Jahon | 10:21 / 03.08.2023
11023
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Rossiyani Qora dengizdagi vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi

Qora dengizda Kiyev va Moskva o‘rtasidagi mojaro fonida Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an Putin bilan telefon suhbatida «g‘alla bitimi»ni tinchlik ko‘prigi deb atadi.

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2 avgust, chorshanba kuni Rossiya rahbari Vladimir Putinni Qora dengizda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroning har qanday keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti bilan telefon orqali suhbatda hozirgi keskin vaziyatning kuchayishiga olib keladigan har qanday qadamlardan voz kechish zarurligini ta’kidladi, deya xabar beradi Turkiya prezidenti matbuot xizmati. Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Qora dengiz don tashabbusining muhimligini ta’kidlab, uni tinchlik ko‘prigi deb atadi.

Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Putin Erdo‘g‘an bilan suhbatda Qora dengiz portlaridan Ukraina g‘allasini eksport qilish bo‘yicha «paket» kelishuvlarining bekor qilinishi va Rossiyadan oziq-ovqat va o‘g‘itlar yetkazib berilishi bloklangani munosabati bilan «Rossiyaning prinsipial pozitsiyasini bildirgan». «Ta’kidlanganidek, «g‘alla bitimi»ning Rossiya qismini amalga oshirishda muvaffaqiyatga erishilmagani sababli uning navbatdagi uzaytirilishi o‘z ma’nosini yo‘qotdi. G‘arb barcha talablarni amalda bajarishi bilanoq Istanbul kelishuvlariga qaytishga tayyorlik tasdiqlandi. Ular Rossiya oldida ma’lum bir majburiyatlarga ega», deyiladi xabarda.

2022 yil 22 iyulda imzolangan Qora dengiz g‘alla tashabbusi BMT, Turkiya, Rossiya va Ukraina o‘rtasida Ukraina donini Qora dengiz uchta porti: Chernomorsk, Odessa va Yujniy orqali xavfsiz eksport qilish uchun dengiz yo‘laklarini yaratish bo‘yicha kelishuvdir.

Shartnomaning ikkinchi qismi Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashni nazarda tutadi. Moskva kelishuvning bu qismi amalga oshirilmayotganidan bir necha bor noroziligini bildirgan. 17 iyulda «g‘alla bitimi» tugaganidan keyin RF Rossiyaga tegishli kelishuvlar bajarilmaguncha unda ishtirok etishdan voz kechdi. 

Erdo‘g‘onning matbuot xizmati 2 avgust kuni ta’kidlashicha, Turkiya prezidenti Qora dengiz don tashabbusining yana kuchga kirishi uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirish niyatida. 

Mavzuga oid