Andijonda garov pullarini o‘zlashtirib yuborgan IIB mansabdorlari ishi bo‘yicha sud boshlandi
Ayblov xulosasiga ko‘ra, ular jinoiy til biriktirib, soxta hujjatlar orqali 5,6 mlrd so‘m garov pullarini o‘zlariga tanish bo‘lgan fuqarolarning bank kartalarga o‘tkazgan holda naqdlashtirib olishgan. Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudi bir guruh IIB xodimlariga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchilar Andijon viloyati IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – moliya ta’minot xizmati boshlig‘i lavozimida ishlagan M.M., Andijon viloyati IIB Moliya ta’minot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari - buxgalteriya hisobi va hisobot bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan D.A., MIB Andijon shahar bo‘limida davlat ijrochisi lavozimida ishlagan Sh.A. hamda Andijon viloyati IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi moliyaviy ta’minot xizmati buxgalteriya hisobi va hisobot bo‘limi hisobchisi lavozimida ishlagan Sh.M.ga oid jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilyapti.
Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha berilishi bildirilgan.
Oldinroq Kun.uz ixtiyoriga Andijon viloyati IIB mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan ushbu jinoyat ishiga doir ma’lumotlar kelib tushgandi. Unda IIB mansabdorlari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda depozit hisobda saqlangan garov pullarini talon-toroj qilgani haqida gap boradi.
Jumladan, hujjatga ko‘ra, sudlanuvchilar 2020-2022 yillar davomida o‘zlariga oldindan tanish bo‘lgan fuqarolarning plastik kartalarini olib, aynan ushbu fuqarolarni go‘yoki depozit hisobraqamlariga pul mablag‘lari qo‘yganligi bo‘yicha soxta hujjatlar tayyorlashgan. So‘ngra soxta hujjatlarga asosan 159 ta holatda depozit hisobraqamdagi jami 5 mlrd 654 mln so‘m mablag‘ni 138 nafar fuqaroning bank kartasiga o‘tkazib, naqdlashtirib olishgan.
Mavzuga oid
15:44 / 01.11.2024
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi
10:26 / 24.10.2024
Andijon viloyatiga yangi prokuror tayinlandi
10:02 / 19.10.2024
Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilindi
17:20 / 16.10.2024