15 iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida klublar o‘rtasidagi jahon chempionati start oladi. Ochilish o‘yinida Messi, Suares, Buskets va Alba kabi taniqli futbolchilar to‘p suradigan «Inter» Mayami Misrning «Al Ahli» jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Quyida esa ushbu musobaqa haqida, uning formati, qaysi jamoalar o‘ynashi va boshqa savollar yuzasidan ma’lumot keltiriladi.

Bu qanday turnir?

2016 yil iyunida FIFA prezidenti Janni Infantino har yili o‘tkaziladigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini kengaytirish va muddatini ham yozga ko‘chirish haqida taklif bilan chiqdi. Avvaliga bu turnir 2021 yilda Xitoyda tashkil qilinishi, unda 24 jamoa qatnashib, har yili emas, keyinchalik xuddi jahon chempionati kabi har 4 yilda o‘tkazilishi kelishib olingandi. Ammo oraga pandemiya tushib, Yevropa va Janubiy Amerika kubogi bahslari ham 2021 yilga ko‘chirilgach, bu loyiha ham kechiktirildi. Keyinchalik jamoalar sonini 32 tagacha oshirish va yangi formatdagi ilk turnirni 2025 yilda o‘tkazish kelishib olindi. 

Tabiiy ravishda bu musobaqaga juda ko‘p tashkilotlar, futbolchilar uyushmasi, ligalar qarshilik qilishdi. Zero, shundoq ham yil davomida juda ko‘p o‘yinlarda maydonga tushadigan futbolchilar uchun bu qo‘shimcha risk, jarohatlar soni keskin oshishi, klublarning mavsumga tayyorgarligiga xalaqit berishi ko‘p bor tilga olindi.

Ammo loyihaning tijoriy tomoni, juda katta mukofot jamg‘armasiga ega ekani klublarni vaziyatga boshqacha qarashga majbur qilgani shubhasiz. Chunki shundoq ham moliyaviy feyr-pley cheklovlari bilan kurashib kelayotgan top-klublar uchun qo‘shimcha sof daromad ayni muddao. Axir ushbu turnirda g‘olib bo‘lgan klub 100 million yevroga yaqin summani qo‘lga kiritishi mumkin. Bu summa misol uchun deyarli barcha (APLdan tashqari) chempionatlarda, hatto Chempionlar Ligasida ham butun mavsum ishtirok etib qo‘lga kiritiladigan mablag‘dan ko‘proq. Nafaqat g‘olib, masalan, Yevropaning shunchaki turnirda qatnashgan bir klubi 15-30 million yevro atrofida mablag‘ ishlab topishi mumkin. Osiyo klubi 9 million yevro atrofida kafolatlangan summani oladi.

Turnirda ishtirok uchun mukofot pullari (mukofot jamg‘armasi 525 million dollar):

  • Yevropa — 12,81 dan 38,19 million dollargacha;
  • Janubiy Amerika — 15,21 million dollar;
  • Shimoliy va Markaziy Amerika — 9,55 million dollar;
  • Osiyo — 9,55 million dollar;