O‘zbekiston | 22:49 / 01.08.2023
3640
3 daqiqa o‘qiladi

Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari tibbiyot markazi tashkil etiladi 

Markaz sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklari profilaktikasi, ularni erta aniqlash va davolash dasturlarini amaliyotga joriy etadi. 

Foto: Getty Images

Otorinolaringologiya sohasida tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash, aholining ehtiyojmand qatlamlariga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, sohadagi nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiy kadrlarni tayyorlash va ilm-fanni rivojlantirish maqsadida «Otorinolaringologiya xizmatini takomillashtirish va uning ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi. 

Unga ko‘ra, 

1 sentabrdan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etiladi. 

Markaz otorinolaringologiya yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi hamda «Markaz – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari» tizimi asosida o‘z faoliyatini tashkil etadi. 

Shuningdek, otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklari sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi, ushbu yo‘nalishlarda mutaxassislarni o‘qitish va ularning ko‘nikmalarini rivojlantirish choralarini ko‘radi hamda ilmiy maktabni shakllantiradi. 

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklari profilaktikasi, ularni erta aniqlash va davolash dasturlarini amaliyotga joriy etadi. 

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Markazda otorinolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha tibbiyot kadrlarini klinik ordinatura orqali tayyorlash tashkil qilinadi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining otorinolaringologiya bo‘limlari Markazning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan hududiy filiallari hisoblanadi. 

Markaz va uning hududiy filiallari tibbiyot yo‘nalishidagi oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun klinik baza sifatida faoliyat yuritadi. 

Markaz faoliyati davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish doirasidagi grantlar, pulli xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid