O‘zbekiston | 13:36 / 22.08.2023
6653
3 daqiqa o‘qiladi

Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutasaddisi davlat manfaatlariga juda katta zarar yetkazgani aniqlandi

Mutasaddi noqonuniy tarzda Degrez suv omboridan suv chiqarib yuborgan. Oqibatda baliq yetishtiruvchi MChJ hamda suv omboriga kirish qismi va sharsharasiga katta miqdorda zarar yetgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Oltinsoy Golden Invest” MChJ rahbari boqayotgan baliqlari nobud bo‘lgani haqida murojaat yo‘llagan. Uning murojaati viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan.

Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari A.X.ning topshirig‘i bilan 2023 yil 18 iyundan 2023 yil 26 iyungacha Degrez suv omboridan 2 mln 970 ming kub suv Po‘stin kanaliga chiqarib yuborilgan.

Oqibatda baliqlar nobud bo‘lib, 2019 yildan buyon qonuniy tarzda ishlab kelayotgan MChJ manfaatlari va hayvonot dunyosiga 50 mln 688 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, A.X.ning topshirig‘i bilan Oltinsoy-Hazarbog‘ kanalidan Po‘stin kanaliga 2023 yil 6 mayda sekundiga 12 metr kub suv ochilgan. Oqibatda “SURXON-TEXNO” MChJ tomonidan 2023 yil aprel-may oylarida Degrez suv omboriga kirish qismi va undagi sharsharada amalga oshirilgan qurilishning beton qismi qotmagani bois qurilish obektini suv yuvib, yaroqsiz holatga keltirgan.

Shuningdek, “SURXON-TEXNO” MChJ tomonidan mazkur obektda 2023 yil may oyida qayta qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Shunda betonning loyihaviy rusumiga javob beruvchi qotish muddati kamida 28 kunni tashkil etsa-da, A.X. ning topshirig‘i bilan 2023 yil 5 iyun kunida yana Po‘stin kanaliga sekundiga 11 metr kub suv ochilgan. Oqibatda, hali yaxshi qotmagan betonni suv yuvib ketib, obektni butunlay yaroqsiz holatga keltirgan.

Yuqoridagi ikkita holatda Po‘stin kanaliga suv ochilib, “SURXON-TEXNO” MChJ tomonidan Degrez suv omboriga kirish qismi va undagi sharsharada qayta 206 mln 66 ming 235 so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi natijasida jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Shu bilan birga, A.X. mansab vakolatini suiiste’mol qilib, suvni ochish haqida noqonuniy topshiriqlar bergani oqibatida Degrez suv omboriga kirish qismi va undagi sharsharadagi qurilish-ta’mirlash ishlarining yakuniga yetish muddati sun’iy ravishda oshib ketib, suv omboriga yetarli suv zaxirasi yig‘ilmagan.

Oqibatda, 2023 yilda Sho‘rchi tumani Mustaqillik-10 hududida 155 gektar, Dalvarzin hududida 130 gektar, Ijtimoiy hududida 95 gektar, Yalti hududida 23 gektar, jami 403 gektar yer maydoniga rejalashtirilgan takroriy ekinlarni ekish imkoni bo‘lmasdan, davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2023 yil 19 avgustda Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari A.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-modda 2-qismi “a” bandi va 202-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasi organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid