Jahon | 09:59 / 31.07.2023
11761
13 daqiqa o‘qiladi

Moskvada «Rossiya-Afrika» sammiti. Hozir Rossiyaga global ambitsiyadagi uchrashuvlar nega kerak?

Bugungi Rossiya uchun Afrika davlatlari bilan munosabatlarga bag‘ishlangan sammit ko‘proq eski davrlar merosi bo‘lib, undan voz kechish juda qiyin. Bir necha yil oldin Rossiya Afrikada muhim ustunliklar: sovet davrida yaratilgan inson va xo‘jalik aloqalari, tarixiy jarohatlar bo‘lmagan reputatsiyaga ega edi.

Foto: Mixail Tereshchenko / TASS / AFP / Scanpix / LETA

«Ammo Rossiya Ukrainaga qarshi nihoyatda muvaffaqiyatsiz urush boshladi va iqtisodiy jihatdan zaiflashdi. Bu Afrikaga bog‘liq emasdi va aftidan, Afrika ham endilikda Rossiyaga juda bog‘lanmagan. Biroq sammit maydonida Vladimir Putinni tashvishlantiradigan va o‘ylantiradigan deyarli hamma narsa bo‘ldi», deydi Rossiyaning Afrikadagi siyosati va xalqaro harbiy masalalar bo‘yicha tadqiqotchi Vadim Zaytsev. Quyida Carnegie Politika loyihasi eksperti Zaytsevning to‘liq maqolasi keltiriladi.

Sankt-Peterburgda ikkinchi «Rossiya-Afrika» sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Qachonlardir Afrikaning o‘nlab delegatsiyalari ishtirok etgan ushbu keng ko‘lamli tadbir G‘arb bilan global qarama-qarshilikda Rossiya Federatsiyasi manfaatlarini ilgari surish vositalaridan biri sifatida o‘ylab topilgan edi. Ammo o‘shandan beri Rossiyaning iqtisodiy va xalqaro pozitsiyasi keskin o‘zgardi va endi bu sammit qandaydir amaliy ahamiyatga ega ko‘rinmaydi. U ko‘proq Vladimir Putin deyarli hech qanday natija bermasa ham o‘zini tashvishlantirayotgan mavzularni chet el auditoriyasiga gapirib berishi uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.

Afrika urush fonida

G‘arbda ham, Rossiyada ham, Ukrainada ham «Rossiya-Afrika» sammitiga bo‘lgan e’tibor kuchayishi ancha tushunarli. Afrika Rossiya-Ukraina urushidan juda uzoqda bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo aslida harbiy harakatlarning salbiy oqibatlari qit’aga bevosita ta’sir qiladi. Birgina Qora dengiz orqali g‘alla yetkazib berishning uzilishini eslash kifoya — urushdan oldin Afrikaning 15 davlati import g‘allaning yarmini Ukraina yoki Rossiyadan olgan.

Rossiyaning neft va gaz eksportiga kiritilgan sanksiyalar tufayli energiya resurslari narxi oshishi Afrika davlatlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bu inflatsiyani tezlashtirdi va tashqi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi bilan birgalikda davlat budjetlari barqarorligiga zarba berdi. Buning ortidan kredit reytinglari pasayishi va shunga mos ravishda qarz olish va qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshishi kuzatildi.

Yana bir muhim jihat, Afrika BMTdagi eng yirik mintaqaviy ovoz beruvchi blokdir. Ukraina inqirozi bo‘yicha qabul qilingan har bir rezolyutsiya, hozir ma’nosiz ko‘ringaniga qaramay, ertami-kechmi boshlanadigan tinchlik jarayoni uchun katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, Afrika yetakchilari ham yakka tartibda, ham jamoaviy ravishda, o‘zlarining hammaga ma’lum teng masofalari tufayli urushni tugatish yo‘llarini izlashda Moskva va Kiyev uchun ehtimoliy vositachilardan biri hisoblanadi.

Sankt-Peterburgdagi sammit arafasida Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba muzokaralar dasturi bilan urush boshlanganidan buyon Afrika bo‘ylab uchinchi turnesiga chiqqani bejiz emas. Bu dastur doirasiga «g‘alla bitimi» buzilganidan keyin Ukraina qishloq xo‘jaligi sanoati mahsulotlarini yetkazib berishning muqobil yo‘llarini izlash va prezident Zelenskiyning «tinchlik formulasi»ni muhokama qilish kiradi.

Afrikaliklarning eng yaxshi do‘sti

Agar yangiliklar sarlavhalarida sovet propagandasi va zamonaviy fitna nazariyasidan olingan shtamplar to‘plamini xayoliy tarzda birlashtirgan «neokolonial g‘oya», «oltin milliard», «neoliberal qadriyatlar» va boshqa shunga o‘xshash iboralar ko‘rina boshlasa, unda katta ehtimol bilan prezident Vladimir Putin yana xalqaro vaziyatni baholab, chiqish qildi deb taxmin qilish mumkin. Mustamlaka zulmi haqida gapirganda, u, albatta, rivojlanayotgan mamlakatlarni, birinchi navbatda afrikaliklarni tilga oladi hamda Rossiyani ittifoqchi va «global Janub»ning manfaatlarini ifoda etuvchi sifatida ko‘rsatadi.

