Kiyev uch kunda olinmagani va Putin bilan urushdan oldingi suhbat haqida. Lukashenko ukrain jurnalistga intervyu berdi
Aleksandr Lukashenko ukrainalik kremlparast jurnalist Diana Panchenkoga intervyu berdi. Ikki soatga yaqin davom etgan suhbatda Lukashenko asosan rossiyalik hamkasbi Putin haqida gapirgan.
Diana Panchenko uzoq vaqt Putinning Ukrainadagi odami Viktor Medvedchukka tegishli telekanallarda ishlagan va butun faoliyati davomida asosan Rossiya targ‘iboti bilan shug‘ullangan. Ukraina xavfsizlik xizmati Panchenkoni bu intervyusi orqali Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasini oqlab chiqishda aybladi. Quyida Lukashenkoning suhbatdagi ba’zi iqtiboslar keltiriladi.
Rossiya Ukrainaga Belarus orqali bostirib kirganini tan oldi
Ha, ba’zi qismlar Ukraina chegarasini Belarus orqali bosib o‘tishdi. Yaqinda bu savolga javob berar ekanman, shunday degandim: nega Rossiya Ukraina va Belarus chegarasini Chernobil rayoni orqali bosib o‘tganini Zelenskiydan so‘rang.
Bizni urush boshlanishiga aloqadorlikda ayblashdi. Yo‘q, urush boshlanib bo‘lgandi. Ammo uni ukrainaliklar Belarusga qarshi boshlashgandi. Avvalo, iqtisodiy urush orqali. Nega Putin Kiyev orqali qo‘shinlarni Uzoq Sharqqa olib ketganini ham Zelenskiydan so‘rang, u tezroq javob beradi. Agar meni Putin Kiyev orqali Vladivostokka borishida ayblasangiz, buni Putindan so‘rashingiz mumkin.
Putin bosqinga qaror qilganini qachon bilgandi?
Siz uning televizor orqali murojaatini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, men ham ko‘rdim. U bilan harbiy harakatlar, urush boshlanishi haqida umuman gaplashmaganman. Rossiya Ukrainada nimadir qilishi haqida hech qachon gaplashmaganimizga qasam ichishim ham mumkin.
Faqat hammasi boshlanishidan bir necha kun avval uning shahar tashqarisidagi qarorgohida ko‘rishib, voqealar rivoji haqida gaplashganmiz. Bu haqda birinchi marta gapiryapman. U «Sasha, bilasanmi, mana shunaqa vaziyat, Xudo ko‘rsatmasin nimadir bo‘lsa, unutma, biz ittifoqchilarmiz», dedi. Men hayron qoldim-da, ittifoqchilik haqida kelishuvlarimizni hamma bilishini aytdim. Shunda Putin «Nimadir bo‘lsa, yonimda tur, iltimos», dedi. «Nima bo‘ladi?» deb so‘radim. U esa «Hamma narsa bo‘lishi mumkin», dedi.
Maxsus amaliyot boshlangach, Belarus bunga aralashmasligini aytdim. Lekin biz Rossiyaga orqadan zarba bermasligimiz aniq va bu Putinning iltimosi bilan bog‘liq edi. U katta ehtimol bilan G‘arb orqadan zarba berishidan hayiqqan.
Kiyev uch kunda qulashini aytgani haqida
Bu obrazli qilib aytilgan gap, Rossiya Kiyevni qisqa vaqtda oladi degan ma’noda aytgandim. Bilasizmi, Kiyev atrofidagi Gostomelda bir-ikki oy davomida Rossiya harbiylari turgandi. Bu haqda Putin bilan gaplashganmiz ham. Men urushni yakunlash uchun poytaxtni olish kerakligini aytdim. U esa buni qisqa vaqtda qila olishi, lekin oqibatda juda ko‘p odam halok bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Keyin Rossiya u yerdan (Kiyevdan) ketdi. Ha, o‘zi chiqib ketdi. Hech qanaqa Zelenskiy ularni siqib chiqargani yo‘q, unda aytarli qo‘shin ham yo‘q edi. Shunday ekan, u mavjud bo‘lmagan muvaffaqiyatni qo‘shib yozib xato qilyapti. Putin rus qo‘shinlarini Kiyevdan olib ketganda Zelenskiy yerto‘lada o‘tirgandi.
Putinning maqsadi nima?
U bilan aynan bu haqda gaplashmaganman, lekin bu borada o‘z fikrimni aytishga jur’at qila olaman. Maxsus harbiy amaliyot (Rossiyada urushni shunday atashadi) maqsadlari bugungi kunga kelib bajarib bo‘lindi. Shunisi aniqki, Ukraina endi Rossiyaga qarshi urushdan avval bo‘lgani kabi agressiv munosabatda bo‘la olmaydi.
