Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mamarizo Nurmurodov oltin zaxiralari ketma-ket 3 oy kamaygani bo‘yicha izoh berdi
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov oltin sotishdan tushgan mablag‘ budjet xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltirilmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zaxiralar pasayishiga oltin narxining tushishi va import oshishi sabab bo‘lgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari oxirgi 3 oyda 1,7 mlrd dollarga kamaygan.
27 iyul kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri rasmiy zaxiralarning kamayishi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi vositasida davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoliga oydinlik kiritishni so‘radi. MB raisi Mamarizo Nurmurodov bunday emasligini aytdi.
“Biz oltinni jahon bozori narxida, oltin bizga qabul qilingan kundagi kursda sotib olamiz. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga oltindan mablag‘lar o‘tkazish biz tomondan amalga oshirilmaydi. Ya’ni oltinni sotuvchi Navoiy kon metallurgiya kombinati yoki Olmaliq kon metallurgiya kombinati belgilangan tartibda o‘zidagi soliqlarni to‘laydi. Alohida jamg‘armaga ajratish bo‘yicha normativ hujjat yo‘q, sizga rasmiy ravishda aytaman. Oltinni sotgan 2 ta kombinatimiz 100 foiz oltin qiymatini bizdan oladi”, – dedi Nurmurodov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 3 oy davomida zaxiralarning kamayishiga oyning oxirgi kunida oltin narxining o‘zgarishi sabab bo‘lgan.
“Chunki valuta zaxiralarimizning 65-68 foizi oltinda. Ya’ni narx ko‘tarilsa, zaxiralar ko‘payadi, tushsa, tushadi.
Zaxiralar kamayishiga yana bir sabab – bu yilgi importimizda 17 foizli o‘sish. Bu ma’lum jihatdan budjetdan gaz importi bo‘yicha haq to‘lashga qaratilgan pullardir. Bular o‘z ta’sirini ko‘rsatadi”, – dedi Nurmurodov.
Markaziy bank raisi monetar organning oltin sotish va sotib olish siyosatini tushuntirdi.
“Biz oltinni arzon narxda sotib olmaymiz. Bir oy davomida London birjasida har kunlik narxni hisoblab boramiz, o‘rtacha oylik narx qancha bo‘lsa, o‘sha kun, olib kelib topshirilgan kundagi kurs bilan sotib olamiz. Oltinni sotish masalasiga kelsak, biz o‘zimizning talabimizdan kelib chiqib oltin narxi yuqori bo‘lganda sotishga harakat qilamiz. Ma’lum jihatdan, Markaziy bank daromad olishi kerak.
Oltin sotishda pozitsiyamiz neytral. Biz buni inflyatsion targetlashda eng asosiy prinsiplardan biri sifatida belgilaganmiz. Biz yil davomida sotib olgan oltinimizni bozor narxida valutasini bozorga chiqarishimiz kerak”, – dedi u.
Nurmurodov 2023 yilda O‘zbekiston 107 tonna oltin ishlab chiqarishi kutilayotganini ma’lum qildi.
“Oltinni sotib olib, unga teng ekvivalentdagi valutani bozorga chiqarishimiz kerak. Biz oltinni sotib olib, chiqargan pulimizga valuta chiqarmaydigan bo‘lsak, pul bozorida pul massasi ko‘payib, talab inflatsiyasining ko‘payishiga imkon yaratgan bo‘lamiz”, – deya tushuntirdi Markaziy bank rahbari.
Tavsiya etamiz
Boku – Moskva nizosi til masalasiga yetib keldi
Jahon | 09:05 / 04.09.2025
Xitoyning yadro triadasi, G‘arb uchun signal hamda Putin va Kimning qo‘llovi – Pekindagi parad qanday o‘tdi?
Jahon | 19:40 / 03.09.2025
Internetda Trampning o‘limi haqida feyk xabarlar tarqaldi
Jahon | 17:41 / 30.08.2025
Odilbek Isoqov – banklarni xususiylashtirish kechikayotgani haqida
Iqtisodiyot | 14:10 / 30.08.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Xitoy delegatsiyasi 7 yilda birinchi marta Yevroparlamentga tashrif buyuradi
Jahon | 08:35
-
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro tovar aylanmasini 10 mlrd dollarga yetkazmoqchi
Iqtisodiyot | 08:27
-
Bloomberg: YeI Rossiyaning Ukrainaga yangi hujumidan xavotirda
Jahon | 08:12
-
Rossiyadagi oromgohlarga o‘zbekistonlik bolalar jalb qilinadi
O‘zbekiston | 07:48
Mavzuga oid

22:34 / 04.09.2025
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yil boshidan beri 29 foizga oshdi

21:41 / 03.09.2025
Tramp FZTga ta’sir o‘tkazolsa, bu juda jiddiy xavf tug‘diradi - Kristin Lagard

09:47 / 29.08.2025
So‘mning davomli mustahkamlanishi yaxshimi?

11:50 / 28.08.2025