O‘zbekiston | 07:22 / 10.08.2023
3816
2 daqiqa o‘qiladi

Latviya Farg‘onada yuqori texnologiyali agrologistika majmuasi qurishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston elchixonasi va Riga shahridagi Savdo uyi ko‘magida KGS Group qishloq xo‘jaligi logistika kompaniyasi rahbari Peteris Kaushelis va Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani hokimi Shamsiddin Turdaliyev o‘rtasida videokonferensiya tashkil etildi.

Latviyadagi elchixona ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda elchi Qadamboy Sultonov va Rigadagi O‘zbekiston Savdo uyi rahbari Vladimir Galperin ham ishtirok etdi.

Mamlakatimiz hududlari va KGS Group kompaniyasi o‘rtasida sarmoyaviy va texnologik hamkorlik masalalari hamda qo‘shma sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Peteris Kaushelis KGS Group kompaniyasining Oltiariq tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan yangi ko‘katlar, karam va boshqa turlarini yetishtirishning to‘liq siklini o‘z ichiga olgan yuqori texnologiyali agrosanoat majmualarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini jahon va Yevropa standartlariga muvofiq amalga oshirish niyatini tasdiqladi. 

Uning aytishicha, loyiha qiymati 10 million yevrodan oshadi. Yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Tayyor mahsulotlarning logistikasi tez buziladigan mahsulotlar xavfsizligini ta’minlaydigan KGS Group kompaniyasining o‘ziga tegishli muzlatkichli yuk mashinalari tomonidan amalga oshiriladi. 

Yetishtirilgan mahsulotlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid