«PSJ»ga rad javobi berildi, Ispaniyada yana bir rossiyalik. So‘nggi transfer xabarlari
«Siti» yana bir futbolchisi bilan xayrlashmoqda, Ziyosh esa nihoyat o‘ziga yangi klub topdi.
Transferlar dayjestida so‘nggi kunlarda amalga oshgan o‘tishlar, jahon chempionining kutilmagan qarori va «PSJ»ning saxiy taklifi haqida.
«Galatasaroy» «Chelsi»dan Ziyoshni ijaraga oldi
Ziyosh bu transferlar oynasida ham noqulay vaziyatga tushib qoldi. Biroz avvalroq ushbu marokashlik futbolchi Saudiya Arabistoniga o‘tishi kutilayotgandi, ammo tibbiy ko‘rik natijalari muvaffaqiyatsiz chiqdi. «An-Nasr» shifokorlari futbolchining tizzasida muammo borligini aniqlashdi. Qishki transferlar oynasi vaqtida ham uning «PSJ»ga o‘tishi so‘nggi daqiqalarda barbod bo‘lgandi - bunga hujjatlardagi kamchilik sabab sifatida keltirilgandi. Manbalarga ko‘ra, dastlab «PSJ»ga Londondan xato hujjat kelgan. Shundan keyin ko‘klar jamoasi huquqshunoslari xatoni tuzatishgan va shartnomani qaytadan yuborishgan, ammo unda zarur imzolar bo‘lmagan. «Chelsi» xatoni to‘g‘rilab yuborganida esa transferlar oynasi yopilib qolgan. Inglizlar klubi xatolar seriyasini asosiy e’tibor «Benfika»dan argentinalik yarimhimoyachi Enso Fernandesni sotib olishga qaratilgani bilan bog‘lagandi.
Turkiyada esa Ziyosh hech qanday muammoga uchramadi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va shartnomaga imzo chekdi. Kelishuvga ko‘ra, «Galatasaroy» marokashlik futbolchini mavsum oxiriga qadar ijaraga olgan. Shu bilan birga, turklarda uni mavsum yakunida sotib olish huquqi ham bo‘ladi.
Marokashlik futbolchi yangi mavsumda yiliga 3,6 mln yevro maosh oladi. Agar u 2024 yil yozida turk klubi bilan shartnoma imzolasa, maosh miqdori biroz pasayadi — 2,8 mln yevro.
«Al-Hilol» yana bir katta transferni amalga oshirdi
Bu safargi dayjest ham Saudiya Arabistoni ishtirokisiz o‘tmaydi. Yozda «Al-Hilol» tarkibni kuchaytirish uchun bemisl darajada mablag‘ sarflamoqda: jamoaga Malkom, Neymar, Sergey Milinkovich-Savich, Ruben Nevesh, Kalidu Kulibali va Yassin Bunu kelishdi. Endi bu kompaniyaga yana bir serb — hujumchi Aleksandr Mitrovich qo‘shildi. Romano bu transfer saudiyaliklar klubiga kamida 50 mln yevroga tushganini yozgan.
«Fulhem» ham transferni tasdiqlagan, ammo bu taklifni istar-istamay qabul qilganiga, Mitrovichning o‘zi muntazam ravishda ketish istagini bildirib turganiga urg‘u qaratilgan.
Uni tushunish mumkin, 28 yoshli futbolchiga Saudiya Arabistoni yiliga 25 mln yevro miqdorida maosh to‘lanadi.
Mitrovich o‘tgan mavsumda APLning 24 o‘yinida 14 gol urdi, shuningdek Qatardagi jahon chempionatida ishtirok etdi.
