O‘zbekiston | 07:21 / 01.08.2023
33807
2 daqiqa o‘qiladi

Sinoptiklar avgust oyida ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi

O‘zbekistonda avgust oyining o‘rtacha oylik harorati iyul oyining o‘rtacha oylik haroratidan +1,5...+2,5 darajaga past, ammo baribir bu juda issiq oydir.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, Toshkentda barcha kuzatuv yillari uchun avgust oyida maksimal harorat +43,1 darajani tashkil etgan, bu holat 1944 yil 8 avgustda qayd etilgan. Ushbu qiymatga yaqin bo‘lgan maksimal harorat 2011 yil avgust oyida kuzatilgan (+43,0 daraja).

O‘zbekistonda barcha kuzatuv yillari uchun 2021 yilning avgust oyi eng issiq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik harorat me’yordan +1,5...+2,5 darajaga yuqori bo‘lgan. Biroq, 2021 yil avgust oyida ekstremal yuqori harorat kuzatilmagan. Toshkentda maksimal havo harorati +40,0 daraja belgisidan bir marta bo‘lsa ham yuqoriga ko‘tarilmadi.

Dunyoning yetakchi prognostik markazlari hisob-kitoblarini jalb qilgan holda, “O‘zgidromet” tomonidan tuzilgan dastlabki baholash bo‘yicha ushbu yilning avgust oyi o‘rtacha issiq bo‘ladi.

Oyning dastlabki besh kunligida maksimal havo harorati +35...+40 daraja atrofida bo‘ladi, so‘ngra harorat foni +33...+38 darajagacha pasayadi.

Keyinchalik avgust oyi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Kunduz kunlari harorat asosan +33...+38 daraja atrofida, ayrim kunlarda +40 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Oyning ikkinchi yarmida harorat +30...+33 darajagacha qisqa muddatli davrga pasayishi mumkin.

Faqat respublikaning ayrim, asosan tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Mavzuga oid