2023 yil mart oyida qabul qilingan Rossiya Federatsiyasi tashqi siyosatining yangi konsepsiyasida «g‘arbiy gegemonlik» va «jahon mustamlakachilik tizimi» haqidagi doimiy majburiy tezislar bilan bir qatorda Afrika haqida butun bir bo‘lim paydo bo‘ldi (konsepsiyaning oldingi versiyasida Afrika faqat bir marta, unda ham qit’aning shimoliy qismi eslab o‘tilgan). Bundan tashqari, hujjatda Rossiya va Afrika umumiy maqsad sari intilayotgan kuchlar sifatida ko‘rsatiladi: «yanada adolatli ko‘p qutbli dunyoni o‘rnatish va bir qator rivojlangan mamlakatlarning Afrikaga nisbatan murakkab neokolonial siyosati tufayli kuchayib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlikni bartaraf etish».

Putinning ushbu sammitga bag‘ishlangan «Rossiya va Afrika: tinchlik, taraqqiyot va muvaffaqiyatli kelajak uchun harakatlarni birlashtirish» nomli dasturiy maqolasida ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari aniq ta’kidlangan, bular yangi dunyo tartibi («yana adolatli va demokratikroq»), teng hamkorlik, «noqulay tashqi ta’sirlardan xoli» ta’minot zanjirlari va moliyaviy mexanizmlar yaratishdir.

Yuqorida sanab o‘tilgan har bir punkt ortida ko‘proq Afrikaga emas, balki sanksiyalar bilan izolyatsiya qilingan va butun G‘arb bilan bilvosita urushayotgan Rossiyaning o‘ziga tegishli tashvishlar borligini qayd etish qiyin emas. Ammo buni umuman rivojlanayotgan dunyoni va ayniqsa Afrikaning eng qashshoq mamlakatlarini himoya qilish haqidagi suhbat doirasida aytish qulayroqdir.

Sammitlar orasida

Bugungi Rossiya uchun Afrika bilan munosabatlarga bag‘ishlangan sammit ko‘proq o‘tmish, nisbatan gullab-yashnagan davrlar merosi bo‘lib, shubhali foydalarga qaramay, undan voz kechish juda qiyin. 2000-yillar boshlarida va hatto 2014 yildan keyin ham Kremlning Afrika yo‘nalishidagi harakatlari mantiqiy va juda istiqbolli ko‘rinardi. 2019 yilda o‘tkazilgan oldingi sammit, Rossiya yana Afrikaga qaytib, qit’ada «eski» (sobiq metropoliyalar va AQSh) va «yangi» (Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi) davlatlar bilan bir qatorda muhim mintaqaviy kuch o‘rnini egallagan paytda, munosabatlardagi istiqbolli yangi bosqichning boshlang‘ich nuqtasi sifatida ko‘rilgan edi.

Va haqiqatan ham, o‘sha vaqtda Rossiya Afrikada o‘ziga xos ustunliklar: sovet davrida yaratilgan inson va xo‘jalik aloqalari, tarixiy jarohatlar bo‘lmagan reputatsiya, mintaqada xavfsizlik, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida talab qilinuvchi vakolatlar to‘plamiga ega edi.

2019 yilda Sochiga Afrikaning 54 davlatidan 45 tasining prezidenti yoki bosh vaziri kelgani ajablanarli emas. O‘shanda prezident Putin yaqin 4-5 yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish vazifasini qo‘ydi va tashkilotchilar umumiy qiymati 1 trillion rubldan ortiq (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha – taxminan 15 milliard dollar) bo‘lgan yuzga yaqin kelishuv va o‘zaro anglashuv memorandumlari bilan maqtandi.

Oradan to‘rt yil o‘tib biz nimani ko‘rmoqdamiz? Hatto «Valday» klubining Kremlga sodiq ekspertlari ham sammit arafasida «2019 yilda Afrika bilan barcha darajalarda ishlashga berilgan impuls, albatta, ta’sirini baholash qiyin bo‘lgan tashqi omillar tufayli kerakli yo‘sinda davom etmadi va amaliyotga joriy etilmadi» deya ta’kidladi. Ikki tomonlama savdo hajmi ikki baravarga ko‘payish o‘rniga, kamaydi ham. Rossiyaning Afrikaga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardagi ulushi taxminan 1 foizni tashkil etadi (Shveytsariya va Singapurdan ham kam).

Bundan tashqari, sammitlar oralig‘idagi vaqt davomida Moskva Afrikadagi obro‘siga sezilarli darajada putur yetkazdi. Buni ijtimoiy so‘rovnomalar, BMTdagi ovoz berish va hozirgi urushda afrikaliklarning Ukrainaga xayrixohligi orqali payqash mumkin. Bunda nafaqat Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, balki «Vagner»ning qit’adagi harakatlari ham muhim rol o‘ynadi. Kompaniya jangchilari inson huquqlari buzilishi va Yevgeniy Prigojinga aloqador kompaniyalarning biznes manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq mojarolarga muntazam ravishda tushib keldi.

