Jahon | 19:18 / 02.08.2023
19336
14 daqiqa o‘qiladi

AQShda 2024 yilgi saylovlarda uchinchi nomzod paydo bo‘lishi mumkin: U Bayden va Trampni yenga oladimi?

AQShda o‘tadigan navbatdagi prezidentlik saylovlarigacha bir yildan sal ziyod vaqt qoldi. Praymeriz natijalari amalda hal qilib bo‘lingan deyish mumkin: demokratlar baribir Jo Bayden nomzodini ko‘rsatishadi, respublikachilar esa tabiiyki, Donald Trampni.

Oldingi saylovoldi debatlari. Foto: Jim Bourg / Getty Images

Bu siyosatchilar kurashining navbatdagi raundidan toliqish uchinchi nomzod ilgari surilishiga olib kelishi mumkin — mo‘’tadil platformaga ega bo‘lgan No Labels siyosiy guruhi bunday kampaniya uchun allaqachon mablag‘ to‘plashni boshlab yuborgan.

«Meduza» nashri avvalgi bunday urinishlar haqida hikoya qilib, markazchi nomzodning imkoniyatlari, qandaydir boshqa nomzodning ilgari surilishi Bayden va Trampga xalaqit bera olish-olmasligini tahlil qildi.

Nega AQShda ikki nomzoddan biri tanlanadi? Doim shunday bo‘lganmi?

Amerika siyosatida doimo ikki partiya yetakchilik qilib kelgan. Ular vaqt o‘tishi bilan o‘z mafkurasini o‘zgartirishi, tanazzulga uchrashi ham mumkin, biroq saylovda g‘alaba uchun faqat shu ikkisi kurashib kelgan. Avvaliga ular federalistik va demokratik-respublikachilar partiyasi deb atalgan. So‘ng birinchisi aholi qo‘llovidan mosuvo bo‘lib tarqab ketgan, ikkinchisi esa viglar va demokratlarga bo‘lingan. XIX asr o‘rtalarida viglar partiyasi quldorlikka turlicha munosabat tufayli bo‘linib ketgan, partiya a’zolarining bir qismi respublikachilar partiyasini tuzgan va u hanuz Amerika siyosatida demokratik partiya bilan paydar-pay hukmronlik qilib kelmoqda.

Ikki partiyali tizim saylovlarni o‘tkazish qoidalari tufayli shakllangan. Prezident saylovlaridan tashqari AQShda barcha saylovlar bitta turda o‘tkaziladi: oddiy ko‘pchilik ovozni olgan nomzod g‘alaba qozonadi. Shu sababli siyosatchilar ikki asosiy partiyadan biriga qo‘shilishni afzal bilishadi, saylovchilar esa muqobil nomzodlarga o‘z ovozini taqdim etishdan ma’ni ko‘rishmaydi. Siyosatshunoslikda bu hodisa Dyuverjye qonuni deb ataladi.

AQShda boshqa partiyalar mavjud bo‘lishi taqiqlanmagan, shu sababli har saylovda o‘nlab boshqa birlashmalardan ham nomzodlar ko‘rsatiladi. Odatda ularni kamsonli saylovchilar qo‘llashadi, biroq Kongressga bir necha bor grinbekerlar, populistlar, sotsialistlar, progressistlar partiyalaridan vakillar saylanishgan. Alaloqibatda ularning barchasi qayta saylana olishmagan yoki demokrat va respublikachilarga qo‘shilib ketishgan. Kongressga ahyon-ahyonda partiyasiz siyosatchilar ham saylanib qolishadi — masalan, ayni paytda AQSh senatida ikki nafar mustaqil a’zo bor, ulardan biri Vermontdan saylangan demokrat-sotsialist Byorni Sanders.

