O‘zbekiston | 17:27 / 20.06.2023
33177
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyat IIB mansabdorlari katta miqdorda garov pullarini o‘zlashtirib yuborgani aytilmoqda

Ayblov xulosasida jinoiy guruh IIBning depozit hisob raqamidagi 5 mlrd 654 mln so‘m mablag‘ni soxta hujjatlar orqali 138 nafar fuqaroning bank kartalariga o‘tkazib, naqdlashtirib olgani haqida gap boradi. Ayni paytda ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz ixtiyoriga Andijon viloyati IIB mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga doir ma’lumotlar kelib tushdi. Unda IIB mansabdorlari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda depozit hisobda saqlangan pullarni talon-toroj qilgani haqida gap boradi.

Hujjatga ko‘ra, Andijon viloyat IIB Moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i M.M., moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari D.A., moliyaviy ta’minot xizmati hisobchisi Sh.M. hamda MIB Andijon shahar bo‘limi sobiq davlat ijrochisi Sh.A. o‘zaro jinoiy til biriktirgan. Ular bir guruh bo‘lgan holda viloyat IIBning depozit hisob raqamidagi garov sifatida to‘langan pul mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha jinoiy reja tuzishgan.

Jinoiy guruh 2020-2022 yillar davomida o‘zlariga oldindan tanish bo‘lgan fuqarolarning plastik kartalarini olib, aynan ushbu fuqarolarni go‘yoki depozit hisob raqamlariga pul mablag‘lari qo‘yganligi bo‘yicha soxta hujjatlar tayyorlashgan. Jumladan, ular tomonidan sud organlarining qarorlari, MIB ijro varaqalari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining gerbli muhri soxtalashtirilgan.

So‘ngra soxta hujjatlarga asosan 159 ta holatda depozit hisob raqamdagi jami 5 mlrd 654 mln so‘m mablag‘ 138 nafar fuqaroning bank kartasiga o‘tkazilgan hamda naqdlashtirib olingan. 

Jumladan, davlat moliyaviy nazorati boshqarmasi va Andijon viloyati IIB mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda Andijon viloyat IIBning depozit hisob raqamidan 2020 yilda 594,4 mln so‘m, 2021 yilda 2 mlrd 616 mln so‘m hamda 2022 yilda 2 mlrd 443,9 mln so‘m mablag‘ aloqasi yo‘q fuqarolar nomiga ochilgan bank kartalariga o‘tkazilib, sarflab yuborilganligi aniqlangan. Shundan qariyb 1,5 mlrd so‘m mablag‘ qaytarilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, 2022 yilning noyabr oyida Andijon shahar bo‘limi sobiq davlat ijrochisi Sh.A. hamda moliyaviy ta’minot xizmati hisobchisi Sh.M.ga, 2023 yil fevral oyida moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i M.M. hamda aprel oyida moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari D.A.ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ayblov xulosasida ko‘rinishicha, M.M. hamda D.A. o‘z ko‘rsatmalarida bu ishlarga aloqalari yo‘qligini ma’lum qilishgan. Kun.uz bilan bog‘langan moliyaviy ta’minot xizmati boshlig‘i M.M.ning turmush o‘rtog‘i bu jinoyatda turmush o‘rtog‘ining aloqasi yo‘qligiga doir ko‘plab audio va boshqa dalillar tergov organiga taqdim qilingani, ammo ularning birortasi inobatga olinmayotganini ma’lum qildi.  

Mavzuga oid