Malinovskiy Italiyaga qaytdi
Ukrainalik yarimhimoyachi Ruslan Malinovskiy o‘tgan mavsumni «Atalanta» safida boshlagan, qishda esa «Marsel»ga ketgandi. Fransuz klubi uni keyinroq sotib olish huquqi bilan ijaraga olgandi. Mavsum yakunida «Marsel» ushbu opsiyani ishga tushirdi va 10 mln yevro evaziga futbolchini o‘ziniki qildi. Ukrainalik futbolchi provansalliklar safida o‘tgan mavsumning ikkinchi qismida jami 23 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urgan va bir golga hammualliflik qilgandi. Endi Malinovskiyni Italiyada faoliyatining yangi bosqichi kutmoqda. O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra A Seriyaga qaytgan «Jyenoa» 30 yoshli futbolchini mavsum oxirida sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi. Ruslanga jahon chempioni ustozlik qiladi — Alberto Jilardino 2006 yilda bu titulni qo‘lga kiritgandi.
Zaxaryan rasman «Real Sosedad»ga o‘tdi
Moskvaning «Dinamo» klubi sobiq yarimhimoyachisi Arsen Zaxaryan rasman «Real Sosedad» futbolchisiga aylandi. Ispanlar klubi ushbu 20 yoshli futbolchi transferi haqida rasman e’lon qildi.
Zaxaryan va «Real Sosedad» o‘rtasidagi shartnoma 2029 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, basklar klubi futbolchi uchun moskvaliklar klubiga 13 million yevro to‘lagan, bonuslar ham ko‘zda tutilgan.
Rossiyalik futbolchi Ispaniya klubida 12-raqamli futbolkada to‘p tepadi.
«Real Sosedad»da avval ham rossiyalik futbolchi o‘ynagan, hozirda «Rostov» klubi va Rossiya milliy jamoasi bosh murabbiyi hisoblangan Valeriy Karpin 1994-1996 va 2002-2005 yillarda «Real Sosedad» klubi a’zosi bo‘lgan.
«Barselona» Destni yana ijaraga berib yubordi
2020 yilda «Barselona» Serjino Dest uchun «Ayaks»ga 21 mln yevro to‘lagandi. O‘tgan vaqt ichida amerikalik himoyachi katalonlar klubi libosida jami 72 o‘yinda maydonga tushdi, ammo jamoada muqim o‘rnasha olmadi. O‘tgan mavsumda Dest «Milan»ga ijaraga berilgandi (u Italiya chempionatida 14 o‘yin o‘tkazdi), endi esa 22 yoshli futbolchi Niderlandiyaga qaytdi. Ammo «Ayaks»ga emas, mamlakatning boshqa bir top-klubi — PSV safiga. Eyndhoven klubi uni mavsum yakunida 10 mln yevroga sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan. Darvoqe, PSV, «Ayaks»dan farqli o‘laroq, Chempionlar ligasida o‘ynaydi, hozircha saralash bosqichida ishtirok etadi.
Habi Alonso «Bavariya» himoyachisiga ega bo‘ldi
Stanishich 2017 yildan buyon «Bavariya» tizimida edi. Olti yil o‘tib vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildi. Klub uni ijaraga bergan, endi xorvatiyalik himoyachi oldindagi mavsumni Habi Alonso boshqaruvidagi «Bayyer»da o‘tkazadi. 23 yoshda bo‘lgan Yosip shu vaqtgacha «Bavariya»ning asosiy jamoasida 41-o‘yinda maydonga tushgan (shundan 23 o‘yin — o‘tgan mavsumga to‘g‘ri keladi). Transferdan keyin «Bayyer» sport direktori Simon Rolfes ushbu futbolchi ikki oyoqda ham birdek o‘ynay olishi va himoyada bir necha pozitsiyani yopishi mumkinligini e’tirof etdi.
«Ayaks» JCh-2022 sovrindorini safga qo‘shib oldi
Xorvatiyaning uch karra chempioni faoliyatida ilk bor xorijda to‘p suradi. 23 yoshli himoyachi Yosip Shutalo «Ayaks» taklifini qabul qildi, Zagrebning «Dinamo» klubi esa 20,5 mln yevro oladi. Bu barcha tomonlarni qoniqtiruvchi kelishuv bo‘ldi. Bu mavsumda Shutalo barcha turnirlar doirasida yetti o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi va bir gol urdi. Uning transferi xorvatlar klubi Chempionlar ligasi saralash bosqichini tark etganidan keyin e’lon qilindi. «Ayaks» ham bu mavsumda Yevropaning eng nufuzli turnirida qatnashmaydi. Amsterdamliklar o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra yo‘llanmaga ega bo‘la olmagan. O‘tgan yil oxirida Shutalo Qatardagi jahon chempionatida bronza medal sovrindori bo‘lgandi, u mundialda milliy jamoaning faqat o‘yinida qatnashgan.