Boshqa ovoz berish jarayonlaridan farqli o‘laroq, AQSh prezidenti saylovlari ikki bosqichli tizimda o‘tkaziladi: prezidentni saylov vakillari kollegiyasi aniqlaydi. Unga shtatlarning aholisiga qarab proporsional taqsimlangan 538 kishi a’zo. Har bir saylov vakili uning shtatida oddiy ko‘pchilik ovoz bilan g‘olib chiqqan nomzod uchun ovoz berishga majbur. G‘olib chiqish uchun nomzodga saylov vakillarining yarmidan ko‘prog‘ining ovozi zarur. Bunday tizim ikki partiyaning raqobatga kirishishini rag‘batlantiribgina qolmasdan, saylovni turli soxtalashtirishlardan ham himoya qiladi.

Joriy qoidalar qabul qilinganidan buyon faqat bir marta saylov vakillari kollegiyasi prezidentni saylay olishmagan: 1824 yilda saylovda to‘rt nomzod ishtirok etgan va ularning har biri turli shtatlarda g‘alaba qozonishgan. O‘sha yili prezidentni Kongressning quyi palatasi ovoz berish yo‘li bilan saylagan. Shundan so‘ng «uchinchi partiyalar» nomzodlari garchi saylov vakillariga prezidentni saylashda xalaqit bera olishmagan bo‘lsa-da, bir necha bor vaziyatni jiddiy tarzda chigallashtirishgan.

Masalan, 1860 yilda — fuqarolar urushidan avval to‘rt nomzoddan har biri kamida bir shtatda bo‘lsa ham g‘alaba qozongan va Avraam Linkolnga saylov vakillari kollegiyasining ko‘pchilik ovozini yig‘ish uchun 39,8 foiz ovoz to‘plash yetarli bo‘lgan. 1912 yilda esa prezidentlik kursiga qaytishga uringan Teodor Ruzvelt respublikachilar elektorati bo‘linishiga sabab bo‘lgan va demokrat Vudro Vilsonning g‘alabasini ta’minlab qo‘ygan. Xuddi shunday vaziyat 1968 yilgi saylovlarda ham kuzatilgan. O‘ganda sobiq demokrat Jorj Uolles respublikachi Richard Niksonga ishonchli g‘alaba qozonishga ko‘maklashib yuborgan.

Avraam Linkoln Stiven Duglas bilan debatlar chog‘ida. 1858 yilning 7 oktyabri. Foto: Authenticated News / Archive Photos / Getty Images

O‘shandan buyon eng muvaffaqiyatli uchinchi nomzod biznesmen Ross Pero bo‘lgan. U 1992 yilda saylovchilarning qariyb 20 foiz ovozini to‘plagan. Garchi u shtatlarning birortasida g‘alaba qozona olmagan va saylov vakillarining ovoziga ega bo‘lmagan bo‘lsa ham. Uzoq yillar davomida Amerika siyosatida Pero respublikachilar vakili, katta Jorj Bushning qayta saylanishiga xalaqit bergan, degan mif mavjud edi. Aslida u Bushdan ham, saylovda g‘alaba qozongan Bill Klintondan ham teng ovozlarni o‘zi tomon og‘dira olgan.

1992 yildan so‘ng uchinchi nomzodlar faqat spoyler ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. 2000 yilda demokrat Albert Gor saylovchilarning ko‘pchilik ovozini qozonishga muvaffaq bo‘ldi, biroq Floridada 537 ta ovoz ortda qolgani bois saylov vakillari kollegiyasi ovozini to‘plashda yutqazdi; o‘sha saylovda saylovchilarning uch million ovozini, jumladan, Floridada 100 ming ovozni yashillar partiyasi vakili Ralf Neyder to‘plagan. Uning maslahatchisi maqsad demokratlarga xalaqit berish ekanligini ochiqchasiga aytgan. O‘shanda kichik Jorj Bush prezident etib saylangan edi.

Shunga o‘xshash holat 2016 yilgi saylovlarda ham ro‘y berdi: demokrat Hillari Klinton uchun saylovchilarning ko‘proq qismi ovoz berishgan, biroq saylov vakillari kollegiyasi ovozlari bo‘yicha respublikachi Donald Tramp undan o‘zib ketgan. Yana ayb yashillar partiyasiga qo‘yildi: undan ko‘rsatilgan nomzod Jill Stayn Klinton xonim uchun yetarli bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lgan bir yarim million ovozni to‘plagandi.

