The Telegraph gazetasi o‘z saytida yakshanba, 30 noyabr kuni yozishicha, so‘nggi yillarda Rossiya Afrikadagi oltin savdosida tobora faollashmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, oltin, kriptovalutalar bilan birga, Rossiya iqtisodiyotini Ukrainadagi urush davrida qo‘llab-quvvatlash manbalaridan biri hisoblanadi.

G‘arb sanksiyalari, jumladan yirik rus neft kompaniyalariga qarshi qaratilgan cheklovlar sharoitida, oltin Rossiya uchun Ukrainadagi urushni moliyalashtirishning muhim manbai bo‘lib qolmoqda, deb ta’kidlaydi The Telegraph. «Oltinni jismonan tashish oson <…>, uni qayta eritish oson, kelib chiqish manbasini yashirish oson va yaxshi yo‘lga qo‘yilgan qora bozorlarda uni “yuvish” ham oson», — deya tushuntirdi maqola mualliflari.

Nashr jurnalistlari, shuningdek, 2025 yil boshidagi «Ilg‘or mudofaa tadqiqotlari markazi» (Center for Advanced Defense Studies) xulosalariga ham tayanadi. O‘shanda tadqiqotchilar Moskva Eronga harbiy dronlar ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratishga ko‘rsatgan yordami uchun oltin quymalarida to‘lov qilganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, xabar qilinishicha, Rossiya Shimoliy Koreyadan xarid qilingan qurol uchun ham oltinda hisob-kitob qilgan.

DW bilan suhbatda «Transperensi Interneshnl – Rossiya» (TI-Rossiya) tashkilotining Dirty Money yo‘nalishi rahbari Vladislav Netyayevning aytishicha, ehtimol, Rossiya haqiqatdan ham ikki xil qo‘llanishi mumkin bo‘lgan tovarlar (dual-use) va harbiy sohadagi mahsulotlar uchun oltin bilan to‘lov qilmoqda, «ayniqsa, agar gap Shimoliy Koreya bilan operatsiyalar haqida borayotgan bo‘lsa». «Xuddi shu model kriptovalutalar orqali bunday yetkazib berishlar uchun hisob-kitob qilishda ham qo‘llanyapti, — deya davom etdi ekspert. — The Telegraph, shuningdek, jahon oltin narxlarining keskin o‘sishini asosli ravishda qayd etdi: bunday sharoit Rossiyani oltindan xalqaro hisob-kitoblarda ham, boshqa iqtisodiy faoliyatlarda ham ko‘proq foydalanishga undashi mumkin».

Shu bilan birga, Netyayev ta’kidlashicha, 2022 yil boshidan buyon Afrikadan Rossiyaga eksport qilingan oltin qiymati 2,5 milliard dollar deb baholanmoqda, bu YeIda muzlatilgan rus aktivlarining taxminan 1 foizi miqdoriga to‘g‘ri keladi: «Ayonki, bunday hajmlar urushni moliyalashtirish uchun sezilarli manba bo‘la olmaydi».

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR)dagi bir qator oltin konlarini hozirda Rossiya bilan bog‘liq, «Vagner» XHKning «merosxo‘rlari»ga aylangan tuzilmalar nazorat qilmoqda. Oltin sotuvi ustidan nazoratni saqlab qolish maqsadida bu yollanma jangchilar qotilliklarga qo‘l urayotgani haqida ham da’volar borligini The Telegraph ularga qaratilgan ayblovlarni keltirgan holda yozadi.