18:56 / 31.07.2023
13355

«Aniq muddat qonunchilikda bo‘lishi kerak» - Maktabga qabul yoshini o‘zgartirish taklifiga vazirlik munosabat bildirdi

«To‘g‘ri keladi yoki to‘g‘ri kelmaydini maktabdagi psixolog yoki qandaydir sub’yektiv yondashuv asosida qabul qilish ota-onalar orasida norozilikni keltirib chiqarishi mumkin», dedi Usmon Sharifxo‘jayev.

Foto: KUN.UZ

Maktabga qabul yoshi qanchalik to‘g‘ri belgilangan? Yosh chegarasi o‘zgartiriladimi? 31 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu kabi savollarga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev javob berdi.

«Bu masala [maktabga qabul yoshi] vaqtlimi yoki kech, bunday muhokamalar doim bo‘lgan. Oldingi qonunchilikni ko‘radigan bo‘lsak, bola 6-7 yoshida maktabga chiqadi deyilgandi.

Hozirgi holatda ham bola o‘quv yili sentabr oyidan bo‘lsa, 6 yosh-u 8 oyligida, ya’ni deyarli [6 yosh-u] 7,5 oyga yetgungacha maktabga chiqish imkoniyati mavjud. Agar oldingi holatga o‘xshab, qonunchilikda mavhum norma qo‘yiladigan bo‘lsa, qaysidir jihatdan joylardagi talqinni o‘ziga moslash holatiga olib keladi. Ya’ni 6-7 yosh deganda, 6 yosh-u 1 kun ham, 6 yosh-u 11 oy ham nazarda tutiladi.

To‘g‘ri keladi yoki to‘g‘ri kelmaydini maktabdagi psixolog yoki qandaydir sub’yektiv yondashuv asosida qabul qilish ota-onalar orasida norozilikni keltirib chiqarishi mumkin. Vazirlikning pozitsiyasini so‘ragan edingiz, bunda aniq muddat belgilanishi kerak. Chunki bu keyingi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishga olib keladi.

Biz yil boshida Statistika agentligi, boshqa manbalarning raqamlariga asosan, taxminan, maksimal shu muddatda tug‘ilgan bolalarning qanchasi maktabga kela olishini bila olamiz. Agarda biz xohlasa keladi, falon yoshdan majburiy, falon yoshdan ixtiyoriy deb qabul qiladigan bo‘lsak, 500 ming nafar bola ham kelishi mumkin, 50 nafar ham kelishi mumkin. 

Bu sentabrda prezident sovg‘alari, darsliklar va hatto maktab o‘rinlari taqsimotini umuman rejalashtirib bo‘lmaydigan holatga olib keladi. Men kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarni aytyapman. Nima bo‘lgan taqdirda ham aniq muddat qonunchilikda bo‘lishi kerak. 

Bu qanday muddat bo‘lishida esa yana «yana»lar qo‘shiladi. Bu qandaydir vazirlikning xodimi, vazir o‘rinbosarining fikriga tayaniladigan masala emas. Bu – avvalambor ilmiy yondashuvlar asosida amalga oshiriladigan jarayon. 

Hammamiz negadir 7 yoshli bolaning rejasini o‘ylaymiz-da. Ertaga u bola 10-11 yoshda balog‘atga yetadi, kerak bo‘lsa 15-16 yoshda yana organizmida o‘zgarish davri bo‘ladi. U vaqtli chiqib qolishi natijasida, balki 7 yoshida bilinmas, uning dunyoqarashi, jismoniy rivojlanishi o‘zi bilan o‘qiyotgan tengqurlari bilan qanchalik mos bo‘ladi?

Bu savolga men hech qanaqasiga javob berolmayman. Buni ilmiy asoslab ko‘rish kerak. Amaldagi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi salkam 3 yil davomida yaratilib, muhokamadan o‘tgan edi. Maydonlarda bu qonun moddama-modda muhokama qilingan, qancha bahslarga sabab bo‘lganidan so‘ng shu qaror qabul qilingan», – deydi Usmon Sharifxo‘jayev. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil sentabr oyida «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar birinchi sinfga 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadigan bo‘lgandi.

Kun.uz avvalroq bog‘cha va maktabga qabul necha yoshdan boshlanishi kerakligiga e’tibor qaratib, bu bo‘yicha mutaxassislar bilan intervyu o‘tkazgandi.

Top