Uchinchi nomzodda 2024 yilda imkoniyat bormi?

Jo Bayden va Donald Tramp AQSh aholisi orasida u qadar sevimli emas, biroq partiyadoshlari ichida ularning har biri 80 foizlik qo‘llovga ega, shu sababli ular 2024 yilgi saylovlar praymerizida yaqqol favoritlar sifatida ko‘rilmoqda. Bu uchinchi nomzodni ilgari surish uchun sharoitlar yaratishi ham mumkin. Ehtimol, demokratlar va respublikachilar yetakchilariga ko‘rinarli muqobil nomzodlar o‘ngdan ham, so‘ldan ham paydo bo‘lar, biroq eng keng miqyosli kampaniyani markazchilar allaqachon boshlab yuborishdi.

No Labels notijorat tashkiloti 2010 yilda partiyalararo muloqotni kuchaytirish uchun paydo bo‘ldi. 2017 yilda uning vositachiligida Problem Solvers Caucus — vakillar palatasida har ikki partiyadan 60 dan ziyod markazchilar a’zo bo‘lgan mini-fraksiya tuzildi. NNT paydo bo‘lganidan buyon uni sobiq demokrat Nensi Robinson boshqaradi, 2020 yildan uning direktorlar kengashiga Merilendning sobiq respublikachi gubernatori Larri Hogan va o‘zining markazchi qarashlari bilan mashhur demokrat senator Jo Liberman a’zo bo‘lishgan. Endi No Labels Bayden va Trampni o‘ta so‘l va o‘ta o‘ng deb atamoqda hamda o‘zining mo‘’tadil nomzodini ilgari surishni rejalashtirmoqda. Ehtimolli nomlar orasida bank boshqaruvchisi, sobiq respublikachi gubernatorlar va hattoki amaldagi demokrat senatorlar ham sanalmoqda.

No Labels tarafdorlarining Vashingtonda o‘tkazgan mitingi. 2011 yilning 18 iyuli. Foto: Jacquelyn Martin / AP / Scanpix / LETA

Tashkilot allaqachon potensial prezidentlik saylovoldi kampaniyasi uchun 70 mln dollar to‘plagan. Bu summa tizimli siyosatchilar shtabi ixtiyorida bo‘lgan budjet bilan qariyb teng, ammo ular oddiy fuqarolarning xayriyalariga tayanadigan bo‘lishsa, No Labels’ni asosan yirik biznes vakillari moliyalashtirmoqda. Guruh allaqachon Arizona, Kolorado, Alyaska va Oregonda o‘z nomzodini qayddan o‘tkazish imkonini qo‘lga kiritgan va qolgan shtatlarda ham imzo to‘plashni davom ettirmoqda, Florida va boshqa bir necha hududlarda partiya bo‘linmalarini ham qayddan o‘tkazmoqda.

So‘rovnomalarning bilvosita ma’lumotlari saylovchilarning markazchi siyosatchilarga bo‘lgan potensial talabini ko‘rsatmoqda. Gallup so‘rovnomalarida respondentlarning 56 foizi ta’sir kuchiga ega uchinchi partiyani ko‘rishni istashayotganini aytishgan, NBC News so‘rovnomalarida turli sabablarga ko‘ra Tramp va Baydenning nomzodi ilgari surilishiga qarshi mos ravishda respondentlarning 60 va 70 foizi qarshi chiqishgan. Lekin, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra elektorat orasida real mo‘’tadil mustaqil saylovchilar ulushi 5 foizdan oshmaydi. O‘sha No Labels buyurtmasi bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada saylovchilarga juda yaxshi tanish Bayden va Tramp abstrakt markazchi bilan solishtirilgan — shu holatda ham u katta farq bilan ortda qolib, uchinchi o‘rinni egallagan. Tadqiqotchilar fikricha, mustaqil saylovchilarning ko‘pchiligi baribir saylovning so‘nggi onlarida demokratlar va respublikachilar nomzodidan birini tanlaydi.

