Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yuliya Navalnaya eri koloniyada zaharlangani tasdiqlanganini ma’lum qildi
Aleksey Navalniy koloniyada zaharlangan – buni g‘arbning ikki davlati laboratoriyalarida o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari tasdiqladi. Siyosatchi jamoasi u yerga uning biologik namunalarini yetkazishga muvaffaq bo‘lgan.
Rossiyalik siyosatchining bevasi Yuliya Navalnayaning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i 2024 yil fevral oyida koloniyada zaharlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, biologik materiallarni tahlil qilgan ikkita laboratoriya shunday xulosa bergan. Navalnaya laboratoriyalardan natijalarni rasman e’lon qilishni talab qildi.
«2024 yil fevral oyidayoq biz Alekseyning biologik materiallari namunalarini ishonchli tarzda chet elga jo‘natishga muvaffaq bo‘lgandik. Ikki mamlakatdagi laboratoriyalar bir-biridan mustaqil ravishda ushbu namunalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazgan. Bir necha oy oldin men natijalar chiqqanidan va ushbu laboratoriyalar Aleksey zaharlab o‘ldirilgan, degan xulosaga kelganidan xabar topdim», – deya yozgan Navalnaya telegram-kanalida.
Bu qanday laboratoriyalar va ular qaysi mamlakatlarda joylashganiga siyosatchining bevasi aniqlik kiritmadi.
«Buyog‘iga nima bo‘ladi? Bilmayman. Rossiya fuqarosi Rossiya hududida o‘ldirildi. Barcha dalillar bazasi ham o‘sha yerda qolgan. Jinoiy ish qo‘zg‘atish va yuritish uchun g‘arb davlatlarida hech qanday qonuniy asos yo‘q», – deya davom etgan u.
U «turmush o‘rtog‘i Aleksey Navalniy aynan nimadan zaharlangani bo‘yicha tadqiqotlar natijalari oshkor etilishi»ni talab qilgan.
Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati Navalniyning o‘limi haqida 2024 yil 16 fevralda xabar bergandi. Siyosatchining safdoshlari avval ham u o‘ldirilganini aytib, uning o‘limida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ayblagandi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, o‘lim tabiiy sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan.
«Chindan ham keyinchalik biologik namunalar olib ketilgan», – deb yozdi Navalniyning safdoshi Ivan Jdanov.
Aleksey Navalniyning so‘nggi soatlari qanday o‘tgan?
Navalniyning jamoasi Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp koloniyasining besh nafar xodimidan siyosatchi hayotining so‘nggi kunlarida nimalar sodir bo‘lgani haqida ko‘rsatma olgan. Yuliya Navalnaya bu ko‘rsatmalarni batafsil so‘zlab beradi.
«Mening qo‘limda Xarp axloq tuzatish koloniyasining besh nafar xodimining ko‘rsatmalari bor, biz ularni ilgari hech qachon ochiqlamaganmiz. Ularning barchasi bu koloniyaga o‘tkazilgandan keyin va aynan 16 fevral kuni Aleksey bilan nimalar sodir bo‘lganini so‘zlab berishadi», – deydi Navalnaya o‘zining so‘zlari yozib olingan videoda. Uning aytishicha, koloniya xodimlarining ko‘rsatmalari taxminiy manzarani hosil qiladi, ularda nomuvofiqliklar mavjud.
Siyosatchining bevasiga ko‘ra, 3 fevral kuni Navalniyning oyog‘ida og‘riq boshlangan, uni tibbiyot xonasiga olib borishgan, u yerda qon bosimi va tana haroratini o‘lchashgan, ammo boshqa hech narsa qilishmagan.
«Keyin 19-kameraga qaytarishgan. Aleksey nevropatolog ko‘rigidan o‘tishni so‘raydi. 14 fevral kuni Alekseyni 19-kameradan 16-kameraga o‘tkazishdi – bu jarima izolyatori. Keyin u yerda ahvoli og‘irlashadi. 16 fevral kuni ertalab Aleksey yana oyog‘i og‘riyotganidan shikoyat qildi», – deya davom etadi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchining og‘riqdan shikoyati haqida koloniya xodimlari (u ularning familiyalarini keltiradi) aytib bergan, tibbiyot bo‘limi boshlig‘i Aleksey Lisyuk esa «Alekseydan sog‘lig‘i haqida hech qanday shikoyat bo‘lmagani»ni aytgandi.
16 fevral kuni 11:30 da kameralarga ovqat tarqatiladi, soat 12:00 da tushlik vaqti tugaydi, soat 12:10 da Navalniyni sayrga olib chiqishadi – bu kameradan uncha katta bo‘lmagan, lekin tomsiz hovli edi.
«Keyinchalik xavfsizlik guruhi katta inspektori Nemsevning aytishicha, sayr paytida Aleksey eshikni taqillatib, ahvoli yomonlashganini aytgan. Sayrgoh eshigi ochilganda, u cho‘kkalab o‘tirgan va ahvoli yomonligini takrorlagan. Ammo uni hatto tibbiy bo‘limiga ham olib borishmaydi», – deydi siyosatchining bevasi.
