O‘zbekiston | 18:24 / 19.07.2023
5717
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi

Foto: president.az

Boku shahrida 19 iyul kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi.

Ozarboyjon rahbari o‘zbekistonlik mehmonning Bokuga tashrifi hamkorlik istiqbollarini belgilash nuqtai nazaridan muhim ekanini, shuningdek Ozarboyjon bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yildan yilga rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Aliyev kelgusida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.

Abdulla Aripov, avvalo, prezident Ilhom Aliyevga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomini yetkazar ekan, O‘zbekiston rahbari do‘sti va ukasi Aliyev bilan muloqot qilishdan doimo xursand ekanini ta’kidladi. Bosh vazir so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovdan keyin Shavkat Mirziyoyevni birinchi bo‘lib Aliyev tabriklagan va bu davlat va rahbarlar o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik namunasidir. 

Aripov Aliyev rahnamoligida Ozarboyjon katta muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi. 

Uchrashuvda prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi va uning doirasida ikki tomonlama hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingani, bu boradagi ishlar natijasi g‘oyat ijobiy ekani alohida ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika va sanoat sohalarida yangi loyihalar amalga oshirilayotgani e’tiborga olindi. 

«Qayd etilganidek, Oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilyapti. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yildan yilga oshib borayotir. Neft va gaz, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, ipakchilik va to‘qimachilik sanoati hamda boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari hayotga muvafaqqiyatli tatbiq etilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuv kengaymoqda», deyiladi O‘zbekiston hukumati portalida.

Mavzuga oid