Jahon | 10:48 / 25.07.2023
6171
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Vagner» tufayli Mali amaldorlariga qarshi sanksiyalar kiritdi

Mali mudofaa vaziri va uning qo‘l ostidagi xodimlari Ukrainada «Vagner guruhi»ni bilvosita qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSh tomonidan sanksiyaga uchradi.

Foto: FLORENT VERGNES/AFP/GETTY IMAGES

AQSh Moliya vazirligi Mali hukmron harbiy xuntasining uch a’zosiga «Vagner» XHK «beqarorlashtiruvchi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlagani va «Vagner guruhi»ning Ukrainadagi operatsiyalari manfaatlari yo‘lida o‘z davlati suveren resurslaridan foydalangani» uchun sanksiya joriy qildi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi 24 iyul, dushanba kuni rasmiy saytida bayonot berdi. 

Sanksiya ro‘yxatiga Mali mudofaa vaziri polkovnik Sadio Kamara, mamlakat harbiy-havo kuchlari shtabi boshlig‘i polkovnik Alou Boi Diarra va uning o‘rinbosari podpolkovnik Adama Bagayoko kiritilgan. AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Kamara «Vagner» XHKni Malida joylashtirish lobbichilaridan biri bo‘lgan va 2021 yilda tegishli kelishuvni mustahkamlash uchun Rossiyaga bir necha bor tashrif buyurgan.

Vashingtonning ta’kidlashicha, Mali havo kuchlari aviatsiya logistikasi bo‘limi sobiq boshlig‘i Diarra Rossiya kuchlarining Malida bo‘lishi bilan bog‘liq logistika masalalariga «katta hissa qo‘shgan». Bagayoko, AQSh Moliya vazirligiga ko‘ra, «Vagner guruhi»ning Malida oltin qazib olishiga yordam berishga intiladi» va shuningdek, Maliga qo‘shni Burkina-Faso respublikasida yollanma askarlarni joylashtirishga yordam beradi. 

«Ushbu amaldorlar o‘z mamlakatlari fuqarolarini «Vagner guruhi» beqarorlashtiruvchi faoliyati va inson huquqlari buzilishiga qarshi himoyasiz qilib qo‘ydi, shu bilan birga, o‘z davlatlarining suveren resurslaridan «Vagner guruhi»ning Ukrainadagi operatsiyalari manfaatlarida foydalanishga yo‘l ochib berdi», dedi AQSh moliya vazirining terrorizm va moliyaviy razvedka bo‘yicha o‘rinbosari Brayan Nelson.

Mavzuga oid