarimani to‘laysiz va faoliyatingizni yana davom ettiraverasiz. Bularga qachondir chek qo‘yish kerak edi. Chunki yangi davrda biz erishgan juda ko‘p yutuqlarni monopollashuv yo‘qqa chiqarib, islohotlarni obro‘sizlantirayotgan edi.
Juda ko‘p zamonaviy sektorlarda monopolistlarga, ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga qarshi qo‘mitaning yetarli darajada instrumentlari mavjud emas edi. Internet kompaniyalari, turli algortim asosida elektron platformalarda faoliyat yuritadigan sub’yektlariga nisbatan instrumentlar yo‘q edi. Bizni antimonopol organimiz shartli ravishda Google yoki Netflix ustun mavqega ega bo‘lsa, ularni tiyib turish uchun richaklarga ega emas edi. Bu qonun yangilanishini kutganim sabablari shulardan iborat.
— Qonunga “davlat yordami” tushunchasi kiritildi. Ya’ni bunda davlat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar berishi tushuniladi. O‘zbekistonda 2022 yildan yer qa’ridan foydalanganlik uchun (oltindan tortib gazgacha) soliq stavkalari xususiy kompaniyalar uchun pasaytirildi. Bu sohada notenglikni yaratdi. Ushbu norma bilan men nazarda tutgan imtiyozlar bekor bo‘lishiga umid qilsak bo‘ladimi?

Otabek Bakirov: Savolingizni aniq misol asosida ochib bermoqchiman. Aytaylik, UzAuto oxirgi 3 yilda Xitoydan, Tailand yoki Koreyadan avtomobil import qilishda maxfiy qaror bilan bojlardan ozod qilingan, ammo boshqa importchilar ayni shu mashinani import qilishda boj to‘lashga majbur. Bu masalada qo‘mita aniq chorani ko‘rishi kerak deb hisoblayman. Ikkinchisi, aytaylik, utilizatsiya yig‘imi bor, UzAuto utilizatsiya yig‘imini to‘lamaydi, boshqa har qanday mahalliy ishlab chiqaruvchi yoki importchi to‘laydi, bu ham notenglikni keltirib chiqaradi. Menimcha, savolingizning mazmuni shunday. Oktyabr oyiga kelib, biz UzAuto boshqalar singari boj va utilizitsiya yig‘imlarini to‘lashiga umid qilsak bo‘ladimi?
Mirzohid Komilov: Shunday imtiyoz va preferensiyalar berish holatlari juda ko‘p. Tog‘-kon sanoatini oladigan bo‘lsak, u yerda barcha tadbirkorlik sub’yektlariga teng sharoit yaratilishi kerak. UzAuto'ni oladigan bo‘lsak, bir o‘zida shunday imtiyoz bo‘lmasin. Agar bo‘ladigan bo‘lsa, bozordagi barcha ishtirokchilarga teng qo‘llansin. Har bir imtiyoz yoki davlat yordami shaklida qabul qilinadigan hujjatlar ham qo‘mita ekspertizasidan o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
— Bundan oldingi qarorlar-chi?