«Lans» katta pulga hujumchi oldi
«Lans» markazi hujumchi uchun yaxshigina mablag‘ (35 mln yevro) sarfladi. 20 yoshli Ele Vai uzoq muddatli shartnoma tuzdi — 2028 yilgacha. Ushbu yigitcha o‘tgan mavsumda «Monpele» safida ajoyib statistika qayd etgandi — Fransiya chempionatining 33 o‘yinida 19 gol. Bu orqali u APL va Bundesliga klublari, jumladan «Chelsi», «Vest Hem» va «Ayntraxt» nazariga tushgandi.
«Lans» tez orada Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi o‘yinlarini boshlaydi va jamoa yangi futbolchilar uchun allaqachon 60 mln yevro sarflab bo‘ldi. Shu bilan birga to‘purari Lua Opendani yo‘qotdi, u «RB Leypsig» safiga borib qo‘shilgan. Aftidan, Vai aynan ushbu forvard o‘rnini to‘ldirish uchun olib kelindi.
AQSh milliy jamoasi a’zosi APLga qaytdi
Amerikalik yarimhimoyachi Tayler Adams o‘tgan haftada «Chelsi» futbolchisi sifatida e’lon qilinishi kutilgandi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi to‘liq tibbiy ko‘rikdan ham o‘tgandi, ammo London klubi bosslari fikrini o‘zgartirdi. Ular tayanch zonasi uchun Moyses Kaysedo va Romeo Laviani olib kelishga qaror qilishgandi. Natijada Adams bu mavsumda Chempionshipda qatnashayotgan «Lids»ga qaytib ketdi. Ammo u bu klubda ko‘p vaqt ushlanib qolmadi — bir necha kun o‘tib uni «Bornmut» sotib oldi. APL ishtirokchisi ushbu futbolchi uchun 26,9 mln yevroning bahridan o‘tgan.
«PSJ» Kolo Muani bo‘yicha muzokaralarda muammoga duch keldi
«Ayntraxt» hujumchisi Randal Kolo Muani «PSJ» bilan besh yillik shartnoma bo‘yicha kelishib qo‘ygandi. Harholda matbuotda shunday yozishayotgandi, faqat «Ayntraxt» bilan kelishish qolgandi. Lekin shundan keyin oldinga siljish bo‘lmay qoldi. Parijliklar JCh-2022 kumush medali sovrindori transferi bo‘yicha ilk taklifni yuborgan — 65 mln yevro. Ammo «Ayntraxt» darhol rad javobini qaytargan.
Bu «PSJ»ga kelishuv bo‘yicha ilk rad javobi emas. Masalan, Kilian Mbappe bu yozda shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘lmayapti. Darvoqe, Kolo Muani bundesliganing 1-turida «Darmshtadt»ga qarshi kechgan o‘yinda (1:0) maydonga chiqdi va g‘alaba golini urdi.
Laport «Manchester Siti»ni Saudiya Arabistoniga almashmoqda
«Manchester Siti» safida markaziy himoyachilar soni yetarlicha. Endi ularning soni bittaga kamaymoqda. Emerik Laport yaqin vaqtlar ichida «An-Nasr» bilan shartnoma imzolab, Krishtianu Ronaldu va Sadio Manega jamoadosh bo‘ladi. Insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, «Man Siti» bu transferdan taxminan 30 mln yevro ishlab oladi, futbolchi esa 2026 yilga qadar amal qiluvchi shartnomaga ega bo‘ladi. Laport shartnoma bo‘yicha ham kelishib qo‘ygan, unga ko‘ra yiliga 20 mln yevro oladi. Transfer rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.