Prigojinning Afrikadagi faoliyati XVIII-XIX asrlardagi harbiy savdo kompaniyalarini eslatadi, ular uzoq mamlakatlardagi tabiiy boyliklarni ekspluatatsiya qilishda ona davlat (o‘zi mansub bo‘lgan davlati) manfaatlariga nominal rioya qilgan holda xususiy kuch resurslarini birlashtirgan. Vagnerchilarning shunday ish uslubi, shuningdek, Ukrainaga qarshi mohiyatan imperialistik urush Putinning neokolonializmga qarshi kurash haqidagi ritorikasini qadrsizlantiradi va afrikaliklar ko‘z o‘ngida Rossiyani obro‘sizlantiradi.

Boshqacha aytganda, 2019 yilgi sammitdan beri Rossiya iqtisodiy jihatdan zaiflashdi va muvaffaqiyatsiz urushga kirdi, natijada Moskvaga hatto mintaqaviy kuch maqomini saqlab qolish ham qiyin bo‘ladi, global ambitsiyalar haqida esa gapirish ham shart emas. Bu Afrikaga bog‘liq emas. Va Afrika, aftidan, endi Rossiyaga bog‘lanmagan.

Yetakchilar haqida

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov sammitga kelgan afrikalik yetakchilar soni qisqarishiga «ish jadvali» va «G‘arb bosimi» sabab bo‘lganini unchalik ishonarli bo‘lmagan holda aytishga majbur bo‘ldi. Sankt-Peterburgga jami 17 davlat rahbari, besh nafar vitse-prezident, to‘rtta hukumat rahbari va bir parlament raisi keldi. Demak, bu safargi sammitga 27 davlatdan oliy siyosiy yetakchilar darajasidagi vakillar kelgan. Taqqoslash uchun, 2019 yilgi sammitga 45 davlatdan delegatsiya kelgan edi.

Ko‘rinishidan, yuqori lavozimli amaldorlarning tanqisligi tufayli Kremldagilar o‘tmishdagi Afrika rahbarlarining avlodlarini sammitga olib kelishga qaror qilgan. Masalan, Jazoirning birinchi prezidenti (va Sovet Ittifoqi qahramoni) Ahmad ibn Bellaning qizi, Belgiya Kongosi mustaqilligi uchun kurashgan Patris Lumumbaning (2023 yil mart oyida Rossiya xalqlar do‘stligi universitetiga uning nomi qaytarilgandi) o‘g‘li, aparteidga qarshi afsonaviy kurashchi Nelson Mandelaning nevarasi kabi. Mandelaning nevarasi RT telekanaliga intervyu berib, afrikaliklar G‘arb nazoratidan xalos bo‘lishi zarurligi va «ommaviy madaniyat» bosimi ostida o‘z shaxsiyatini saqlab qolish muhimligi haqida gapirdi.

Sammit dasturi Putinning didi va qarashlaridan kelib chiqqan holda tuzilgan. Masalan, u rossiyalik sportchilarning xalqaro musobaqalardan chetlatilishini «asosiy inson huquqlarining tsinik tarzda buzilishi» deya hisoblashi ma’lum. Aynan shu sabab, afrikalik hamkorlar bilan, Rossiya sportini deyarli to‘liq boykot qilish sharoitida Olimpiadaga javob sifatida o‘ylab topilgan «Do‘stlik o‘yinlari» istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Rossiya rahbarining yana bir sevimli mavzusi — suverenitetni olamiz. Sammit doirasida milliy, oziq-ovqat, madaniy, axborot, texnologik, raqamli va hattoki saylov suvereniteti va bundan tashqari, biologik xavfsizlik sohasidagi suverenitet mavzulari ko‘tariladi.

Putinni o‘ylantiradigan va tashvishlantiradigan deyarli hamma narsa sammitning muhokama maydonlarida o‘z aksini topadi: bu yerda neokolonializm, rusofobiya, noqonuniy sanksiyalar, import o‘rnini bosish, an’anaviy qadriyatlar va axloqiy me’yorlar haqida gapirishadi. Ushbu mavzular savol shaklida anons qilinishi ayniqsa qiziqarli ko‘rinadi: «Rossiya va Afrika birgalikda an’anaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash va bu bilan bog‘liq o‘zaro manfaatlarni agressiv liberalizm hujumidan himoya qilishga qanday hissa qo‘shishi mumkin?»

Va mana nima sammitga yetishmayapti — bu real iqtisodiy va siyosiy mazmun. Ammo agar Putin Rossiya bu adolatsiz dunyoda yolg‘iz emasligini, G‘arb gegemonligiga qarshi kurashda uning ko‘plab hamfikrlari va tarafdorlari borligini eshitishni istasa, «Rossiya-Afrika» sammiti, shubhasiz, bu vazifasini bajaradi. Hozirgi sharoitda bundan ortig‘ini kutish qiyin.

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid