Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz Putin bilan ajoyib suhbat qurdik» - Maskni Amerikaning «soyadagi rahbari»ga qiyoslashmoqda
Ilon Mask Pentagon mulozimlariga Rossiya prezidenti bilan qanday gaplashganini aytib bergan va bunday suhbat katta ehtimol bilan faqat bir martagina bo‘lmagan.
«Sayyoradagi eng boy odam va AQShning asosiy biznesmeni Ilon Mask AQSh xavfsizligi va farovonligi uchun muhim shaxs bo‘lib bormoqda, bu esa Oq uy va Pentagonni tobora xavotirga solyapti», deb yozadi Amerikaning nufuzli New Yorker jurnali.
Maqola ustida bir yil davomida ishlagan jurnalist Ronan Farrou Mask o‘zi Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan ta’minlagan Ukrainaga qilgan bosqinidan keyin ham Vladimir Putin bilan gaplashgani va Pentagon qanday qilib bitta xususiy shaxsning irodasiga bog‘lanib qolganini bilib olgan.
Va faqat Pentagongina emas.
«Oxirgi 20 yil davomida infratuzilma tanazzulga uchrashi va institutlarga bo‘lgan ishonch yomonlashuvi fonida Mask, davlat allaqachon xususiylashtirgan va chiqib ketgan strategik sohalarda biznes qildi. Amerika hukumati Maskka tayanishga majbur, ammo hozircha uning injiqliklari, tavakkalchilik va mojarolariga moyilligiga qanday chora ko‘rishni bilmaydi», deyiladi New Yorker maqolasida.
«NASA, Mudofaa va Transport vazirligi, Federal aviatsiya boshqarmasi va Mehnatni muhofaza qilish boshqarmasining amaldagi va sobiq amaldorlari menga endilikda Maskning ta’siridan qochib qutulib bo‘lmasligini aytishdi va ularning ba’zilari hatto uni hukumatning maxfiy vakili sifatida qabul qilishlarini tan oldi», deb yozadi Farrou.
Bu Amerika nashrlari Maskning o‘sib borayotgan ta’sirini Jo Bayden ma’muriyati uchun bosh og‘riq deb atagan birinchi maqola emas. Bloomberg muxbirlari «Qanday qilib Ilon Maskning global imperiyasi uni Vashington uchun dolzarb muammoga aylantirdi?» deb nomlangan katta maqolasida Maskning maqomi prezident maqomiga yaqinlashayotganini yozgan.
«Bayden ma’muriyatining ba’zi yuqori martabali amaldorlari ulkan biznes imperiyasi, mislsiz boyligi va siyosiy aloqalari tufayli Maskka deyarli tegib bo‘lmaydi, deb qo‘rqishadi. U bir tomonlama qaror qiladi, masalan, Ukraina Starlink’dan qayerda va qanday foydalanishi mumkinligini u hal qiladi va bu Pentagon pudratchisining emas, balki prezidentlikning vakolatidir», deb yozadi Bloomberg.
Mask unga milliardlar bergan kuchdan foydalanishdan tortinmaydi. Va u AQSh pozitsiyasini ilgari surishdan uzoq.
«Amerika tashqi siyosati yo‘nalishiga teskari o‘laroq, Mask Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha rossiyaparast reja va Pekinda olqishlarga sazovor bo‘lgan Tayvanni Xitoy bilan birlashtirish g‘oyasi bilan chiqdi», deb yozadi Bloomberg.
AQShning raqiblari nazariy jihatdan Maskka uning biznes imperiyasi orqali ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Maskka tegishli Tesla avtomobillarining yarmidan ko‘pi Xitoyda yig‘iladi. U Twitter (hozir X)ni sotib olish uchun pulni Yaqin Sharqdan yig‘di.
Maskning AQShdagi yana bir strategik tashkiloti — SpaceX kosmik kompaniyasidir. Mask urushdan taxminan bir yil oldin Putin bilan koinot masalasini muhokama qilganini tan oldi. Va keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin u bilan gaplashishni rad etdi.
Biroq New Yorker nashrining ta’kidlashicha, aloqa davom etgan va 2022 yil oktyabr oyida o‘zaro suhbat bo‘lib o‘tgan. Bu haqda jurnalga o‘sha paytda AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Kolin Kal xabar bergan.
Kal Maskka u bilan Ukraina armiyasi uchun Starlink xizmatlarini taqdim etish bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilish uchun qo‘ng‘iroq qilgan.
«Telefonda Mask noutbukiga qarayotgani va Starlink faolligi xaritasida «urushning butun jarayoni»ni ko‘rayotganini aytdi. Va uch daqiqadan so‘ng u «Biz Putin bilan ajoyib suhbat qurdik» dedi», degan Kal.
«Va shu yerda hammamiz o‘ylab qoldik: «Xo‘sh-xo‘sh, mana bu endi yoqimsiz», deya qo‘shimcha qilgan New Yorker nashri manbasi.