«Shunchaki 16-raqamli kameraga qaytarib olib kirishadi. Aleksey yerga yotib, tizzalarini qorniga tortadi va og‘riqdan ingray boshlaydi. U ko‘kragi va qorni achishayotganini aytadi, keyin qusishni boshlaydi, – deydi Navalnaya. – Nemsevning ko‘rsatmasida Alekseyda sudorogi boshlangani aytilgan. U og‘ir nafas olar, yo‘talar va ingrardi».
«Qamoqxona nazoratchilari Alekseyni bir kishilik kamerada qoldirib ketishadi», - deydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, koloniya xodimlaridan biri avvaliga panjarani, keyin tashqi eshikni ham yopib, «u orqali Alekseyning azoblanishini kuzatib turgan».
Navalniy tibbiy bo‘lim boshlig‘i tushlikdan qaytganidan keyingina «kameradan tortib olib chiqilgan». «Uning ko‘rsatmasida ham Alekseyning yuzi va qo‘l-oyoqlari tirishgani qayd etilgan. Yo‘lakda ko‘tarib ketishayotganda u xirillay boshladi. Tibbiyot xonasida uni kushetkaga yotqizishdi. Bu vaqtda Aleksey allaqachon behush holda edi», – deya qo‘shimcha qildi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, soat 13:25 da, ya’ni Navalniy o‘zini yomon his qilganidan 40 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tgach, tez yordam chaqirilgan. Tibbiyot bo‘limi boshlig‘i kardiogramma o‘tkazishni boshlaganida, u allaqachon bir nechta yurak tebranishlarini ko‘rsatayotgan edi. 10 daqiqadan so‘ng yetib kelgan tez yordam shifokorlari siyosatchini jonlantirishga urinishadi, ammo bu behuda bo‘ladi.
Soat 14:17 da kardiogramma yurak faoliyatini ko‘rsatishdan to‘xtaydi, soat 14:23 da esa jonlantirishga urinishlar bas qilinadi. Tez yordam shunday tashxis qo‘yadi: sudorogi sindromi, to‘satdan o‘lim sindromi.
Navalnaya siyosatchining o‘limidan keyin olingan tasvirlarni ham ko‘rsatdi – unda poldagi qusish izlari aks etgan.
Yuliya Navalnaya koloniya xodimlari o‘z ko‘rsatmalarida sudorogi haqida gapirganiga e’tibor qaratgan. Sud-tibbiy ekspertizadan olingan ma’lumotnomada esa Navalniyning sudorogisi haqida gap ketmaydi, ammo Alekseyning tirsaklari va tizzalarida o‘limidan 30-40 daqiqa oldin paydo bo‘lgan qontalashlar va boshning tepa qismida qon ketishi qayd etilgan. «Sudorogi zaharlanishdan darak berishi mumkin. Aleksey titrab-qaqshab o‘zini polga urgan – bu izlar shundan paydo bo‘lgan bo‘lsa kerak», – deb hisoblaydi siyosatchining bevasi.
Navalniyning jamoasi qayd etgan yana bir tafsilot shundaki, siyosatchi hayotining so‘nggi kunidagi kamera yozuvlari «go‘yoki mavjud emas», holbuki u qamoq muddati davomida doimiy ravishda tasvirga olib kelingandi. Yuliya Navalnaya ko‘rsatayotgan koloniya sxemasida uning eri saqlangan blokda 63 ta videokamera o‘rnatilganini ko‘rish mumkin.
«Va ularning hech birida yozuv yo‘q», – deydi siyosatchining rafiqasi. Uning taxminicha, bu yozuvlarda Navalniyning o‘limi haqidagi «rasmiy versiyaga umuman to‘g‘ri kelmaydigan nimadir bor».
«Men Vladimir Putin erim Aleksey Navalniyning o‘ldirilishida aybdor deb hisoblayman. Men Rossiya maxsus xizmatlarini taqiqlangan kimyoviy va biologik qurollarni ishlab chiqishda ayblayman. Tadqiqot o‘tkazgan laboratoriyalardan natijalarni e’lon qilishni talab qilaman», – deya so‘zini yakunlaydi u.
Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati Navalnayaning bayonotiga munosabat bildirmadi. Rasmiylar Navalniy koloniyada zo‘ravonlik natijasida halok bo‘lgani haqidagi versiyani muntazam ravishda rad etib kelgan.
2024 yil 15 avgust kuni Navalnaya tergovchilarning erining o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilgandi. Unda Navalniy qandaydir qo‘shma kasallik va aritmiya tufayli vafot etgani aytilgan. Navalnaya tergov yolg‘on gapirayotganini bildirgan. Shifokorlar ham siyosatchida tergovchilar sanab o‘tgan kasalliklar bo‘lganiga shubha bilan qaragan. «Buning yolg‘onligini bilaman», – degandi o‘shanda Navalnaya.
Mavzuga oid
16:10 / 10.03.2026
Navalniy jamoasi jasad yorilishi bo‘yicha materiallarni oshkor qildi
16:35 / 17.02.2026
Kreml Navalniyning zaharlanishi haqidagi ayblovlarni “qat’iy” rad etdi
11:54 / 17.02.2026
15 davlat Navalniyning o‘limini tergov qilishni talab etmoqda
11:04 / 16.02.2026