Uchinchi nomzod Bayden va Trampga kurash taklif eta olmaydi, biroq ulardan biriga yordam berishi mumkin. Problem Solvers Caucus’ga a’zo demokrat kongressmenlar Baydenning qayta saylanishini qo‘llashlarini e’lon qilishdi, No Labels’dan ko‘rsatiladigan nomzodni esa Trampga g‘alaba qozonishda yordam beruvchi spoyler deb atashdi. Oq uy ham markazchini tahdid deb biladi va hattoki aksiltrampchi respublikachilar bilan mo‘’tadil nomzodning ilgari surilishidan ogohlantirish umidida muzokaralar o‘tkazmoqda. Biroq No Labels’dagilar bu ayblovlarni rad etishmoqda: NNTdagilar markazchi nomzod har ikki partiyadan ovozlarni tortib olib, saylovda g‘alaba qozonishi mumkinligini aytishmoqda. HarrisX tadqiqot markazi tadqiqotiga ko‘ra, buning uchun nomzod saylovchilarning 37 foiz ovozini to‘plasa bas.

Yana kimdir nomzod ko‘rsatishi mumkinmi?

Hatto No Labels o‘z nomzodini ilgari surish fikridan qaytgan taqdirda ham, Tramp va Bayden saylovdagi yagona nomzodlar bo‘lishmaydi. Har saylovda bo‘lgani kabi yuzlab kamtaniqli siyosatchilar va prankerlar qatnashish uchun ariza topshirishadi, garchi ularning deyarli barchasi shtatlarning aksariyatida saylov byulletenlariga nomlari bitilishiga erisha olmasa ham. Hozir ham shunday bo‘lmoqda.

Bunday nomzodlardan eng taniqlisi — o‘zini nasroniy sotsialist sifatida taqdim etayotgan aktivist va faylasuf Kornel Uestdir. U so‘l Xalq partiyasidan nomzod bo‘lib, yashillar partiyasi qo‘llovidan umid qilmoqda, 2016 yilda nomzodini ilgari surgan Jill Stayn esa unga saylov kampaniyasini o‘tkazishda yordam bermoqda. Demokratlar Uestni Baydenni ovozlardan mahrum etishi mumkin yana bir spoyler, deb atashmoqda.

Bundan tashqari, saylovlarda praymerizda yutqazgan nomzodlar ham ishtirok etishi mumkin. Demokratlar orasida antivakser Robert Kennedi bunga jazm etishi ehtimoli bor. Kennedi u qadar mashhur bo‘lmagan chog‘da demokratlarning 20 foizi sotsiologlarga praymerizda unga ovoz berishlarini ma’lum qilishgan: bu o‘rinda mashhur familiyasi yordam berib yuborgan. Endi turli mashmashalar ketma-ketligidan so‘ng uning reytingi demokratlar orasida tushib ketdi, lekin u ko‘plab respublikachilarga yoqa boshladi. Uning shtabi asosan konservatorlar sharofati bilan 6,5 mln dollar to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Respublikachilardan ham praymerizda qatnashayotgan kimdir o‘z nomzodini mustaqil ravishda ilgari surishi mumkin. Partiya apparati barcha qatnashuvchilardan debatlar o‘tkazishni talab qiladi va g‘olibni qo‘llab-quvvatlashini va’da qilgan. Debatlar 23 avgustda bo‘lib o‘tadi, biroq hujjatni shu paytgacha na Tramp, na uning raqobatchilari imzolashgan.

Qolaversa, Tramp praymerizda g‘alaba qozongan taqdirda ham, unga maqsadli zarar yetkazishni istagan respublikachilar ham prezidentlikka o‘z nomzodlarini ilgari surishlari mumkin. Sobiq kongressvumen Liz Cheyni potensial spoyler sifatida tilga olinmoqda. U Trampni tanqid ostiga olgach, uni fraksiyadagi mansabidan mahrum qilishgan, so‘ngra 2021 yilning 6 yanvarida Kapitoliyni shturm qilishni surishtirishdagi ishtiroki uchun partiyadan ham haydashgan. Uning o‘zi ham nomzodini ilgari surish imkoniyatini rad etmayapti va Trampning Oq uyga qaytib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidlamoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid