Jahon | 15:13 / 23.08.2023
7102
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Nazarboyev kutubxonasi o‘rniga Prezident markazi barpo etiladi

Qozog‘istonda Ochiq budjet portalida birinchi prezident Nursulton Nazarboyev nomiga atalgan axborot-mafkuraviy majmuaning keyingi ishlashini ta’minlashga qaratilgan loyihaning ochiq muhokamasi yakunlandi.

Qozog‘istonning birinchi prezidenti kutubxonasi. Foto: tengrinews.kz

2023 yil boshida Qozog‘istonda «Birinchi prezident — Elboshi to‘g‘risida» qonun uz kuchini yo‘qotgan. Yana shunisi ma’lumki, sobiq prezidentning devonxonasi va kutubxonasini moliyalashtirish qisqartirilgan. Yaqinda Nazarboyev o‘z nomidagi oliygoh, maktab va jamg‘armaning vasiylik kengashi rahbari statusidan ham mahrum bo‘ldi, deb yozadi Orda.kz.

Tahririyat ixtiyoriga kelgusida bu tashkilotlarni nimalar kutayotganiga aniqlik kirituvchi hujjat kelib tushgan.

2023 yilning 19 iyunida Nazarboyev nomidagi kutubxonaga yangi maqsad o‘ylab topildi — arxiv va muzey ishini tashkil qilish, Nursulton Nazarboyevning yaratuvchanlik va ijodiy g‘oyalari va tashabbuslarini informatsion va imijli targ‘ib qilish. Buning uchun budjet dasturi rahbari — sobiq prezident devonxonasi rahbari o‘rinbosari Asqar Moldagirinov avvalgilaridan kattaroq budjet so‘ragan.

Masalan, 2022 yilda kutubxona budjeti xarajatlari 962,97 mln, 2023 yilda esa 958,2 million tangani tashkil etgan. Keyingi yillarda quyidagicha budjet talab qilingan:

2024 yilda – 1 195 450 000 tanga;

2025 yilda – 1 328 275 000 tanga;

2026 yilda – 1 338 684 000 tanga.

Hisobotda yozilishicha, bu loyiha va takliflarga rozilik bildirib yoki rad etib ovozlar berilmagani qayd etilgan. Loyiha shu ko‘rinishda qabul qilinishi ham hozircha noma’lum.

Bu ochiq ma’lumotlardan kelib chiqilsa, 2015 yilda Kutubxona buxgalteriyasi 75,9 mln tanga soliq to‘lagan. Eng ko‘p ajratmalar 2020 yilda ro‘y bergan — 104 mln tanga. 2021 yildan bu davlat muassasasiga Baqitjan Temirbo‘lat rahbarlik qilib keladi.

Nazarboyev universiteti. Foto: bizmedia.kz

Qayd etish joizki, yil boshida Nazarboyev devonxonasiga (bu mutlaqo boshqa tashkilot) respublika budjetidan 1,678 mlrd tanga ajratish ko‘zda tutilgandi. Kelgusi yilda 1,994 mlrd, 2025 yilda 2,154 mlrd tanga ajratish niyat qilingandi. Biroq iyul oyida bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri Yerulan Jamaubayev Majlisda jurnalistlarning savollariga javob bera turib, Birinchi prezident devonxonasi tugatilishini aytgan. Jamaubayev devonxona xodimlari nima qilishiga ham aniqlik kiritgan.

«Ayni paytda mazkur ofisni qayta tuzish ishlari ketmoqda. Odamlarning bir qismi boshqa tashkilotlarga o‘tkaziladi, bir qismi qisqartiriladi. Devonxona bu ko‘rinishda mavjud bo‘lmaydi. U qayta tuzish bosqichida. Fikrimcha, bir-bir yarim oy ichida masala yechiladi», — degan u.

Devonxona budjetini qayta ko‘rib chiqish masalasi bo‘yicha ochiq e’lon qilingan ma’lumotlar yo‘q.

Ma’lumot uchun: Nazarboyev kutubxonasi arxiv, muzey, madaniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot markazi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. U Nazarboyevning 2014 yilning 13 mart kungi farmoni bilan tuzilgan.

Birinchi prezident devonxonasining maqsadi esa Nursulton Nazarboyev faoliyati hamda uning statusining sifatli va tezkor informatsiya-tahliliy, hujjatli, tashkiliy-protokolli va boshqa ta’minotini yo‘lga qo‘yishdan iborat. 

Mavzuga oid