Mirzohid Komilov: Bu narsalar bo‘yicha ish olib boriladi. Yo‘nalishlarimizdan biri – davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni raqobatga ta’sirini baholash. “Eks-ante” va “Eks-post” degan tushunchalar bor. “Eks-ante” – qaror loyihasi qabul qilinishidan oldin Raqobat qo‘mitasiga baholashga kiritilishi bo‘lib, kelgusi raqobatga zid harajatlarning oldini oladi. “Eks-post” esa qabul qilib bo‘lingan qarorlarni xatlovdan o‘tkazib, u yerda raqobatni cheklovchi me’yorlar bo‘lsa, ularni ham bekor qilish yoki barchaga teng sharoit yaratish uchun o‘zgartirish kiritish kerak bo‘ladi.
Otabek Bakirov: Neft-gaz sohasida savolim bor. Xohlaymizmi-yo‘qmi bu soha har bir o‘zbekistonlikning tashvishiga aylanib qoldi. Yanvar oxiri fevral boshida hukumat qaroriga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” va “Uztransgaz” (davlat kompaniyalari) konlar va magistral trubalargacha boradigan har bir zanjirda o‘lchov uskunalarini o‘rnatishga majbur bo‘ldi. Bu to‘g‘ri qaror, agar biz hisob-kitobni joyiga qo‘ymasak, o‘g‘rilik ko‘payaveradi. Lekin ayni shu talab normalari davlat kompaniyalariga taalluqli, xususiy kompaniyalarga emas. Mening xavotirim O‘zbekistonda xavf faqat davlat monopoliyalari nuqtayi nazaridan emas, balki ko‘proq xavfni katta preferensiyalarga ega xususiy kompaniyalarda. Chunki ular ochofatroq. Hukumat xalqning oldiga chiqadi – davlat kompaniyalarini tiyib turishi mumkin, lekin xususiy kompaniyalarni tiyish og‘irroq. U yerda manfaatlar kattaroq. Sizning vazifangiz, nafaqat davlat kompaniyalaridan xususiy kompaniyalarni himoya qilish, balki, xususiy kompaniyalardan davlat kompaniyalarini himoya qilish bo‘lishi kerak. Shunga ishonsa bo‘ladimi? Tarozi bilan bog‘liq holatlar nafaqat davlat, balki xususiy kompaniyalarga ham qo‘yilishi kerak.
Mirzohid Komilov: Xususiy kompaniyalar davlat monopoliyasi bo‘lmasligi mumkin, lekin u ham monopoliyaga aylana oladi. Ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lishi mumkin. Iste’molchiga zarar yetkazidigan bo‘lsa, raqobat nuqtayi nazaridan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi kerak.
Belgilangan moliyaviy jarimalarning o‘zi ertaga raqobatga zid harakatlar qilayotganlarni o‘ylab ko‘rishga majbur etishi kerak. Shu vaqtgacha qonunni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan edi va u BHMning 30 barobaridan oshmasdi. Har qanday monopolist “nima bo‘libdi” deb, bu jarimalarni mensimagan. Ammo rivojlangan davlatlarda kelishib olingan harakatlar – kartel uchun 10 mln dollargacha jarima belgilash huquqi bor. Biz bor-yo‘g‘i ma’muriy jazoga torta olardik. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga berardik. O‘zimiz chora ko‘ra olmasdik.
— Endi raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlar qanday jazolanadi?
Mirzohid Komilov: Bugungi kunda raqobat qonunchiligini buzganlik uchun jarimalar olgan foydasidan ortiq emas, lekin menimcha, moliyaviy jarimalar belgilangani katta qadam bo‘ldi. Oldingi 10 mln so‘m jarima bilan bugungi kunda kelishib olingan harakatlar uchun tovar aylanmasining 5 foizi miqdorida jarimaga tortilishining o‘rtasida farq katta. Mavjud jarimaga nisbatan bu ancha katta.
Masalan, ommaviy savdolar. Bunda biz elektron do‘konlar yoki davlat xaridlarini nazarda tutamiz. Agar bunda qonunchilik normalari buzilsa, savdoning 3 foizi miqdorida jarimaga tortiladi. Bu oldin BHMning 10 barobarigacha edi. Tasavvur qiling, 100 mln dollarlik xalqaro tender o‘tkazildi, unda ishtirokchi yoki davlat buyurtmachisi qonunni buzsa, 3 mln dollar miqdorida moliyaviy jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. Ammo moliyaviy jarimani to‘lash uni qonunbuzilishidan ozod qilmaydi. Ya’ni jarima to‘lashdan tashqari, qonunbuzilishini bartaraf etishi ham kerak bo‘ladi.
- To‘liq intervyuni Kun.uz'ning You tube sahifasida tomosha qiling.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
Shaharlarda yo‘l ta’mirlash ishlari faqat tunda amalga oshiriladi
O‘zbekiston | 17:20 / 16.05.2025
Kameralar yo‘l chizig‘ini bosganlik uchun jarima yozmaydigan bo‘ldi
O‘zbekiston | 16:46 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«Cho‘ksang kattaroq dengizda cho‘k». Gulerning onasi, Madriddagi sarguzashtlari va zilziladan omon qolgan muxlisi haqidagi hikoyasi
Sport | 19:12
-
AQShda 2 yoshli bola 15-qavatdan tushib ketib, omon qoldi
Jahon | 19:00
-
Ispaniyada yuzlab boshpanasizlar aeroportni «egallab oldi»
Jahon | 18:21
-
Rossiya qo‘shini urush boshidan beri bir hujumda rekord darajadagi dronlarni uchirdi
Jahon | 17:25
Mavzuga oid

20:40 / 12.05.2025
O‘zbekistonga avtomobil importi 3 barobarga quladi

11:26 / 05.05.2025
Click ustun mavqega ega raqamli platforma deb topildi

14:14 / 01.05.2025
Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi 4 barobarga oshdi

14:22 / 17.04.2025