Anchadan buyon bu haqda yozmoqchi edim. Mayli, aytadiganlarim hukmdan keyingi ilk post deb qabul qilina qolsin. Go‘yoki iqror misoli. Men tanamdagi qo‘rquv va nafratni yengishim kerak. Balki yozadiganlarim bunga yordam berar.

Nafrat. Bu haqda ko‘p yozishadi. Va mana, yana bitta xat kelibdi: sudyani yomon ko‘rasanmi? Putindan endi yanada ko‘proq nafratlanasanmi? Avval ham aytganman: qamoqxonada kurashish kerak bo‘lgan asosiy narsa – nafrat. Bu yerda nafratlanish uchun sabablar yetarli. Imkonsizlik esa vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Agar bu yerda ichingdagi nafratga erkinlik bersang, seni yeb bitiradi.

Ammo tan olaman, menda nafrat bor. Qanaqa deysizmi? Katta yoshdagilar internetdagi «telbalarcha nafratlanaman» degan memni eslaydi. Menda ham shunga o‘xshash holat, ayniqsa «sudlar»dan keyin. Aytgancha, menga 19 yil berilgan oxirgi sud bundan mustasno. Unda biz bir-birimizga yoqimli tilaklar bildirishda musobaqalashdik. Bundaylar sudyalarning eng xavfli turiga kiradi. Ular senga 19 yil qamoq jazosi berishadi-da, keyin senda ularga nisbatan simpatiya paydo bo‘lishiga harakat qilishadi.

Rayon sudlaridagi mahkamalardan keyin esa to‘g‘risi g‘azablanaman. U yerda juda oddiy ishlar ko‘riladi, huquqiy himoyalanishga hech qanday imkon yo‘q. Sudyalar ham qora rangga qarab «Bu oq, tushundingmi, chunki ma’lumotnomada oq yozilgan» deyishadi. Va noqonuniy hukmni hech uyalmay e’lon qilishadi.

Ba’zan o‘zimni tuta olmay Samoylovga o‘xshagan «sudya»larga baqirib yuborishim ham bor gap. Bilasizmi, men o‘zimdagi tanamga sig‘mas nafrat bilan aynan bu sudyadan nafratlanmayman. Yoki qamoqxonadagi bezori-o‘g‘ri-militsionerlardan ham, ularni boshqaradigan FSBdagilardan ham, har qancha hayratlanarli bo‘lmasin Putindan ham nafratlanmayman. Bunday lahzalarda bir vaqtlar men yaxshi ko‘rgan insonlardan, tomog‘im bo‘g‘ilguncha tortishib himoya qilganlarimdan va ularni yaxshi ko‘rganim uchun o‘zimdan nafratlanaman.

Hozir jarima izolyatorida o‘tirib Natan Sharanskiyning «Zulmdan qo‘rqmayman» asarini o‘qiyapman. Sharanskiy SSSRda 9 yil qamoqda o‘tirgan va 1986 yil uni almashtirishgan. Shundan keyin Isroilga ketib partiya tuzgan, katta muvaffaqiyatga erishgan va hatto mamlakat tashqi ishlar vaziri lavozimigacha ko‘tarilgan. Bir so‘z bilan aytganda, ajoyib odam. Darvoqe, karserda va jarima izolyatorida 400 kun yashagan. U bunday sharoitda qanday omon qolganini tasavvur qilolmayapman.

Sharanskiy kitobda qo‘lga olinishi va tergovni tasvirlaydi. 1977 yil, o‘sha vaqtda men 1 yoshda bo‘lganman. Kitob SSSRda 1991 yil, men 15 yosh vaqtimda chiqqan. Hozir 47 yoshdaman va kitobni o‘qib xuddi o‘zim haqimda o‘qiyotgandek bo‘lyapman. Masalan, jarima izolyatori binosi – simto‘r bilan ajratilgan alohida kazarma, izolyatorda bo‘lish uchun maksimal muddat – 15 kun. Bularni o‘qir ekanman, ketma-ket «15 kunliklar»dan keyin shafqatsiz jinoyatchi kabi kameraga olinganimdan ham ajablanmay qo‘ya qoldim. Hammasi o‘xshash.