«Luna-25» sayyoralararo avtomatik stansiyasi Oy yuzasi bilan to‘qnashuv oqibatida «o‘z mavjudligini yo‘qotdi», deb xabar berdi «Roskosmos»dagilar 20 avgust kuni — bu Oy missiyasi boshlanganidan 10-kunida ro‘y berdi. Davlat korporatsiyasidagilar ma’lum qilishicha, 19 avgust kuni qo‘nishdan oldingi orbitaga o‘tish chog‘ida «favqulodda vaziyat» ro‘y bergan. Keyingi kuni «Roskosmos» aniqlik kiritib, apparat bilan aloqa yo‘qolganini bildirdi. Korporatsiya mutaxassislari aloqa o‘rnatish va stansiyani topishga muvaffaq bo‘lmagan. Ular apparat «rejadan tashqari orbita»ga chiqib, Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga qulagan, deb hisoblamoqda.

«Luna-25»ning uchirilishi zamonaviy Rossiya tarixidagi birinchi oy missiyasi bo‘lgandi. Stansiya 11 avgust kuni Amur oblastidagi «Vostochnyy» kosmodromidan kosmosga ko‘tarilishni boshlagandi. U oyga 21 avgust kuni qo‘nishi rejalashtirilgandi. Bundan oldingi stansiya — «Luna-24» — 1976 yilda sovetlar tomonidan uchirilgandi. Rejaga ko‘ra, Rossiya apparati Oyga yumshoq qo‘nishi va keyin tabiiy yo‘ldoshning janubiy qutb mintaqasida tadqiqotlar o‘tkazishi va resurslarni, jumladan suv bor yoki yo‘qligini tekshirishi kerak edi.

Stansiya uchirilishidan oldin Xabarovsk o‘lkasida Shaxtinskiy posyolkasi aholisi evakuatsiya qilingandi. Evakuatsiya «Luna-25»ni koinotga olib chiqqan «Soyuz-2. 1b» raketa tashuvchisining birinchi pog‘onasi qulashi xavfi tufayli o‘tkazilgandi. Keyinroq mahalliy aholiga o‘z uylariga qaytishga ruxsat berildi. Raketa tashuvchi parchalari posyolkadan 28 kilometr masofadan topildi.

Missiya davomida rossiyaliklar stansiyasi bir necha tasvirlarni, jumladan Oyning narigi tomonining janubiy qutb hududidagi Zeyeman krateri fotosurati hamda ilmiy ma’lumotlarni yuborishga ulgurdi. Xususan, «Luna-25» asboblari Oy yuzasiga mikrometeorit kelib urilishini qayd etishgan.

Oyning narigi tomonidagi Zeyeman kraterining fotosurati. «Luna-25» stansiyasi bu tasvirni 17 avgust kuni, koinotga chiqarilganidan olti kun o‘tib olgan. Foto: «Roskosmos»

«Luna-25» Hindistonning «Chandrayan-3» missiyasidan o‘zib ketib, Oyning janubiy qutbiga borgan ilk stansiya bo‘lishi mumkin edi.