15 avgust kuni, sust iqtisodiy o‘sish, deflyatsiya va yil davomidagi eksport va importning eng katta pasayishini ko‘rsatgan tushkun iyul statistikasidan bir hafta o‘tgach, Xitoydan sanoat, chakana savdo va investitsiyalar o‘sishi sekinlashishi haqidagi yoqimsiz xabarlarning yana bir to‘lqini keldi.

Ammo statistik ma’lumotlarning yangi qismida eng kutilgan raqam yo‘q edi. Yoshlar ishsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘rniga rasmiylar ular hozircha ochiqlanmasligi haqida bayonot e’lon qildi. Dastlab, ularning to‘plamini «optimallashtirish» kerak, degan Xitoy Davlat statistika qo‘mitasi.

Yoshlar ishsizligining rekord darajada o‘sishi – Xitoy iqtisodiyoti muammolari ramziga aylangani uchun hamma hisobotni intiqlik bilan kutayotgan edi. 2023 yil iyun oyida 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan har besh xitoylikdan biri o‘ziga ish topa olmagan va iyul oyida vaziyat yanada yomonlashganiga iqtisodchilarning ishonchi komil.

Barcha e’tibor dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan Xitoy iqtisodiyotiga qaratilgan, chunki u 2023 yilda, Xitoydagi kovid cheklovlari va Rossiyaning Ukrainaga hujumi hamda Kremlning Yevropa Ittifoqi bilan gaz urushi tufayli Yevropadagi inqiroz bilan esda qolgan og‘ir 2022 yildan keyin, dunyoda ishbilarmonlik faolligini tiklashning motori bo‘lishi kerak edi.

Biroq, Xitoydagi vaziyatni baholash iqtisodchilar uchun kundan kunga qiyinlashib bormoqda.

Faqat yaxshi xabarlar

Xitoyda yoshlar orasidagi ishsizlik darajasi 21 foizdan oshadi. Bu 25 foiz bo‘lishi ham mumkin, ammo buni endi bilib bo‘lmaydi. Suratda Pekin savdo markazida bo‘sh ish o‘rinlari ko‘rgazmasi. Foto: Reuters

Xitoyda allaqachon statistikani yashirish borasida tajriba bor — pandemiya paytida Kommunistik partiya o‘lim holatlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishni to‘xtatgandi. Biroq, iqtisodiy ko‘rsatkichlar, garchi ularni talqin qilish maxsus ko‘nikma va kirish huquqini talab qilsa ham, hozirgacha muntazam ravishda e’lon qilib kelinayotgandi.

Endi, iqtisod sekinlashayotgan, hukumat uni qayta jonlantira olmayotgan va farovonlikning avvalgi o‘sish tempiga qaytolmayotgan bir vaqtda, hukumat ma’lumotlarni tanlab nashr etish va narsalarni o‘z nomi bilan atashni taqiqlash orqali imijni yaxshilashni boshladi.

G‘arb bilan aloqalar uzilgandan keyin kelajagini Xitoy bilan bog‘layotgan qo‘shni Rossiyada ham vaziyat taxminan shunday. Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng, Kreml tashqi savdo, neft va gaz qazib olish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni maxfiylashtirdi va qamoq tahdidi bilan urushni «maxsus harbiy operatsiya» deb atashga majbur qildi. Vladimir Putin Rossiya iqtisodiyotining muvaffaqiyati haqida hisobot beradi, iqtisodchilar esa inqiroz haqida gapiradi va qorong‘i kelajakni bashorat qiladi.