Putin bilan oxirgi suhbatlarimizda u ikki slavyan millati – ruslar va ukrainlar to‘qnashgani yaxshi ish bo‘lmaganini aytdi. «Axir u yerda hech kim Ukrainani bo‘ysundirish, qul qilish, mustaqilligidan mahrum qilish haqida o‘ylamagandi-ku. Bu bizga kerak emasdi. Ammo bizga muammo tug‘dirmasliklari uchun o‘zimizni munosib tarzda tutishimiz kerak edi», deb qo‘shimcha qildi.
Belarus urushga qo‘shiladimi?
Agar ukrainaliklar bizning chegarani bosib o‘tmasa, biz bu urushda qatnashmaymiz. Ya’ni qaynoq urushga kirmaymiz. Lekin Rossiyaga yordam berishda davom etamiz. Axir bu bizning ittifoqchimiz. Bizning hududimizdagi yadro quroli ham tabiiyki bizga qarshi agressiya bo‘lmasa, ishlatilmaydi. Agar Belarusga nisbatan agressiya bo‘lsa, bizga hujum qilishsa, kutib o‘tirmaymiz ham. Buni to‘xtatish uchun bor qurolimizni ishga solamiz.
«Vagner» isyonidan keyin Putin kuchsizlandimi?
Putin avvalgiday emas, deyishayotgani haqida gapiradigan bo‘lsam, u allaqachon avvalgiday emas. Hozir u Putinning kvadratga ko‘paytirilgan darajasi. Oxirgi voqealar barchamizga saboq bo‘ldi, unga ham. Ha, Putin ortiq avvalgiday emas. Bilib qo‘yishingiz uchun aytaman, hozir u yanada donoroq va ayyorroq.
Prigojinning isyonidan keyin Putin kuchsizlandi degan gap quruq safsata. Shunchaki u diqqatni jamlab harakat qilmoqda. Bizning dushmanlarimiz bilib qo‘ysin, Putinni hech kim ag‘dara olmaydi. Menimcha, Rossiyaning keyingi prezidenti ham Putin bo‘ladi. Yarim yildan keyin saylov, Rossiyada Putinga raqib bo‘ladigan odam yo‘q.
«Vagner» isyoni uni Belarusga kiritish uchun sahnalashtirilgan o‘yin bo‘lganmi?
Faqat ahmoq odamlar buni tashkillashtirilgan deb o‘ylashi mumkin. Hech qanday sahnalashtirish bo‘lgani yo‘q, axir shunaqa katta zarar evaziga nimadir tashkillashtiriladimi? Bu yerga kelishni vagnerchilarning o‘zi ham, rossiyaliklar ham, Putin ham xohlagani yo‘q, buni men taklif qildim. O‘sha vaqtda isyonni, bu yong‘inni to‘xtatish uchun har qanday harakatni qilish kerak edi-da. Chunki isyon amalga oshsa, hammaga qiyin bo‘lardi.
G‘arbdagilar, amerikaliklar avvaliga isyondan xursand bo‘lishdi. Keyin esa o‘zlariga kelib bu variant sodir bo‘lmaganidan quvonishdi. Nega? Chunki ular avvalo yadro qurolidan xavotirga tushishdi. U kimning qo‘liga tushib qolishi mumkin: «Vagner»ningmi? Jyenya Prigojinningmi? Xullas, ko‘p narsa bo‘lib ketishi mumkin edi.
«Putinning tagida yotmagani haqida»
Dunyo haqida gaplashganda biz turli fikrlar bildiramiz. G‘arbda «Lukashenko Putinning tagida yotadi», «U nima desa qiladi», deb uqtirmoqchi bo‘lishadi. Meni yaxshi biladiganlar esa buning deyarli imkoni yo‘qligini tushunadi. Mening xarakterim, qarashlarim bilan bu imkonsiz narsa. U bilan suhbatlarimiz vaqtida qizishib ketgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan.
«Putin aqldan ozmagani» haqida
Putin aqldan ozmagan, bunga 100 foiz kafilman. Nima deyayotganimni tushunib turibman. Unda imperatorlik xayollari borligini ham sezmaganman. Tajribali va aqlli inson sifatida voqealarni tahlil qilib oldinga qaraydi. U shoshmashosharlik bilan hech nima qilmaydi. Bir qadam tashlagandan keyin ortga qaraydi-da, uzoq o‘ylaydi, keyingi qadamni tashlash mumkinmi deb chamalaydi. Anig‘i shuki, u hech kimni o‘ziga bo‘ysundirib qo‘ymagan, safsata bu.
Mavzuga oid
08:37
Sibiga: UQK qanchalik uzoqroq zarba bersa, urush shunchalik tezroq tugaydi
01:38
Lukashenko 21 nafar sobiq kuchishlatar tizimlar vakillarini unvonidan mahrum qildi
01:00
Borrel AQSh Kiyevga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofada Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
22:02 / 18.11.2024