Har bir jamiyatning ijtimoiy psixologiyasi, ya’ni psixologik holati mavjud. Jumladan, jamiyatning davlatga, hokimiyatga va davlat mulozimlariga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatuvchi qarashlari bo‘ladi. Jamiyatning hukumatga ishonchi yoki ishonchsizligiga o‘tmishdagi munosabatlar sabab bo‘ladi.
Xo‘sh, bugun o‘zbekistonliklarning davlatga, hukumatga munosabati qanday? Xalqning davlatga ishonch darajasini qanday baholash mumkin? Afsuski, bizda bu borada aniq va ishonchli javob bera oladigan sotsiologik tadqiqotlar mavjud emas. Bu 36 millionlik O‘zbekiston uchun – katta nuqson. Lekin, bunday sotsiologik tadqiqotlarning yo‘qligi, masalaning dolzarbligini pasaytirmaydi.
Nima uchun zamonaviy dunyoda jamiyatning davlatga ishonch darajasini kuzatib borish muhim? Chunki bu bilan jamiyatning holatini, potensial xatti-harakatlarini ta’bir qilish mumkin. Ijtimoiy barqarorlikning qanchalik tabiiy ekanini bilishga, shuningdek, davlatning legitimligi naqadar mustahkam yoki zaif ekanini tushunishga imkon beradi.
2016 yilga qadar O‘zbekistonda davlat va jamiyat o‘ta qutblashgan nuqtalarda edi. Davlat jamiyatni eshitishni emas, uni bostirishni, qo‘rqitishni – samarali boshqaruv usuli sifatida ko‘rardi. Hokimiyat ijtimoiy tafakkurni yangi qo‘rquv porsiyalari bilan boyitishni, boshqaruv texnologiyasi sifatida o‘zlashtirgan edi. Odamlardagi norozilikdan ko‘ra, qo‘rquv darajasi kattaroq edi. Barqarorlik formulasi edi bu.
Natijada jamiyatda ham davlat bilan kurashish zehniyati chuqur ildiz otgandi. 1991-2016 yillar davomida, O‘zbekiston ijtimoiy tafakkurida “demokratiya bo‘lishi uchun, davlatni zaiflashtirish, uni yiqitish kerak, shundagina real demokratik islohotlarga imkoniyat ochiladi”, degan qarash shakllanib bordi.
Bunday qarashning shakllanishida, juda ko‘plab omillar rol o‘ynadi. Jumladan, axborot tashabbusining O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgani, xorijdagi muxolifat, siyosiy tizim doirasida xalq bilan muloqot imkoniyatlarining nihoyatda torayib ketgani va eng asosiysi – davlat o‘ta yopiq va repressiv korporatsiyaga aylanib qolgani edi.
2016 yilda, hokimiyat o‘zgargach, ikkinchi ma’muriyat oldingi siyosiy tizimga o‘ta tanqidiy baho berdi. Bu tanqidiy baholar jamiyatning yashirin, lekin chuqur qarashlari bilan bir xil yoki yaqin edi. 2016 yildan boshlab, kuchishlatar tizimlar repressiv modeldan chiqish topshirig‘ini olishdi. Ayni paytda bu tuzilmalar jamiyatdagi xavfsizlik va barqarorlikni ushlab turishlari lozim.

















