Yevropa Ittifoqi 24 ming ukrainalik harbiyni tayyorgarlikdan o‘tkazdi
Yevropa Ittifoqining Germaniya va Polshadagi o‘quv missiyasi negizida Ukrainadan kelgan 24 ming harbiy xizmatchi o‘qitildi. Yevropa Ittifoqining maqsadi - 30 ming kishini tayyorlash, keyingi harakatlar Ukraina qurolli kuchlarining ehtiyojlariga bog‘liq, deya ma’lum qildi Yevroparlament.
Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish missiyasi (EUMAM) doirasida tashkil etilgan Germaniya va Polshadagi ukrainalik harbiylar uchun o‘quv markazlari Ukraina qurolli kuchlarining 24 ming askarini tayyorlab berdi. Bu haqda 26 iyul, chorshanba kuni Yevroparlamentning xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha quyi qo‘mitasi delegatsiyasi EUMAM markazlariga tanishuv safaridan so‘ng ma’lum qildi.
Hozircha YeI o‘z oldiga 30 ming ukrainalik askarni tayyorlashni maqsad qilib qo‘ygan, missiyaning keyingi bosqichi Ukraina qurolli kuchlarining ehtiyojlari va so‘rovlariga bog‘liq bo‘ladi, dedi delegatsiya rahbari, avstriyalik deputat Lukas Mandl.
«Soliq to‘lovchilarning pullari erkinlik va tinchlikka erishish, qadriyatlarimiz va sivilizatsiyamizni himoya qilish uchun to‘g‘ri foydalanilmoqda - Yevropa tinchlik jamg‘armasi aynan shuning uchun mo‘ljallangan», dedi u Varshavadagi matbuot anjumanida.
Yevroparlament deputati Yevropa Ittifoqining barcha institutlari va mamlakatlarini o‘quv missiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur mablag‘larni, shu jumladan Yevropa tinchlik jamg‘armasi (YeTJ)dan barqaror moliyalashtirish ko‘rinishida berishni davom ettirishga chaqirdi. «Shuningdek, biz EUMAM’ni urush davomiyligiga mos keladigan yondashuv va jang maydonidagi o‘zgarishlarni ta’minlash uchun Ukraina bosh shtabi bilan hamkorlikda ishlashga da’vat etamiz», dedi Mandl.