Jahon chempioni APL autsayderi tarkibini to‘ldiradi
O‘tgan yil oxirida «Sevilya» himoyachisi Gonsalo Montiyel jahon chempioni bo‘lgandi. Mavsum yakunida argentinalik futbolchi klubi bilan Yevropa Ligasida muvaffaqiyat qozongandi. Endi esa APLga kelmoqda, ammo autsayder klub safiga. Romanoning tasdiqlashicha, «Nottinghem Forest» futbolchini 12 mln yevroga transfer qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 21 avgust kuni Montiyel tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, shundan keyin uning tanishtiruv marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan. «Nottinghem» o‘tgan mavsumda juda ko‘p yangi futbolchilarni safga qo‘shib olgan (30 nafarga yaqin), ammo katta qiyinchilik bilan APLda qola olgandi.
Ozmunga «Milan» qiziqmoqda
«Milan» «Bayyer» forvardi Serdar Ozmunga qiziqish bildirmoqda. Sky nashri insayderi Florian Pletterbergga ko‘ra, italyanlar klubi 28 yoshli eronlikni sotib olishga urinib ko‘radi va futbolchining o‘zi ham kuchini Italiyada sinab ko‘rishga qarshi emas.
Qayd etilishicha, klublar o‘rtasidagi muzokaralar endigina boshlangan, hozircha biror kelishuvga erishilmagan.
Avvalroq «Zenit» eronlik forvardni qaytarmoqchi ekani haqida xabarlar chiqqandi. U bu klub safida 2019 yildan 2022 yilga qadar muvaffaqiyatli to‘p surgan. Keyinroq uning agenti Rossiya klubi bilan muzokara o‘tkazilmayotganini ma’lum qildi.
O‘tgan mavsumda Ozmun «Bayyer» safida 33 o‘yinda maydonga tushib, «gol+pas» tizimida 8 (4+4) ochko to‘pladi.
«Portu» yarimhimoyachisini «An-Nasr»ga sotadi
«Portu» yarimhimoyachisi Otavio ham Saudiya Arabistoniga yo‘l oladi va bu transferdan 60 mln yevro ishlab oladi. Shu bilan birga, «Aln-Nasr» bu summani bitta emas, bir necha transh orqali to‘laydi. Tomonlar hozirda hujjatlarni ko‘rib chiqmoqda, shundan keyin futbolchi Osiyoga keladi va yangi klubi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. OAVga ko‘ra, 28 yoshli futbolchining yillik maoshi miqdori 15 mln yevroni tashkil etadi. O‘tgan mavsumda Otavio portugallar klubining 44-o‘yinida maydonga tushib, yetti gol urgan va 13 golga uzatma bergan.
Tavsiya etamiz
Bojlarni muzlatgan Tramp, urushdan sillasi qurigan Sudan – hafta dayjesti
Jahon | 12:50 / 13.04.2025
Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?
O‘zbekiston | 10:00 / 12.04.2025
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi
O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2025
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQSh Rossiyaning Sumiga zarbasini qoralovchi G7 rezolyutsiyasini blokladi
Jahon | 19:41
-
Rossiyada «Ko‘k kit» o‘yini asoschisi 9 yilga qamaldi
Jahon | 19:39
-
Inflatsiyani o‘lchash: narxlar qanday kuzatiladi?
O‘zbekiston | 19:31
-
Iroqda kuchli qum bo‘ronlari kuzatilmoqda. Mamlakatda aviaqatnovlar to‘xtatildi
Jahon | 19:09
Mavzuga oid

15:30 / 01.04.2025
Yozda top-klublar «talashishi» kutilayotgan 11 hujumchi

18:32 / 25.03.2025
Trent yozda «Real»ga o‘tadi

14:17 / 06.09.2024
Transfer oynasi sarhisobi: Top-15 klublarning yozgi kampaniyasi reytingi

18:33 / 30.08.2024