O‘zbekiston | 18:30 / 23.08.2023
4142
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidenti Ozarboyjonning Fuzuliy shahriga bordi

Davlat rahbari Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochilishida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga davlat tashrifining ikkinchi kuni rafiqasi bilan birga Fuzuliy shahriga bordi. Oliy martabali mehmonlarni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi kutib oldi.

Shahar buyuk ozarboyjon shoiri va mutafakkiri Muhammad Fuzuliy sharafiga nomlangan. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarigacha Fuzuliy tumanida sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojlangan. Bu yerda kutubxonalar, madaniyat uylari, muzeylar, teatrlar, bog‘lar va boshqa madaniy obektlar faoliyat yuritgan.

1993 yildan 2020 yilga qadar Fuzuliy shahri va viloyatning katta qismi armanlar nazorati ostida bo‘lgan. 2020 yil 17 oktyabrda Fuzuliy Ozarboyjon nazoratiga qaytdi. Shundan so‘ng, shaharda keng ko‘lamli tiklash va qurilish ishlari boshlandi. Shaharda xalqaro aeroport, zamonaviy turar-joy majmuasi, tibbiyot va ta’lim muassasalari qurib bitkazildi. Fuzuliyni tiklash ishlarini 2026 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

2023 yil iyul oyida prezident Ilhom Aliyev 17 oktyabrni Fuzuliy shahri kuni deb belgilab, uni har yili tantanali ravishda nishonlash haqidagi qarorga imzo chekdi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Fuzuliy shahrida 960 o‘rinli Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabning ochilish tadbirida ishtirok etgani, so‘ngra, Ozarboyjon va O‘zbekiston rahbarlari shahar aholisi bilan ham uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid