Donald Tramp hokimiyatga keliboq, G‘azoni g‘azoliklardan tozalab, bu yerlarda nazorat o‘rnatishini aytdi. Bu – de-fakto sektorni Isroilga olib berish degani. Boshida buni ko‘pchilik jiddiy olmadi, muzokara taktikasi deya yaxshi gumon qildi. Lekin Tramp rostdan ham g‘azoliklarni ko‘chirish uchun joy izlayapti.

AQSh prezidenti bu maqsadiga erishish uchun arab davlatlariga qattiq bosim qilyapti. Ikki milliondan ortiq g‘azoliklarni ko‘chirib, bu yerlarni to‘liq Isroilga berish niyatida. Tarixda ko‘rilmagan bezbetlik, ochiq-oydin etnik tozalashga urinish.

G‘azo, Falastin mana 77 yildirki qon yig‘laydi. 1948 yilda tashkil topgan Isroil tinimsiz jabr-zulm qiladi. Isroil faqat kengayib bormoqda. Falastin esa shu paytgacha tashkil topmadi. Shu paytgacha Isroil “bir kun Falastin davlati tashkil topar, lekin hozir emas” deya aldab keldi. Bugun esa: “Umid qilmang, Falastin davlati hech qachon tashkil topmaydi” deb qo‘rqmasdan aytmoqda.

Isroil AQShga ishonadi, G‘arbga suyanadi, qo‘rqmaydi, bilganini qildi va qilyapti.

Xo‘sh, nega ikki milliarddan ortiq musulmon dunyosi jim? Nega G‘arb bu qadar qudratli bo‘lib ketdi? Uning qudrati zamirida nima turibdi? Nega musulmon dunyosi bu qadar strategik zaiflik, holsizlik holatiga tushib qoldi?

G‘arb liberalizm orqali kuchaydi. Erkinlik – juda qudratli tuyg‘u, uning aksi bo‘lmish – jabr-zulm, qaramlik va yoki qullik – inson qadr-qimmatini yerga uruvchi holat. Barcha xalqlar, sivilizatsiyalarda insonlar teng qobiliyatlar bilan tug‘ilishadi. Ba’zi xalqlarning miyasi tug‘ma kuchli, boshqalari tug‘ma ongi past bo‘lmaydi. Faqat o‘sha jamiyatlardagi, davlatlardagi vaziyat, siyosiy tizimlar, o‘rnatilgan o‘yin qoidalari bu xalqlarning ba’zilarini juda qudratli, ba’zilari zaif bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Jamiyatda insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda erkinlik asosiy qoida bo‘lar ekan, jabr-zulmga yo‘l berilmas ekan, raqobatning asosida erkin insonlar munosabati turar ekan, jamiyatlar katta milliy boylik yaratishi – qonuniyat. Ushbu davlatlar iqtisodiy, siyosiy, harbiy qudrat o‘stirishi – qonuniyat.

G‘arb demokratiya orqali, huquqiy davlatchilik orqali, iqtisodiy va siyosiy liberalizm orqali kuchaydi, global qudratga erishdi. Aksariyat musulmon davlatlari esa haliga qadar o‘zining o‘zliklari, xavfsizlik, erkinlik va dunyoviy davlatchilik o‘rtasida muvozanat qura olgani yo‘q.

Davlatlar ham odamlarga o‘xshaydi. Tasavvur qiling, yo‘lda ketayotib, yo‘lidan ariq chiqsa, kimdir qo‘rqmasdan sakrab, yo‘lida davom etadi. Yana kimdir o‘zini o‘zi qo‘rqitib, “sakrab o‘tayotganimda ariqqa yiqilib tushsam nima bo‘ladi?” deya, ariq oldida qotib turaveradi.