Toshkentda yangi qurilayotgan ko‘pqavat uylarda hali u, hali bu shakldagi muammolarning oxiri ko‘rinmayapti. Shaharsoz Temur Ahmedovning Kun.uz'ga aytishicha, bu muammolar shahar bosh rejasining yo‘qligi va nazorat mexanizmlari ishlamayotgani bilan bog‘liq. Davlat nazoratni ta’minlolmayotgan paytda xaridorlarning o‘zi tashabbusni qo‘liga olishi kerak, deydi u.
Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston poytaxtida yangi ko‘p qavatli uy-joylar bilan bog‘liq muammolar ko‘paydi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yangi uyning devorlari yorilib, avariya holatiga kelib qolgani, Yashnobodda oldindan to‘lov qilgan va 300 mlrd so‘m zarar ko‘rgan xaridorlar, Yakkasaroyda qurilishi cho‘zilayotgan yana bir “novostroyka” va o‘tgan haftada yap-yangi uydagi liftdan jasadi topilgan pochtachi ayol. Xo‘sh, nima sabab bunday muammolar yuzaga kelmoqda?
Yangi uylar qurilish va shaharsozlik me’yorlariga muvofiq barpo qilinyaptimi? Xaridorlar nima sabab kuyib qolishyapti? Kun.uz muxbiri mavzu atrofidagi savollarni xalqaro toifadagi shaharsoz Temur Ahmedovga berdi.
– Dastlab ritorikdek tuyulsa-da, so‘nggi vaqtlarda nima sabab aynan eski emas, yangi turar joy majmualari bilan muammo yuzaga kelayotgani haqida so‘ramoqchiman. Buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz? Vaholanki, poytaxtda ikkilamchi bozordan xonadon olayotgan yurtdoshlarimiz ham talaygina.
– O‘zbekistonda yashayotganimga salkam 3,5 yil bo‘lib qoldi, shu sababli asosan mana shu vaqt davomida ko‘rib kuzatganlarim hamda AQShda orttirgan tajribam asosida savollaringizga javob beraman. Yaqinda taksida ketayotganimda bir haydovchi yigit “kvartira” olish uchun pul yig‘ib qo‘yganini, shaharsoz ekanimni bilgach, bu borada unga qanday tavsiya bera olishimni so‘radi. Shunda men yangi turar joylardan “kvartira” olishni maslahat bera olmasligimni, eski uy-joylarning xonadonlari ancha chidamli ekanini aytdim. Xaridor quruvchi kompaniyani yaxshi bilmasa, qurilish davomida jarayonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmasa, qurilishni tekshirayotgan odamlarga ishonch yo‘q. Shuning uchun ham “novostroyka”lardan uy olishni tavsiya bermasligimni aytdim.










