Jahon | 08:03 / 07.08.2023
3716
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya yaqinida qayiqlar cho‘kishi oqibatida 30 nafar muhojir bedarak yo‘qoldi

Italiya qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati Lampeduza oroli yaqinida cho‘kib ketgan ikkita qayiqdan 57 nafar muhojirni qutqarib oldi. Ikki kishi halok bo‘ldi.

Foto: Italy Coast Guard/ROPI/picture alliance

Italiyaning janubiy Lampeduza oroli qirg‘oqlarida dam olish kunlarida ikkita muhojirlar qayig‘i halokatga uchrashi oqibatida 30 ga yaqin odam bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Italiya qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati 6 avgust, yakshanba kuni xabar berdi.

Unga ko‘ra, 57 kishi qutqarilgan. Bundan tashqari, bir ayol va bir bolaning jasadi topilgan. Cho‘kib ketgan muhojirlar qayiqlari Tunisning Sfaks shahridan jo‘nab ketgani taxmin qilinmoqda. ANSA agentligining omon qolganlarga tayanib xabar berishicha, birinchi qayiqda 48 kishi, ikkinchisida esa 42 kishi bo‘lgan. 

5 avgust kuni kechqurun Lampeduza oroli yaqinida yana bir qayiq qoyalarga kelib urilgan. Kuchli shamol va to‘lqinlar rifda omon qolishga uringan 34 nafar muhojirni qutqarishni qiyinlashtirdi, deya xabar berdi Italiya Tog‘da qutqarish xizmati (CNSAS). Sohil xavfsizlik xizmati ularga dengiz orqali yetib bora olmadi, odamlar havo orqali quruqlikka keltirildi. 

Italiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil boshidan buyon mamlakatga dengiz orqali deyarli 92 ming noqonuniy migrant kelgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 43 mingga yaqinni tashkil qilgan. Qochqinlar Tunis va Liviyadan O‘rta Yer dengizi orqali janubiy Italiya va Maltaga, shu jumladan yaroqsiz kemalarda o‘tishga harakat qilmoqda - buning natijasida ularning katta qismi nobud bo‘lmoqda. 

Mavzuga oid